Toshkent shahri, Yunusobod tumanida o`tkazilgan to`y marosimida 12 kishi koronavirusga chalingan, deya xabar bermoqda Sog`liqni saqlash vazirligi.
Ma`lum bo`lishicha, 19 iyun, juma kuni ushbu tumanda yashovchi fuqaro ikki nafar farzandini to`rt kun ichida ketma-ket o`tkazgan nikoh to`yi sabab ham kelin, ham 12 nafar marosim ishtirokchisi ushbu infeksiyaga chalinadi. Ayni paytda ko`plab odamlar ushbu infeksiyani yuqtirib olganlikda gumon qilinib, tahlil natijalarini kutmoqda.
Hozirda bo`lib o`tgan tadbirlarda ishtirok etgan va ular bilan muloqotda bo`lgan barcha fuqarolar, o`nlab oila a`zolari “Covid-19” ga tahlil olinib, stasionar va uy karantinida tibbiy kuzatuvga olindi. Epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq poytaxtimizda nishonlangan tug`ilgan kun 13 nafar kishini koronavirusga chalinishiga sabab bo`lganligi va ko`plab fuqarolar karantinga olinganligi haqida xabar berilgandi.
Vazirlik zarurat bo`lmaganda ommaviy va oilaviy tadbirlar o`tkazishdan hamda unda ishtirok etishdan vaqtinchalik tiyilib turish kerakligini eslatib o`tadi.






