25

Dalvarzintepa – arxeologik turizm maskaniga aylantirilmoqda

Madaniyat 02.07.2020, 20:38
337
Dalvarzintepa – arxeologik turizm maskaniga aylantirilmoqda

Taniqli arxeolog olim Bahodir Turg`unov qazish ishlarini olib borayotganida 115 xil tilla buyum joylangan sopol ko`zaga duch kelgan. Gardish buyumlar, quyma yombilar, erkak va ayollarning turli taqinchoqlaridan iborat javohirotda feruza ko`zli, zarhal iplardan ishlangan nafis marjonlar ham joy olgan. Bu zebu-ziynatlar antik dunyo zargarlik san`atining noyob namunasi sifatida hozir ham o`z qadr-qimmatini yo`qotmagan.

Sho`rchi tumanidagi qadimiy tepalik Kushonlar davri madaniyati saqlanib qolgan noyob yodgorlik sifatida jahonga tanilgan. Dalvarzintepani dunyoga tanitishda yaponiyalik taniqli qadimshunos olim Kyudzo Katoning ham alohida xizmati bor. Ko`p yillar bu erda arxeologik tadqiqot ishlarini olib borgan hassos arxeolog Kushon podsholigi davriga oid ko`plab asori-atiqalarni topib, ularni ilmiy jihatdan o`rgandi. Buyuk o`tmishimizning nafis qirralarini, jahonga keng tarannum etish va avlodlarga etkazishga munosib hissa qo`shdi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 27 maydagi «Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori tarixi uzoq-uzoq o`tmishga borib taqaladigan Dalvarzintepani sayyohlik makoniga aylantirishning yangi yo`nalishlarini belgilab berdi.

– Bu vazifalarni amalga oshirish Dalvarzintepa o`z bag`riga chorlayotgan sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishi bilan ham ahamiyatli bo`ldi, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari, yosh arxeolog Z.Alimardonova. – Hudud obodonlashtirilib, infratuzilmasi yanada yaxshilanadi. Keng, ravon yo`llar barpo etiladi. Kyudzo Kato yashab, faoliyat olib borgan hovliga tutash xonadonlarda mehmon uylari, choy tayyorlash marosimi xonalari, yapon uslubida tamaddixona va savdo nuqtalari tashkil etiladi. Arxeologik yodgorlik muzeylashtiriladi. Zamonaviy sanitar-gigienik shoxobchalar, tomosha maydonlari, so`qmoqlar va tungi yoritgichli chiroqlar tashkil etiladi.

Kushon podshohligining ilk poytaxti bo`lgan Dalvarzintepa yodgorligida tadqiqot maydonlarini kengaytirish, Kyudzo Kato uy muzeyini barpo etish ham rejalashtirilgan. Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi mutasaddilari yodgorlik joylashgan hududda bo`lib, mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirdi. Bu erda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

O`tgan yili mahalladagi 43-umumta`lim maktabiga yaponiyalik hassos professor Kyudzo Kato nomi berilib, buyuk qadimshunosning noyob topilmalari o`rin olgan muzey tashkil etildi. Ayni paytda qadimshunos yashagan hovlini ta`mirlab, uning hayotini aks ettiruvchi uy muzeyiga aylantirish bo`yicha loyiha ishlari olib borilmoqda. Avtoturargoh va sanitariya-gigiena shoxobchasini qurish uchun er maydonlari ajratildi. 43-umumta`lim maktabini yapon usulida mukammal ta`mirlash yuzasidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanayotir. Ushbu ta`lim muassasasi negizida Kyudzo Kato nomidagi yapon va ingliz tillarini chuqur o`rganishga ixtisoslashtirilgan «Yosh arxeologlar» maktabining nizomi tayyorlanib, davlat ro`yxatidan o`tkazish choralari ko`rilmoqda.

Mahalliy va xorijlik qadimshunoslar Dalvarzintepada qariyb oltmish yildan buyon arxeologik tadqiqot olib borib, bu erda qadimgi shahar zodagonlari uylari, ishlab chiqarish inshootlari, shu jumladan kulol ustalar mahallasi va xumdonlar, diniy inshootlar, shaharning buddaviylik ibodatxonalari, mudofaa istehkomlarini atroflicha o`rgangan. Ko`plab arxeologik ashyoviy manbalar jumladan, yuksak did bilan yaratilgan badiiy san`at namunalari, badiiy metall buyumlar va hunarmandchilik namunalarini topishgan. Budda ibodatxonasining qoldiqlari, buddaning boshi, qimmatbaho fil suyagidan tayyorlangan shaxmat donalari, gipsdan ishlangan nafis haykallar, mis tangalar, mis ko`zgular, fil suyagidan tayyorlangan taqinchoqlar, shoshqol o`yin donalari singari topilmalar bu makonning qadimdan go`zal shahar va qasrlarga ega madaniyat, san`at, tijorat rivojlangan hudud bo`lganini jonli hikoya qiladi.

Mamlakatimizning boy o`tmishidan so`zlovchi bu yodgorlikda joriy yildan amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar Dalvarzintepani dunyo ahlini maftun etadigan arxeologik turizm maskaniga aylantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo`lmoqda.

Шарҳлар