1

"Mashhurlik ortidan quvadigan, shov-shuvlarga o`ch yoshlar qora piar muxlisiga aylanib qoldi"

Madaniyat 20.06.2020, 14:39
"Mashhurlik ortidan quvadigan, shov-shuvlarga o`ch yoshlar qora piar muxlisiga aylanib qoldi"

"Ma`rifat" ziyolilar klubi a`zosi, «Milliy tiklanish» partiyasi  Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi Kamola ABDUVALIEVA, san`atkorlarni o`zini tutishi haqida fikr mulohazalarni bayon etdi. Bu haqda UzA yozmoqda.

"Odamlar bilan o`zaro munosabatlar turlicha va rang-barang bo`ladi. Kimdir xushmuomila, ochiq yuz, shirin suxoanligi bilan, boshqasi esa qo`polligi, o`ylamay so`z aytishi, dilozorligi bilan, yana kimdir umuman, beparvo va befarqligi bilan ajralib turadi. Odamlar o`z xususiyatlari bilan turlichadir va bir-biridan farq qiladi. Buni PR nuqtai nazari bilan baholasak, oq va qora deb farqlashimiz mumkin. Oq piarda – samimiy munosabatlar, qora piarda esa aksincha, ko`ngli qoralik bilan qilinadigan sa`y-harakatlar aks etib turadi nazarimizda…

Bugungi kunda ba`zi bir odamlarning hatto mashhur kishilarning o`zlarini reklama qilish, tobora tanitib borish, mashhur bo`lish maqsadida qora piardan foydalanayotgani bizni taajjubga solmoqda.

Mashhurlik ortidan quvadigan, shov-shuvlarga o`ch yoshlar qora piar muxlisiga aylanib qoldi. Odamlar orasida salbiy gap-so`zlar, mish-mishlar tez tarqalishi esa ularga qo`l kelmoqda.

Masalan, Jahongir Otajonovning "fa-fa" chelenjini ko`rib, hayratdan yoqa ushladim. Avvaliga ularning o`zlari bo`lmasa kerak, biror qiyofadoshi obro`sizlantirish maqsadida, ataylab uyushtirgandir degan xulosaga borganman. Chunki Jahongir Otajonovga so`z ustalari, QVZ jamoalari o`rtasida taqlid namoyishlari juda ko`p amalga oshiriladi.

Yoki yosh yigitning Nasafiy taxallusi bilan oppoq soch-soqol qo`yib qo`shiq kuylashi yoshlar o`rtasida turli xil mish-mishlarga va shov-shuvlarga sabab bo`ldi.

Balki mana shunday chiqishlar ijobiy piardan ko`ra ko`proq ommalashar, tanilishning tezkor va samarali usuli bo`lishi mumkindir, ammo bu umuman milliy ma`naviyatimizga to`g`ri kelmaydigan holatdir. Madaniyatimizga tushayotgan dog`dir.

Eng achinarlisi, ayrim xususiy OAV va internet kanallari, blok va tarmoqlar, sayt va sahifalarda bu kabi materiallarni joylashtirilib borilayotganidir. Axborotga o`ch yoshlarni shu zaylda mahliyo qilib, nafaqat ma`naviyatiga tajovuz qilinmoqda, balki ularda qiziqish uyg`otmoqda. Yoshlar kimga taqlid qilayotganini bilishi va axborot tanlash madaniyatiga ega bo`lishi lozim. Ammo ming afsuski, ayrim yoshlarimiz shu kabi insonlarga taqlid qilib, ular tashkil qilgan chellenjlarda faol ishtirok etmoqda.

Xulosa qilib aytganda, qora piar ayrim yoshlar uchun samarali targ`ibot vositasiga aylanib qoldi. Milliy san`atimizning ohori to`kilmoqda, Hurmati erga urilmoqda. Bizning shou biznes sohamiz ham sharqona bo`lsin, o`ziga xos bo`lsin. Tarbiyaviy ahamiyati bilan maftun qilsin. Ayrim Evropa davlatlaridagidek san`atimizni, madaniyatimizni yarim yalang`och talqinlar, bezo`xshov xatti-harakatlarning qurboniga aylantirib qo`ymaylik.

Shu o`rinda, yurtimizda o`lmas qo`shiqlar ijro etgan va hali-hamon ularning betakror ijrolari xalqimiz yuragidan muqim joy olib kelayotgan Ortiq Otajonov, Komiljon Otaniyozov, Munojot Yo`lchieva, Nasiba Abdullaevalardek san`atkorlarimizni bu yo`l bilan tanilmaganini eslashning o`zi kifoyadir. O`xshasak ham o`zimizga o`xshaylik"

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1