Soat Sharipovning “Kelin-kuyov” shousi yangi talqinda
Aziz muxlislar, ilgari “Otalar so`zi - aqlning ko`zi”, “Diydor shirin”, “Rozgrsh» kabi teleko`rsatuvlarning gazeta talqinini e`tiboringizga havola etgandek. Endi esa sizga yaxshi tanish va qadrli bo`lgan “Kelin-kuyov” shousining talqinini e`tiboringizga havola etamiz. Ko`rsatuv va uning boshlovchisi Soat Sharipovni sog`inganlar uchun ushbu loyihamiz yaxshi tuhfa bo`ladi degan umiddamiz.
Soat Sharipov: —Muhtaram “Darakchi” gazetasining ashaddiy muxlislari! Sizlar bilan ilgari telekanal orqali namoyish etilgan “Kelin-kuyov” teleshousida ko`rishgan bo`lsak, endi gazeta orqali ham diydorlashish imkoni tug`ildi. Demak, tahririyatga tashrif buyurgan ilk kelin-kuyovlarimiz bilan tanishtiraman. Aslida siz Guli Asaljo`jaeva va Ravshan Xo`jaevlar hamda Muhabbat va Sanjar Shodievlar oilasini yaxshi taniysiz.
Xo`jaevalar oilasiga birinchi savolim: hayotda bir birlaringni qanday topgansizlar?
Ravshan Xo`jaev: — Gulixonni kinoteatrda ko`rib qolib, sovchi qo`ysammikan, degan fikr paydo bo`ldi. Akasi yaqin do`stim bo`lgan. Akasini oldiga borish bahonasida Gulini ko`rib kelardim. Bir oz vaqt kuzatib yurib, keyin sovchi qo`yganman.
Guli Asalxo`jaeva: — Ochig`i, bir kun kelib shu insonga turmushga chiqaman deb hayolimga ham keltirmaganman. Keladigan sovchilarga “men kelajakda qo`shiqchi bo`lmoqchiman, shu shartimga ko`nsangiz roziman”, derdim. Bu gapim ko`pchilikkka yoqmagan. Ravshan aka sovchi yuborganda ham unga shartimni aytib, kamiga rozi bo`lish bo`lmasligimni o`ylab ko`raman deganman.
S.Sharipov: — Ravshanjon, o`shanda qanday fikrga kelgansiz? Gulixonning shartiga osonlikcha ko`nmagan bo`lsangiz kerak?
R. Xo`jaev: — Taklifimga Guli darhol rozi bo`lmagan. Lekin bizning oilamiz azaldan san`at shinavandasi edi. Shuning uchun Gulining taklifini to`g`ri tushunib, unga “avval to`y bo`lsin, qolganini vaqt ko`rsatadi”, deganman. To`yimiz 1994 yil 13 iyunda bo`lib o`tdi. Uchta o`g`limiz bor. Bugungacha baxtli oilalardan biri bo`lib yashab kelyapmiz.
S. Sharipov: — Rahmat, siz baxtli bo`lishda davom etib turing, biz ungacha xuddi shu savol bilan ikkinchi kelin-kuyovimizga yuzlanamiz...
Sanjar Shodiev: — Rafiqam Muhabbat bilan O`zbekiston Davlat san`at instituti (hozirgi O`zbekiston davlat San`at va madaniyat instituti)da tanishganmiz. Men bu institutdan juda xursandman, ilm oldim, diplom oldim, xotin oldim...(kuladi). Muhabbat institut yotoqxonasida singlim bilan bir xonada yashar, men esa tez-tez singlimga kiyimlarimni yuvdirish uchun chiqib turardim. Singlim o`qishni bitirib ketgandan keyin ham kiyimlarimni yuvdirish uchun o`sha tanish xona taqillatadigan bo`ldim. Bir kuni oyog`im sinib qoldi, gipsdaman. Shundan keyin Muhabbatning o`zi xonamga chiqib turadigan, osh-ovqatimdan xabar oladigan bo`ldi. Balki o`sha paytlar Muhabbatga mehr qo`ygandirman? Bir oz vaqt o`tib, onam “qiz top, uylantiramiz”, dedi. Muhabbatga “menga turmushga chiqasizmi?” desam, rozi bo`ldi, o`zi jon deb turgan ekan (kulishadi).
