AsosiyDunyo

Pekinda koronavirusning yangi o`chog`i paydo bo`ldimi?

'Pekinda koronavirusning yangi o`chog`i paydo bo`ldimi?'ning rasmi

Kuni kecha Xitoy poytaxti Pekindagi ulgurji bozorda koronavirus aniqlangani shahar hokimiyatini qattiq xavotirga solmoqda. Shaharda virus tarqalishi ehtimoli juda yuqori, dedi Pekin hokimligi matbuot xizmati rahbari Syuy Xeszyan.

Epidemiologik tekshiruv natijasida import qilingan losos balig`i bo`laklanadigan taxta yuzasida koronavirus aniqlangani bois shanba kuni "Sinfadi" bozori vaqtinchalik yopib qo`yildi. Fentay tumanida esa harbiy davr tartibi o`rnatildi, Jamoatchilik salomatligi sohasidagi favqulodda holat darajasi yana II bosqichgacha ko`tarildi. 

Syuy Xeszyanning ta`kidlashicha, shaharda xatarli vaziyat yuzaga kelgandan keyin hukumat keskin choralarni ko`rishga hozirlanmoqda. Koronavirus aniqlangan bozor va unga yaqin tumanlarda, infeksiya manbasini aniqlash uchun tekshiruv olib borilmoqda. Shuningdek, koronavirus yuqtirgan va unga yaqin joylashgan hududlardagi barcha odamlar testdan o`tkaziladi.

Dushanba kunidan boshlab, nufusi 11 million bo`lgan Baodin shahrida ham harbiy holat e`lon qilindi. Mazkur shahar Xubey viloyatida Pekinga qo`shni hisoblanadi. Pekin bilan Baodin orasidagi masofa 147 kilometr bo`lib, o`zaro transport aloqasi juda yuqori, shu bois xushyorlikning eng yuqori bosqichi joriy qilinishi kerak, deyiladi xabarda.

"Baodindagi vaziyat shaharda imkon qadar tezroq harbiy holat e`lon qilinishini va harbiy holat mexanizmlari ishga tushirilishini talab etmoqda", - deyiladi epedimiyaga qarshi kurash bo`yicha tezkor shtab bergan bayonotda.

Pekin hokimiyatining ma`lum qilishicha, o`tgan yakshanba kuni shaharda 76 ming 499 kishida koronavirusga qarshi test o`tkazilgan, test topshirganlarning 59 nafarida infeksiya borligi aniqlangan.

Dushanba kuniga kelib esa, ushbu raqamga aniqlik kiritilib, shaharda 42 kishi COVID-19 bilan og`rigani haqda xabar tarqatildi, ularning 36 tasida kasallik klinik ko`rinishda bo`lgan, oltitasida esa koronavirus simptomlari ko`zga tashlanmagan. Umuman, xabarda hozirgacha 79 kishi COVID-19 tashxisi bilan shahar kasalxonasida yotgani haqda aytilmoqda.

Ta`kidlash joizki, Pekinda 11 iyungacha, 56 kun davomida koronavirusga chlinish bilan bog`liq birorta ham bemor aniqlanmagan edi.

Umuman, Xitoyning o`zida koronavirusga chalinish holati 83 ming 181 marta qayd etilgan, 78 ming 370 kishi sog`ayib chiqdi, 177 bemor kasalxonada davolanmoqda, 4 ming 634 bemor COVID-19 qurboni bo`ldi. Mamlakatda aniqlangan koronavirusga chalinish holatlarining 1 ming 837 tasi xorijiy mamlakatlardan kelgan fuqarolarda qayd etilgan. 

1 apreldan boshlab mamlakat ommaviy axborot vositalarida kasallikning simptomsiz kechishi bilan bog`liq holatlar haqida ham aytila boshlandi. Masalan, o`tgan kunda 18 ta shunday holat kuzatilgani haqida ma`lum qilindi. Ularda test natijalari natijasida infeksiya borligi aniqlangan, lekin tashqi ko`rinishida karavirusga chalinganlik alomatlari ko`zga tashlanmagan.

Qolaversa, Xitoyning o`zidan tashqari, boshqa ma`muriy hududlarida ham koronavirus aniqlangani kuzatilmoqda. Masalan, epidemiya paytida Gonkongda 1 ming 109 ta kasallanish holati aniqlangan bo`lsa, Makaoda ushbu ko`rsatkich 45 tani, Tayvanda esa 443 tani tashkil etmoqda. 

    Boshqa yangiliklar