Xabaringiz bor, bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda Andijonda fuqaroning IIB xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklanib o`ldirilgani haqidagi xabarlar keskin muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Holat bo`yicha IIV vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqib, ushbu fojiada ishtirok etgan va mas`ul bo`lgan 5 nafar lavozimdagi shaxsni ishdan olingani va 19 nafar xodim jazolanganini ma`lum qildi.
Hodisaga O`zbekistonning bir qator ijtimoiy faol shaxslari — jurnalist, bloger va deputatlar o`z munosabatlarini e`lon qilishdi. Xususan, deputat Rasul Kusherbaev ham andijonlik fuqaroning IIB xodimlari tomonidan o`ldirilganiga munosabat bildirdi. Quyida uning firk-mulohazalarini to`liq keltiramiz.
"Axborot texnologiyalarining keng rivojlanishi va Prezident Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi ortidan amalda axborot va so`z erkinligini ta`minlash borasidagi o`zgarishlar sabab, bugun ko`p sohalar qatori huquqni muxofaza qilish tizimidagi qonunbuzilish holatlari ham jamoatchilik tomonidan ochiq muhokama qilinmoqda.
Turli axborot manbalarida berilayotgan qiynoqlar bilan bog`liq ma`lumotlar bu kabi salbiy illatlar afsuski tizimda uzoq yillar davom etib bugungi kunlarga ham ulanib ketayotganligini ko`rsatmoqda: samarqandlik ayolning echintirilishi, ichki ishlar binosida odamning o`lib qolishi, andijonlik fuqaroning qiynoqlarga solinishi, Bosh prokuratura tergovchilarining “Bekobod ishi” doirasida odamlarni shavqatsiz qiynoqqa solishi va kuni kecha Andijonda qiynoqlar oqibatida bir insonning o`lishi aslida inson huquqlarini ta`minlashni bo`yniga olgan idoralarning ayrim “psixologik buzilgan” shaxslaridan oddiy odamlarni himoya qiladigan alohida kuchli tuzilma zarur bo`lib qolganligini ko`rsatmoqda. Balki ombudsman vakolatlarini oshirish kerakdir. Bilmadim...
Eng qizig`i tizimga nisbatan ijodiy parodiya qilgan ijodkorlarni ham kechirim so`rattirish darajasiga etib kelgan “farishta” tizim rahbariyati o`z xodimlari qonunbuzilishining og`ir ko`rinishlariga yo`l qo`yganda ham hokisor xalq oldida hech bo`lmasa bir bor kechirim so`ramasa. Manmanlik va kibr ham shunchalikmi, ahir ularga vakolat bergan, ko`klarga ko`tarib siylagan shu xalq emasmi? Vaholanki tizimni kulguga olgan ijodkorlar ham tanqid qilayotgan boshqalar ham ular kabi “odam o`ldirish” darajasiga borishmayapti.
Istaymizmi yo`qmi har bir tizimdagi kamchilik yoki yutuq bevosita ushbu sohaga rahbarlik qilayotgan shasxlarning qobiliyati, xalqqa sodoqat, inson huquqlarini himoya qilish yo`lida ishni tashkil qila olishiga bog`liq.
Afsuski jamoatchilikka ma`lum bo`lib qolayotgan so`nggi voqealar(aslida bundan ham ko`p bo`lishi mumkin) ichki ishlar tizimiga rahbarlik qilib kelayotgan shaxslarning faoliyatiga bo`lgan yondoshuvni qayta ko`rib chiqishni taqazo etmoqda. Hozirgi vazirimizni xalqparvar, deb eshitganman. Ammo bo`lib o`tgan holatlar ularning iste`fo vaqti etib kelganini ko`rasatayapti
Hurmatli vazirimiz xalq oldida tizimning obro`si tushishi, odamlarning e`tirozlari, xodimlarning bosar-tusarini bilmay IIBda qiynoq, o`ldirish kabi ishlarni “tabiiy holga aylanib” borishida eng minimal darajada bo`lsin aybdor. Va biz bu kabi ishlarni ularning rahbarlik davrida ko`proq eshitayapmiz.
Hozir eng muhimi tizimni fuqaro bilan inson sifatida munosabat qila oladigan darajada isloh qilishga tayyor, Prezident tashabbusi bilan inson huquqlarini ta`minlash borasida qilinayotgan ishlarni yuqori darajaga olib chiqishga qodir kadrlar bilan to`ldirish va ortiqcha yuklardan xalos etish zarur.
Bizga xalq bergan vakolat, Prezident bildirgan ishonchni inson huquqlarini buzish emas, ta`minlash yo`lida ishlatib, xalqni rozi qilish uchun mehnat qiladigan “tili va ishi bir” qonun himoyachilari kerak", –deya hulosa qilmoqda Rasul Kusherbaev.