S. Sharipov: — Institutda shuncha qiz bo`la turib nega aynan Muhabbatxonga uylanganingizni sababi buyoqda ekanda?
S. Shodiev: — To`g`ri, institutda ko`p qizlar bilan do`stona munosabatda bo`lganman. O`ylab ko`rsam, ularning ichida yaqinrog`i Muhabbat ekan. Qolaversa, u to`g`risidagi hamma ma`lumotlarni singlimdan bilib bo`lgandim-da! Singlim “biror yigit bilan gaplashmaydi, juda aqlli qiz. Shu qizga uylaning”, deb Muhabbatni ko`p maqtardi. Eng qizig`i, singlim o`qishni bitirib ketganidan so`ng men ko`pincha atay qizlarni Muhabbatning xonasi yoniga chaqirib, ularga sevgi izhor qilar, qizlar bilan soatlab gaplashib o`tirardim. Qizlar ketganidan so`ng “Qalay, shu qizga uylansam bo`ladimi?”, deb Muhabbatdan maslahat ham so`rardim.
S. Sharipov: — Hind aktyorlariga taqlid qilgan ekansiz-da! Muhabbatxon, rostdan ham siz shu gap-so`zlarga guvoh bo`lganmisiz?
Muhabbat Shodieva: — Sanjar akani o`z akamdek ko`rardim. Bir kuni menga: “onam uylantiraman, deganida, negadir hayolimga siz keldingiz”, degan. Men gapini jiddiy qabul qilmay, falonchiga uylaning deya maslahat ham berganman. Chunki Sanjar aka institutdagi hamma qizlarga gap otib bo`lgan, juda sho`x yigit edi.
S.Sharipov: — Sanjar, Muhabbat taklifingizni qachon jiddiy qabul qila boshladi?
S.Shodiev: — Muhabbat ayrim sabablarga ko`ra o`qishdan chetlatildi. Muhabbatning o`qituvchisi Murod Rajabov bizga ham o`qituvchi edi. Muhabbat “Sanjar aka meni institutdan chetlatishyapti, meni olib qoling”, deb yig`lab keldi. Domlani yoniga kirib, “Murod aka, Muhabbat keliningiz bo`ladi, uni haydamang”, deb yalinganman. Bu Murod aka bilan ikkimizning o`rtamizda bo`lgan gap edi. Lekin ikki soatdan keyin butun institut bu gapdan xabardor bo`lib o`tiribdi! Estrada kursi mish-mishlar kursi edi-da! Shundan keyin biz deyarli hamma uchun er-xotin bo`lib qoldik. Keyin o`zimiz ham bunga ko`nikib, jiddiy gaplasha boshladik.
S.Sharipov: — Muhabbatxon siz Sanjarga hech qanaqa shart qo`ymaganmisiz?
M.Shodieva: — Shart qo`ymaganman. To`yimiz bo`lganidan keyin Sanjar aka avval bolalarimiz bo`lsin, keyin san`at bilan shug`ullanamiz, degan. Sabr qilib, bolalarimiz bir oz katta bo`lganidan so`ng ijodni boshladik. San`at, ijod yosh tanlamas ekan. To`yimiz 2006 yil, 14 sentyabrda Namanganda, 16 sentyabrda Buxoroda bo`lib o`tgan. Xudoga shukr, bugungacha baxtli oilalardan biri bo`lib yashab kelyapmiz.
S.Sharipov: — Rahmat. Ravshanjon, Gulixon, sizlarni qaerda ko`rmaylik, doim tabassum bilan yurasizlar. Bilamizki, oilada hammasi doim bir tekis ketmaydi. Sizlar ham hech urishib qolganmisiz?
G.Asalxo`jaeva: — To`g`ri, oilada har xil gap-so`z bo`lib turadi. Biz urushmaganmizu, lekin ijod borasida ko`p tortishamiz. O`zi janjal chiqishiga ko`pincha ayol kishi sabab bo`ladi. Lekin hamma muammoning echimi ham ayolda bo`ladi. Bunday paytda ayol kishi sal sabrliroq bo`lishi kerak.
S.Sharipov: — Sanjarjon, sizlarning oilangizda rashk tufayli janjal bo`lib tursa kerak, shundaymi?
S.Shodiev: — Yo`q, har doim bo`ladi! (kuladi). Bizning oilamizda ham janjal bo`lib turadi, biz ham odamday gap-da! (kulgi ko`tariladi). Albatta, bu hazil. Masalan, biror film suratga oladigan bo`lsam, qahramonimning oti Asal bo`lsa, kechasi bilan alahsirab Asal deb chiqishim mumkin... Yoki bo`lmasa kasting uyushtirilgan paytlarda muxlislar yarim tunda qo`ng`iroq qilishi mumkin. Chunki tashrif qog`ozim tarqalgan. Ana shunday paytlarda bizning oilada aniq janjal! Xotin, asabni asra, asabni tiklab bo`lmaydi, deyishning foydasi yo`q. Lekin shu paytgacha rafiqam hech qachon hurmatimni er qilmagan. Bir kuni muxlislardan biri mendan “Siz xotiningizdan qo`rqasizmi?” deb so`radi. “Qo`rqaman”, dedim. Menimcha xotinidan qo`rqmaydigan erkakning o`zi bo`lmasa kerak. Erkaklar ikki toifaga bo`linadi, birinchisi, xotinidan qo`rqadigan, ikkinchis, xotinidan qo`rqishini berkitadigan erkaklar (kuladi). Behazil aytadigan bo`lsam, men xotinimdan qo`rqmayman. Shunchaki, oilamni, bolalarimni yo`qotishdan qo`rqaman.
