AsosiyJAMIYAT

Pensionerlar kartadagi pulini naqdlashtirishsa, nega foiz ushlanyapti?

Tahririyatimizga ishlovchi pensionerlardan "Pensionerlar uchun berilgan plastik kartadan m...

'Pensionerlar kartadagi pulini naqdlashtirishsa, nega foiz ushlanyapti?'ning rasmi

Tahririyatimizga ishlovchi pensionerlardan "Pensionerlar uchun berilgan plastik kartadan mablag`ni bankomat orqali naqdlashtirish xizmati uchun  komission to`lovlar belgilanmayotgandi. Ma`lum muddatdan so`ng komission to`lov olib qolina boshlandi. Pensionerlarga bu borada imtiyoz bor emasmidi?" degan mazmunda ko`plab murojaatlar bo`lyapti. Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki To`lov tizimlari departamentining To`lov infratuzilmalarini rivoj­lantirish boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Xushvaqt AZIZOV bilan bog`landik...

— Markaziy bank tomonidan FAQATGINA pensio­nerlar uchun bank kartalaridagi mablag`larni istalgan tijorat bankiga tegishli bankomatlar orqali echishda foiz olinmasligi bo`yicha tijorat banklariga ko`rsatma berilgan. Banklar mustaqil tijorat tashkiloti bo`lib, bankomatlarga naqd pullarni etkazish ham ma`lum bir sarf-xarajatlarni talab etadi.

Ishlovchi pensionerlarga bunday tartib AMAL QILMAYDI. Sababi, ular o`zi ishlab turgan tashkilotidan berilgan bank kartalaridan ham foydalanishadi. Ushbu kartaga ham oylik ish haqi, ham pensiya mablag`lari kirim qilinadi.

Bankomatlarga joylanadigan pul sig`imi cheklanganligi va aholiga bankomatlardagi naqd pullarning uzluksizligini ta`minlash talab etiladi. Ya`ni, ishlovchi pensioner katta miqdordagi naqd pulni echib olishi natijasida boshqa shaxslar yana bankomatni to`ldirib ketishlariga qadar kutib qolishlariga sabab bo`ladi.

— Pensiya puli uchun alohida plastik kartalar tarqatilgan-ku?!

— Ishlovchi pensioner o`z ish haqi tushadigan bank kartasidan pensiya pullarini olish uchun ochilgan kartaga pul o`tkazib echib olishi ehtimoli yuqori-da. Ya`ni, hozirgi kunda kartadan kartaga pul ko`chirish imkoniyati mavjud. Bu holda HUMO to`lov tizimi kartalari bo`yicha kartadan kartaga pul mablag`lari vositachilik to`lovisiz amalga oshirilmoqda. Shu bois adolat mezoni buzilmasligi uchun har qanday ehtimol hisobga olingan.

— Shunday ekan, minimal va maksimal pensiyani hisobga olib, oltin o`rtalikni tanlab, 1 oyda 
1 marta belgilangan limit bo`yicha ishlovchi pensionerlarga ham pensiyasini bankomatdan foizsiz echadigan tartib joriy qilsa adolatdan bo`lmaydimi?

— Yo`q, unday cheklov o`rnatish imkoniyati murakkab jarayon hisoblanadi. Zarurat yuzasidan betob bo`lib qolishi yoki favqulodda naqd pul kerak bo`lib qolishi mumkin. Deylik, limitidan foydalanib bo`lgan. Zarur mablag`ni yana qayta olish uchun esa sarson bo`lib qoladi. Bunday amaliyot jahonda yo`q. Bankomat nima uchun kerak? Odamga har qadamda istalgan vaqtda: kechayu-kunduz farqi yo`q, naqd pul kerak bo`lib qolganda joniga oro kirish uchun kerak.

                                                   BANK KASSALARI BUNDAN MUSTASNO, Ya`NI...

— Shu o`rinda barcha pensionerlarimizga murojaat qilib shuni aytmoqchimizki, naqd pul echishda bankomatlardan tashqari o`zlariga tegishli bank kassalariga ham murojaat etishlari va foizsiz naqd pul echib olishlari mumkin. Ishlovchi pensionerlar ham bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin. O`zlariga yaqin bo`lgan hududdagi bank kassalariga tashrif buyurgan holda bank kartalaridagi mablag`ni naqdlashtirib olish imkoniyatiga egalar.

Shuningdek, bank kartalaridagi mablag`lar orqali respublikamizdagi mavjud barcha savdo va xizmat ko`rsatish punktlarida o`rnatilgan to`lov terminallari orqali to`lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish imkoniyati mavjud. Zero O`zbekiston Respublikasining “To`lovlar va to`lov tizimlari to`g`risida”gi qonuni 36-moddasiga asosan tovarlar va xizmatlarni chakana realizasiya qilishni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar to`lovlarning bank kartalaridan foydalangan holda qabul qilinishini ta`minlashi shartligi belgilangan.

Shu bilan birga alohida qayd etish joizki, Prezidentimiz rahbarligida 2020 yil 13 mayda o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida qabul qilingan qarorga muvofiq, pensionerlarning murojaatlari inobatga olinib Xalq banki tomonidan bundan buyon pensiya va nafaqa to`lovlari karantin qoidalariga amal qilingan holda naqd pulda berilishi ta`minlanadigan bo`ldi.

ESLATMA!

Pensiya va nafaqa bilan bog`liq savollaringiz bo`lsa, kechayu kunduz ishlayotgan 1106 yoki (71) 210-20-02 “Ishonch telefonlari”ga qo`ng`iroq qilishingiz mumkin. Shuningdek, Markaziy bankning barcha hududiy filiallariga ham telefon orqali murojaat qilishingiz mumkin.

 

DARVOQE...

Tahririyatimiz ham aynan shu mavzu bo`yicha savol va e`tirozlaringizni haftaning dushanbadan jumaga qadar soat 10:00 dan 16:00 gacha  (+99895) 194-64-16 telefon raqami va shu raqam orqali telegram manzilda qabul qilinadi.

                                                                                                                                                 Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar