“O`zbekkino” Jamoatchilik kengashi rejissyor va prodyuserlarni kinoloyihalarni amalga oshirishda korrupsiyadan voz kechishga chaqirdi

Madaniyat 09.07.2020, 08:05
“O`zbekkino” Jamoatchilik kengashi rejissyor va prodyuserlarni kinoloyihalarni amalga oshirishda korrupsiyadan voz kechishga chaqirdi

“O`zbekkino” MAjamoatchilik kengashining birinchi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda  “O`zbekkino” MAning korrupsiyaga qarshi kurash rejasi muhokama qilindi va qabul qilindi. “O`zbekkino” bosh direktori Firdavs Abduxoliqov tomonidan Jamoatchilik kengashi muhokamasiga taqdim etilgan rejada sohaga moliyaviy shaffoflik mexanizmlarini joriy etish, davlat mablag`larining sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, katta byudjetli filmlar xarajatlari smetasini tuzishda korrupsiya holatlari va badiiy kengashda ko`p mablag` talab etiladigan kino loyihalarni lobbilashni oldini olish, kino loyihalari uchun hujjatlarni tayyorlashda prodyuserlar va rejissyorlarga ekspertlar yordamini ko`rsatish choralari nazarda tutilgan. 

“Biz ekspert komissiyasini tuzdik, uning zimmasiga endilikda kino loyihalari uchun sarf-xarajatlar smetasini professional ekspertizadan o`tkazish vazifasi yuklatilgan” – deb ta`kidladi Jamoatchilik kengashi raisi Hamidullo Hasanov.

Jamoatchilik kengashida, shuningdek, Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasining "O`zbekkino" tizimida 2017-2019 yillarda o`tkazilgan tekshiruv bo`yicha hisoboti tinglandi. Ushbu tekshiruv agentlik rahbariyati tomonidan joriy yilning aprel oyi boshida boshlandi va 30 kun ichida “Avloniy”, “Baron-2”, “Elparvar”, “Qo`qon shamoli”, “101-reys” va boshqa bir qator yirik byudjetli film loyihalarini qamrab oldi. Jamoatchilik kengashi "O`zbekkino"ning kino ishlab chiqarish sohasidagi yirik qoidabuzarliklar holatlari keltirilgan tekshiruv natijalarini inobatga oldi. Jamoatchilik kengashi a`zolari taniqli rejissyor Sanjar Boboevning hisobotda ma`lum qilingan faktlar vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan holatda, huquqbuzar kompaniyalarni bundan buyon moliyalashtirish to`xtatilishi va davlat kino loyihalarida qatnashishiga yo`l qo`yilmasligi haqidagi taklifini bir ovozdan qo`llab-quvvatladilar.

Hamidullo Hasanov, Qamara Kamolova, Botir Bazarboev, Azamat Ergashev, Anvar Irgashev va boshqalar bu borada o`z fikrlarini bildirdilar. Shu bilan bir qatorda, amalga oshirilgan kinoloyihalarga maslahat yordamini ko`rsatish uchun tekshiruv hisobotida aks etgan tashkilotlar vakillarining ma`lumotlarini tinglashga qaror qilindi. Shuningdek, yo`l qo`yilgan huquqbuzarliklar muammolari tayyorlanayotgan 2020-2030 yillar uchun kino sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi va Kino to`g`risidagi qonun loyihasida ularni  hal etish yo`llarini topish maqsadida o`rganiladi.

Jamoatchilik kengashida, shuningdek, "Abdullo Qodiriy" yirik byudjetli kino loyihasining smeta qiymati (19 milliard so`mdan ortiq, rej. Umid Hamdamov) kabi masalalar ham ko`rib chiqildi. Kino loyihasining ayrim qismlarida mablag`lar oshirib yuborilganligi qayd etildi, shuningdek, film smetasini maqbullashtirish taklif etildi. Shuningdek, jamoatchilik kengashi kinoijodkorlarning jamiyatdagi xulq-atvor etikasi masalasi ham ko`rib chiqdi. Bu borada Kamara Kamalova, Sobir Nazarmuhamedov, Askar Fathullin, Sayyora Xudoyberdieva, Sanjar Boboev va boshqa kengash a`zolari bu o`z fikrlarini bildirdilar.

“Mana anchadan buyon Stalin totalitarizmi qurboni bo`lgan taniqli o`zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy haqida film yaratish haqida so`z bormoqda. Biroq suratga olish guruhi bo`lajak suratga olish ishlariga munosib ravishda hozir bo`lmaganligi va tegishli hujjatlarni tayyorlamaganligi sababli masala hal qilinmayapti. JK a`zolari rejissyor Umid Hamdamov va suratga olish guruhining boshqa vakillari bilan nima uchun bunday bo`lganligi va bu muammoni qanday hal qilish haqida suhbatlashdilar. Ma`lum bo`lishicha, filmni yaratish uchun aniq ishlab chiqilgan reja va rejissyor ssenariysi mavjud emas, natijada ba`zi noto`g`ri mish-mishlar paydo bo`lgan. Kino san`ati sohasidagi katta va tajribaliroq hamkasblar tomonidan bir qator foydali maslahatlar va tavsiyalar bildirildi”, – deya fikr bildirdi jurnalist Boris Babaev. 

Ta`kidlash joizki, Jamoatchilik kengashining vazifalari kinematografiya sohasida korrupsiya va noprofessionallik holatlariga qarshi kurashish, bahsli, nizoli vaziyatlarni hal etish, shaffoflikni ta`minlash va kino sohasini rivojlantirishga ko`maklashishdir. Hozirgi vaqtda kengash tarkibi 18 a`zodan iborat. Bular taniqli rejissyorlar, aktyorlar, ssenariynavislar, prodyuserlar, kinoshunoslar, fan va madaniyat namoyandalari, jurnalistlar va pedagoglardir. 

Ma`lumki, joriy yilning 30 iyun kuni O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev videoselektor yig`ilishida vazirliklar va idoralarda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasini ko`tardi. Davlat rahbari barcha tuzilmalarda asosiy vazifasi ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash, shuningdek, faoliyatni raqamlashtirishdan iborat bo`lgan “Korrupsiyadan xoli” dasturini ishlab chiqish zarurligini ta`kidladi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1