1

Birinchi MDH o`yinlari Qozon shahrida o`tkaziladi

Sport 07.07.2020, 13:30
Birinchi MDH o`yinlari Qozon shahrida o`tkaziladi

Rossiyaning Qozon shahrida I Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi o`yinlarini o`tkazish masalalariga bag`ishlangan videokonferensiya o`tkazildi. Unda O`zbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari Ravshan Ermatov hamda vazirlikning boshqarma boshliqlari ham qatnashdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Hozirda butun dunyoda koronavirus pandemiyasi sababli sport o`yinlarini o`tkazishda muammolar tug`ilmoqda. Rossiyadagi mavjud sanitariya-epidemiologik vaziyat tufayli ayni paytda ilk marotaba tashkil etilayotgan sport o`yinlarini 2020 yil 4 sentyabrdan 11 sentyabrgacha o`tkazish imkoniyati ko`rib chiqilmoqda. Videokonferensiyada sport o`yinlarini o`tkazish tartibi, xavfsizlik choralari, tibbiy yordam ko`rsatish masalalari muhokama etildi.

Ta`kidlash joiz, I Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi o`yinlarida sportning 22 turi bo`yicha bellashuvlar o`tkaziladi. Boks, sohil voleyboli, stol tennisi, badiiy gimnastika, suv polosi shular jumlasidan. Sportchilar bellashuvlarda 284 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib borishadi.

Musobaqalarda 14 yoshdan 23 yoshgacha bo`lgan sportchilar ishtirok etadi. Hozircha sport o`yinlarida MDHga a`zo 7 mamlakatdan ming nafardan ziyod delegatlar qatnashishi kutilmoqda. Barcha delegasiya a`zolarini ro`yxatdan o`tkazish jarayoni onlayn tarzda akkreditasiya tizimida amalga oshiriladi.

O`yinlar Qozon shahrining 14 ta sport inshootida bo`lib o`tadi.

Sport o`yinlari davomida “Sportchilar qishlog`i”da ishtirokchilar uchun tibbiy markaz tashkil etilib, sport inshootlaridagi doping nazorat punktlari ochiladi.

Mamlakatimizda joriy yilning 1 avgustiga qadar karantin qoidalari joriy etilgani bois mavjud sanitariya-epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda sportchilarimizning musobaqada ishtirok etishlari buyicha yakuniy qarorni Respublika maxsus komissiyasi qabul qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1