Tomog`ingiz og`risa nima qilasiz? «Asal qo`shilgan issiq sut yoki moychechakli damlama bilan g`arg`ara qilaman...» deysizmi? Albatta, bu kabi usullarni barchamiz yaxshi bilamiz. Ammo qay biri haqiqatan ham bezovtalikni engillashtirishi mumkin? Ana shunisi o`ylantiradi. Zero biz bilgan sutli «muolaja» larning barchasi ham tomoq og`riqlarida tavsiya etilavermaydi. Anglaganingizdek, bugun shu haqda suhbatlashamiz.
Mutaxassis otoloringolog, Timur MADAZIMOV.
«Suyuqlik borasida cheklovlar bormi?»
Angina bilan og`rigan bemorlarga ko`proq suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Bu qanday ichimliklar bo`lishi mumkin? Masalan, meva sharbatlaridan ham foydalansa bo`ladimi?
Omina Arslonova, Toshkent viloyati
— Nafaqat angina, balki boshqa tomoq og`riqlari hamda gripp alomatlarida ko`proq suyuqlik ichish tavsiya etilishi rost. Ammo barcha turdagi suyuqlik ham qo`llanilavermaydi. Masalan, qaynoq sut, tanani qizdirgani bilan tomoqning shilliq qavatini zararlantiradi. Bu esa tomoqdagi og`riqni yanada kuchaytirishi mumkin. Shuningdek, gazli ichimliklar, nordon ta`mli sharbat va damlamalar ham angina bilan kasallangan bemorlar uchun man etiladi. Ayrimlar angina holatida sarimsoq qo`shilgan sut yoki limonli choyni tavsiya etishadi. To`g`ri, ikkisi ham infeksiya bilan kurashuvchi mahsulot. Ammo tomoqning bodomcha bezlari yallig`lanishida aks ta`sir ko`rsatishi mumkin. Anginada har qanday suyuqlik iliq holatda bo`lishi kerak.
«Traxeit qanday kasallik?»
— Bir necha kundan beri quruq yo`tal bezovta qilayotgandi. Ammo nafas yo`llarida yallig`lanish borligini xayolimga ham keltirmagandim. Yo`tal xurujlari kuchayib, kamiga ko`krak qafasida og`riq paydo bo`lgach, shifokorga murojaat qildim. Menga traxeit tashhisini qo`yishdi. Hozir davolanayapman. Ilgari bu kasallik haqida eshitmagandim.
Nodir Samadov, Sirdaryo viloyati
— Traxeit – traxeya va uning shilliq qavatida yallig`lanish jarayonining sodir bo`lishi bilan izohlanadi. Xastalik nafas yo`llarining infeksion kasalliklari, streptokokk, stafilakokk, viruslar ta`sirida yuzaga keladi. Shu bilan birga traxeit, rinit, faringit va laringit asoratida ham paydo bo`lishi mumkin. Ushbu kasallikda yo`tal kuchli, quruq va quvvatsizlantiruvchi bo`ladi. Yo`tal xurujlarida bemor o`zini bo`g`ilib qolayotgandek sezishi, ko`krak qafasida og`riq bo`lishi mumkin. Traxeit albatta, shifokor nazoratida davolanishi kerak. Mazkur kasallikda ichimlik va eguliklarni qaynoq holda iste`mol qilish man etiladi. Mutaxassis tavsiyasi bilan ingalyasiya (bug` yordamidagi muolaja) usullariga ham murojaat qilish mumkin.
Og`riqli yo`talda ingalyasiya usuli yordam beradi deb eshitgandim. Chindan ham shundaymi?
Anora Sobirova, Samarqand viloyati
— Ingalyasiya muolajasi laringit, rinit, faringit, traxeit kasalliklarida qo`llaniladi. Ammo muolaja o`tkazilishi va takroriyligi shifokor ko`rigidan so`ng bemorning umumiy ahvoli va xastalik darajasiga ko`ra belgilanadi. Qolaversa, muolaja stasionar sharoitda ingalyator apparati yordamida bajarilishi lozim. Sizni bezova qilayotgan og`riqli yo`tal sababini aniqlab, lozim topilsa ingalyasiyaga murojaat qilish mumkin. Uy sharoitida efir moylari, qaynatilgan kartoshka suvi, iste`mol sodasi aralashmasida hosil bo`lgan bug`da ham ingalyasiya o`tkazish mumkin. Biroq buning ham o`z tartib-qoidalari bor. Masalan, agar tomoq og`rig`i tumov bilan birga kechayotgan bo`lsa, bug`li muolaja burun orqali nafas olish bilan bajariladi. Agar muammo faqat tomoqda bo`lsa, og`iz orqali nafas olish kifoya. Ingalyasiyadan so`ng yarim soat tanovul qilmaslik, 15-20 daqiqa tashqariga chiqmaslik va tomoq sohasini issiq tutish lozim. Tana haroratining ko`tarilishi, burun qonashi yoki bodomcha bezlarining yiringli yallig`lanishida ingalyasiya tavsiya etilmaydi.
«Muzqaymoq esang, tomog`ing tuzaladi!»
«Tomog`ing og`riyotganida muzqaymoq esang, bezovtalikdan tezda forig` bo`lasan». Haqiqatan ham shundaymikan deb o`ylab qoldim. Aslida tomoq og`rig`iga muzqaymoqning qanday aloqasi bor?
Sevara Yo`ldosheva, Namangan viloyati
«Laringitda tomoqni chayqash mumkin emas?»
Saida Mansurova, Qibray tumani
N.Ilyosova tayyorladi