Yaponiyaning port shahri bo`lgan Kobe polisiyasi momaqaymoq o`tidan koronavirusga qarshi mo`jizakor choy tayyorlab sotishda ayblanayotgan mahalliy kompaniya prezidentini qo`lga oldi. Asahi gazetasining xabar berishicha, bu ish bilan firmaning yana bir xodimi qamoqqa olingan. Prokuraturaga mazkur vositani sotishga aloqador deya gumon qilinayotgan bir qator dorixona egalari bo`yicha hujjatlar kelib tushgan. Bu haqda manbalar asosida yuz.uz xabar berdi.
Firibgarlar fikricha, momaqaymoq o`tining poyasi va gullari go`yoki, o`zida koronavirusning zarar keltiruvchi xususiyatidan mahrum qiladigan noyob modda saqlaydi. Reklamada aytilishicha, buning uchun har safar qayta-qayta damlab kuniga kamida o`n marta ichish lozim.
Polisiyaning ta`kidlashicha, ushbu firibgarlikning halokatli tomoni shundaki, momaqaymoq "xususiyati"ga ishonib qolganlar koronavirusdan oddiy himoya vositasi hisoblangan niqob taqish, qo`lni muntazam sovunlab yuvish va maxsus dezinfisiya vositalari bilan ishlov berish kabi jihatlarga beparvo bo`lib qoladi.
Hozirda tergov jarayonlarida firibgarlarning internet saytidagi ushbu vosita go`yo Yaponiyaning 800 dan ortiq aptekada sotilgan degan xabari qanchalik haqiqatga mos ekani tekshirilmoqda.
Pandemiya boshlangandan buyon mamlakatda deyarli 18,4 ming kishi kasallagan. 947 kishi shu kasallik oqibatida vafot etdi. 126,4 ming bemor tuzaldi. Hozirda esa reanimasiya bo`limlarida 80 kishi sun`iy nafas olish apparatlariga ulangan.






