1

O`zbekistonda COVID-19 profilaktikasi va undan davolanish uchun tavsiya etilgan dorilar ma`lum qilindi

Salomatlik 15.07.2020, 09:30
O`zbekistonda COVID-19 profilaktikasi va undan davolanish uchun tavsiya etilgan dorilar ma`lum qilindi

O`zbekistonning bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov COVID-19`dan uy sharoitida davolanish uchun tavsiya etilgan preparatlar haqida ma`lumot berdi. 

«Koronavirusdan uyda davolanish ham bevosita hududiy poliklinikalar kuzatuvi ostida, shifokorlar nazorati ostida amalga oshiriladi. Zinhor biron-bir davolash chorasini tibbiyot xodimlarining maslahatisiz qilish kerak emas. Tibbiyot xodimlari bevosita sizning ahvolingiz, kasallikning kechishi, yondosh kasalliklarning mavjudligidan kelib chiqib sizga tegishli tavsiyalarni beradi.

Sog`liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan uy sharoitida davolanish bo`yicha tartib ishlab chiqilgan. Ushbu tartibga muvofiq, bir necha preparatlar, xususan azitromisin, «Plakvenil» (gidroksixloroxin), lopinavir/ritonavir, remdesivir, umifenovir va favipiravir kabi dorilar tavsiya etiladi.

Bu dorilarning barchasi profilaktika maqsadida, kasallik yuqishining oldini olish uchun ham ishlatilishi mumkinligi aytilyapti. Lekin har qanday holatda ham siz bu kabi dorilarni o`zingiz emas, tibbiyot xodimlarining tavsiyasiga asosan olishingiz va qabul qilishingiz kerak bo`ladi.

Sizning eng asosiy vazifangiz – immunitetingizni barqaror ushlab turish uchun imkoniyatlarni ishga solish», – dedi epidemiolog AOKAda bo`lib o`tgan brifingda.

Ma`lumot uchun, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti shu oy boshida COVID-19 terapiyasida remdesivirni eng samarali dori deb topib, lopinavir/ritonavir va gidroksixloroxin sinovlarini to`xtatgan edi.

Eslatib o`tamiz, bemorlarni uyda davolashga o`tilishidan oldin SSV shtabi a`zosi Habibulla Oqilov COVID-19`dan davolashda antibakterial preparatlardan azitromisin, virusga qarshi lopinavir/ritonavir, gidroksixloroxin va «Avigan» (favipiravir), qon suyultirish uchun geparin, «Kleksan» kabi dorilar ko`proq ishlatilayotganini aytgan edi.

«Oksigenoterapiya (kislorod bilan davolash) xam yaxshi samara ko`rsatyapti. Og`ir turlarda simptomatik davo o`tkaziladi, ya`ni sun`iy nafas olish apparatiga ulanadi», – degandi Oqilov.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1