So`nggi ilmiy tadqiqotlar shuni ko`rsatmoqdaki, koronavirusning tajovuzkorligi borgan sari pasaymoqda. Bu esa, COVID-19 pandemiyasining ikkinchi to`lqini bo`lmasligiga umid uyg`otadi, deydi taniqli italiyalik virusolog, Milandagi Vita-Salute San Raffaele universiteti prorektori Massimo Klementi.
“Shifokorlarimiz may oyida kasallik tarqalishining tezlik bilan susayotganiga e`tibor berishgan edi. Bu erda gap nafaqat kasallanayotganlar sonining kamayib borayotgani haqda bormoqda, balki tezkor davolash bo`limida davolanishi talab qilingan, jumladan, o`pkasi shamollagan kasallar soni ham qisqargani nazarda tutilmoqda. Biroq uyda davolasa bo`ladigan koronavirusga chalingan bemorlar soni ko`paygan”, - dedi professor.
Klementining ta`kidlashicha, klinik manzaraning bu qadar jiddiy o`zgargani o`zining ilmiy izohini talab qilmoqda.
“Biz kichikroq tadqiqot o`tkazdik, unda 15 martdan 15 aprelgacha kasalxonaga yotqizilgan 100 foiz bemorni may oyining ikkinchi yarmida kasalxonaga yotqizilgan 100 foiz bemor bilan solishtirib ko`rdik. Natijada shu narsa ma`lum bo`ldiki, dastlabki davrdagi virus keltirib chiqarayotgan kasalliklarning og`irlik darajasi may oyining ikkinchi yarmidagiga qaraganda 10 barobarga yuqori bo`lgan. Ushbu natija juda muhim ahamiyatga ega”, - deya ta`kidlaydi olim.
Klementining fikricha, klinik manzaraning yaxshilanishi virus tahdidining sezilarli ravishda pasayib borayotgani bilan birga kechmoqda, bu bizga koronavirus ortga chekinmoqda, deb xulosa chiqarishimizga asos bo`layotir. “To`g`ri, hozir ushbu xulosani ishonch bilan ta`kidlay olmaymiz, biroq farazamiz shuki, voqealar rivoji shunga qarab bormoqda”, - deydi u.
Olimning ta`kidlashicha, Virusning kuchsizlanishi haqidagi xulosani, epidemiyaning turli bosqichlarida turgan, ko`plab mamlakatlardan kelgan ma`lumotlar ham tasdiqlamoqda. U shuningdek, yaqinda London shahrida bir guruh olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalarini ham esladi. Londonlik olimlar Xitoy, Evropa va AQShda aniqlangan virus genomining turli sekvensiyasini o`rganib, pandemiyaning turli bosqichlarini tahlil qilib ko`rishgan.
"Britaniyalik hamkasblarimiz shu narsani aniqlashdiki, virus genomining mutasiyalashadigan alohida bir hududi bo`lar ekan. Gap gomoplaziya deb nomlangan fenomen haqida bormoqda. Bu esa, virus juda qayishqoq va inson organizmiga turli mutasiya yo`li bilan moslasha olishini isbotlamoqda", - deydi mikrobiolog.
Klementi ushbu ma`lumotlarni pandemiyaning rivojlanish istiqboliga tegishli juda muhim yangilik deb atadi. "Gap shundaki, yuqorida ta`rif berilgan jarayon jug`rofiy holati va epidemiya bosqichi turlicha bo`lishiga qaramay, barcha mamlakatlarda birdek kechmoqda. Barcha mintaqada virus evolyusiyasi bir joyda tezroq, boshqa joyda sekinroq bo`lsada, lekin faqat bitta yo`nalishda harakat qilmoqda. Demak, mazkur jarayon virusning patogen salohiyati kamayishiga olib keladi. Virusning tajovuzkorligi borgan sari pasaymoqda, u moslashmoqda va kuchsizlanmoqda", - deydi professor.
Professorning fikricha, yangi virus yaqin orada shu darajada kuchsizlanadiki, "xuddi boshqa viruslarga o`xshab, insonlar har yili xastalanadigan oddiy respiratorli kasallikka aylanadi".
Pandemiya qishga yaqin yana kuchayadimi, ya`ni ikkinchi to`lqini ro`y beradimi, degan savolga javob berar ekan, Klementi ikkinchi to`lqin bo`lmasligidan umid qilayotganini ta`kidladi. "Agar virusning rivojlanishi biz yuqorida ta`kidlagandek kechayotgan bo`lsa, u holda kelayotgan kuz yoki qishda hozirgi vaziyat takrorlanmaydi", - dedi u RIA Novosti bilan uyushtirgan suhbati chog`ida.






