Ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan “Qirol Genri VIII” laqabli ko`ppak suratini Twitter ijtimoiy tarmog`i foydalanuvchisi o`z sahifasiga joylashtirgach, u mashhur bo`lib ketdi. Kuchukning egasi u bilan birga American Airlines kompaniyasining birinchi klassida uchib ketayotgandi. Yumshoq to`shamali aravachada o`tirgan “Qirol Genri VIII” ko`pchilik internet foydalanuvchilarining e`tiborini tortdi, deb yozadi Metro nashri. 14 mingdan ortiq Twitter foydalanuvchilari mazkur suratni sevimli rasmlar qatoriga qo`shgan.
Metro nashrining xabar berishicha, kuchuk egasi o`zi va iti uchun ikkita chipta sotib olgan. Ammo, ko`ppak parvoz mobaynida o`z egasi oyoqlari ustida yotib kelgan. Parvoz mobaynida boshqa yo`lovchilar kuchukning qanday qilib bu darajada ortiqcha vazn to`plaganini muhokama qilishgan.
Amerikalik zoologlarning fikriga ko`ra, hozirgi kunda mamlakatdagi uy hayvonlarining yarmidan ko`prog`i ortiqcha vazndan aziyat chekadi. Ular buni insonlar uy hayvonlarini oziqlantirish va parvarish qilish tartibini bilmasliklari bilan bog`lashadi. Ko`pincha uy hayvonlarini boquvchi insonlarning o`zlarida ham erinchoqliklari oqibatida ortiqcha vazn kuzatiladi.