M.Shodieva: — Lekin hozir shunaqa qizlar borki, hatto uygacha kirib kelishyapti...
S.Sharipov: — Arazlashib qolgan paytlaringizda kim birinchi bo`lib yarashish uchun qo`l cho`zadi?
S.Shodiev: — Ilgari rashk tufayli urishib qolsak, men birinchi bo`lib yarashishga, tushuntirishga harakat qilardim. Hozirgi kunda deyarli janjallashmayapmiz. Chunki Muhabbat meni avvalgidek rashk qilmay qo`ydi.
M.Shodieva: — Nega endi? Janjal haliyam bo`lyapti. Endi e`tibor bermay qo`yganimga biroz kamaygan...
S.Sharipov: — Gulixon, Ravshanjon, endi shu savol bilan sizlarga yuzlanamiz...
G.Asalxo`jaeva: — Biz tortishib qolsak, men ko`proq arazlab, gaplashmay qo`yaman. Lekin Ravshan akam uzoq kek saqlab yurolmaydi. Darrov ko`nglimni ko`tarib, yoqtirgan narsalarimni olib kelib xursand qiladi. Aybini darrov tan oladi.
S.Sharipov: — Bu savolim kelinlarimizga: sira qaynonangizning tanbehiga uchraganmisiz? Bunday paytda turmush o`rtog`ingiz vaziyatdan qanday chiqib ketgan?
G.Asalxo`jaev: —Qaynonam rahmatli juda ham sodda ayol edilar. Aniq eslolmayman, bir ishni noto`g`ri qilib qo`ygan bo`lsam kerak, Ravshan akam ko`chadan kirib kelishi bilanoq jahl bilan shikoyat qila ketdilar. Men ham yoshligimga borib, o`zimcha arazlab o`tirganman. Turmush o`rtog`im avvaliga qay birimizning tarafimizni olishga hayron bo`lib turdi. So`ng menga ko`zini qisib, “Ona, hali shunaqami? Sizni xafa qilgan bo`lsa yuklarini yig`ishtiringlar, hozir uyiga olib borib tashlab kelamiz”, dedi. Qaynonam bu gapga chippa-chin ishonib, shoshgancha, “Voy, yo`q-yo`q, ketmaydi. Bu kelinga mening pulim ketgan, semiz-semiz qo`ylarim ketgan. Kelin hech qaerga ketmaydi! Men hazillashdim bolam”, deb turib olganlar. Shundan keyin biror xato ish qiladigan xo`jayinim darrov “Qani, yuklarini yig`ishtiringlar, hozir olib borib tashlayman”, deydilar.
S.Sharipov: — Yashanglar! Xo`sh, Muhabbatxon, Sanjarjon shunday paytlarda qanday yo`l tutgan?
M.Shodieva: — Ochig`i, eslab ko`rsam, bizning oilada hech bunaqa vaziyatlar bo`lmagan ekan. O`zim ham uyda har bir ishni o`zimdan bilib qilar, har bir qadamimni ehtiyot bo`lib bosib, gaplarimni o`ylab gapirardim. Xo`jayinim va qaynonam bilan oramizda to`qnashuv kelmasligi uchun juda ehtiyot bo`lib muomala qilganman. Shu bois hech qanday tushunmovchilik chiqmagan. Lekin ikkinchi farzandimga homilador paytimda “Nihol” mukofotiga nomzod deb topildim. Shunda qaynonam meni bu ahvolda sahnada ko`rsa, qanday qabul qilarkanlar, deb konsertga taklif qilishga uyalganman. Keyin bilsam qaynonam mendan xafa bo`lgan ekanlar. Ammo ko`z tegmasin, hozirgacha munosabatlarimiz yaxshi, ona-boladek bo`lib ketganmiz.
S.Sharipov: — E, yashanglar! Sizlar bilan suhbatimiz juda zavqli o`tdi. O`z vaqtingizni ayamay tashrif buyurganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Muhtaram gazetxonlar, “Kelin-kuyov” teleshousining gazeta ko`rinishi sizga ma`qul bo`ldi, degan umiddamiz. Yangi loyihamiz haqida fikr-mulohazalaringizni hamda keyingi uchrashuvlarimizda kimlarni taklif qilishimizni istashingizni qo`ng`iroq qilib bildirishingiz mumkin.
G`oya mualliflari: Dilfuza Sobirova, Mohichehra Eshmirzaeva