1

IIV qamoqxonadan o`ligi chiqqan 45 yoshli fuqaro yuzasidan rasmiy axborot berdi

Jamiyat 01.07.2020, 21:05
IIV qamoqxonadan o`ligi chiqqan 45 yoshli fuqaro yuzasidan rasmiy axborot berdi

Sal avval, Navoiydagi koloniyada jazo muddatini o`tayotgan 45 yashar mahkum Farruh Xidirovning o`ligi chiqqani xabar qilingan edi. Ayni paytda IIV ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Keltirilishicha, IIV Jazoni ijro etish boshqarmasining ma`lumotiga ko`ra videotasvirda aks etgan murda 1975 yilda tug`ilgan fuqaro Xidirov Farrux Anvarovich.

Mahkum Xidirov F.A. 27.11.1975 yilda Yangiyo`l shahrida tug`ilgan, millati o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti o`rta, oilasiz, vaqtincha ishsiz, muqaddam 4 marotaba sudlangan. Qamalgunga qadar: Toshkent viloyati, Yangiyo`l tumani, Bahor MFY, Navro`z ko`chasi, 2-uyda istiqomat qilgan.

18.10.2010 yilda Yangiyo`l shahar sudining hukmiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi JKning 273m 5q, 164m 2q “a” bandi bilan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. O`zbekiston Respublikasi JKning 34 moddasiga asosan o`ta xavfli residivist deb topilgan.

Joriy yilning 5 iyundan buyon bir qator ichki kasalliklari tufayli mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan 23-sonli kasalxonada davolanib kelgan.

Davolanishiga qaramasdan 2020 yil 18 iyun kuni soat 05:45 larda, kasalxonaning terapiya bo`linmasida “O`pka sili IV klinik bosqichi (limfa tugunlari tarqoq kattalashishi, orofarengial kandidoz, noma`lum etiologiyali uzoq davom etuvchi isitma, tana vazni kelganga nisbatan 10% dan ortiq kamayishi, diareya” tashxisiga ko`ra vafot etgan. Murda prokuratura organlari tomonidan tekshirilgan, tan jarohatlari aniqlanmagan, holat yuzasidan tegishli ekspertiza tayinlangan.

Video tasvirda ko`rinayotgan qizarishlar bu murda dog`i bo`lib, tan-jarohatlariga aloqasi yo`q.

Mahkum F.A.Xidirov kasallik tashxisi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi IIV va SSVning hamkorlikdagi 2008 yil 13 avgust kunidagi 1854-sonli Qarorida ko`rsatilgan kasalliklar ro`yxatiga to`g`ri kelganligi sababli sud muddatini kutayotgan bo`lgan.

Ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda, natijasi haqida qo`shimcha ma`lumot beriladi.

Fuqarolarimizdan yolg`on xabarlarni tarqatmasliklarini, jurnalistlarimizdan esa ma`lumotlarni rasmiy manbalardan tekshirib so`ng e`lon qilishlarini hamda jamoatchilikka noto`g`ri xabarlarni etkazishdan o`zlarini tiyishlarini so`rab qolamiz, deyiladi IIV Axborot xizmati axborotida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1