Gresiyada shaxmat bo`yicha 8 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan o`g`il-qizlar o`rtasidagi jahon chempionatining 14 yoshgacha o`g`il bolalar o`rtasidagi bahslari hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov g`alabasi bilan yakunlandi.
Nufuzli musobaqada Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan Shamsiddin Vohidov 150 shaxmatchi orasida tengsiz ekanini isbotlab, shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi.
Iqtidorli shaxmatchimiz o`n bir partiyadan iborat musobaqada mag`lubiyatsiz dona surdi. U gruziyalik Luka Oboladze, germaniyalik Teo Gungl, AQSh vakillari Markus Miyasaka, Nikolas Cheka, hindistonlik Harshit Raja, rossiyalik Sergey Lobanov va Timur Farxutdinov ustidan g`alaba qozonib, fransiyalik Dimitri Lagard, ukrainalik Kirill Shevchenko, eronlik Ariyan G`ulomiy va rossiyalik Andrey Esipenko bilan durang o`ynadi.
Shu tariqa o`n bir imkoniyatdan 9 ochko jamg`argan Sh.Vohidov jahon chempionatining oltin medalini qo`lga kiritdi. Ikkinchi o`rin rossiyalik Andrey Esipenko, uchinchi o`rin esa eronlik Ariyan G`ulomiyga nasib etdi.
Jahon chempionatida boshqa shaxmatchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jumladan, o`z yosh toifasidagi bahslarda Nodirbek Abdusattorov to`rtinchi, Islombek Sindorov beshinchi, Nodirabegim Parpieva oltinchi, Javohir Sindorov sakkizinchi o`rinni egalladi.