Rixsi Ibrohimova: «Men qanday ona bo`ldim bilmadim, lekin u o`g`illikni ortig`i bilan bajardi»

Madaniyat 17.07.2020, 14:32
Rixsi Ibrohimova: «Men qanday ona bo`ldim bilmadim, lekin u o`g`illikni ortig`i bilan bajardi»

O`zbek kino va teatrining etuk aktyori, qalbga yaqin ko`pgina rollari bilan tomoshabinlar ko`nglidan joy olgan Abduraim Abduvahobov shu oyning 14 iyul sanasida 57 yoshida olamdan o`tdi. Hayot naqadar qisqa ekanligini umrimiz o`tgani sayin anglab boramiz! Yaxshiliklar qilishga, yaqinlarimiz va bizni tanigan insonlar xotirasida yaxshi inson bo`lib qolishga intilamiz. Barchamizning sevimli aktyorimiz Abduraim Abduvahobov ham butun o`zbek xalqining yodida. Intervyularining birida o`zi ta`kidlaganidek, haqiqatparvar, oqibatli, mehribon inson hamda mahoratli aktyor sifatida muhrlanib qoldi. Aktyorning yaqin hamkasblari uni shunday xotirladi:

Rixsi Ibrohimova:

— Biz Abduraim Abduvahobov bilan nafaqat sahnada, hayotda ham ona-boladek yashadik! Men qanday ona bo`ldim bilmadim, lekin u o`g`illikni ortig`i bilan bajardi.

Biror ko`rsatuvga chaqirishsa, keksaligim sabab televidenie ma`muriyati menga mashina yuborishmoqchi bo`lishardi. Shunda Abduraim: «Mashina kerak emas, onamni o`zim olib boraman!» deb rad javobini berardi. Qaytishda esa «Ko`chamning boshigacha olib keldingiz, bu yog`iga uygacha o`zim ketaman», desam, "Onajon, sizni elkamda ko`tarib yurganim yo`q-ku! Uyingizga kirganingizni ko`zim bilan ko`ray, ko`nglim tinch bo`ladi", derdi. Umuman, har tomonlama o`rnak bo`ladigan inson edi.

Abduraimdan ayrilib qolgan kunimizdan buyon telefon qilganlar “O`g`lingizdan ayrilib qolibsiz! Xudo sabr bersin!", deb hamdardlik bildirishmoqda. Ha, men rostdan ham o`g`limdan ayrildim! U kabi san`atkorlar ming yilda bir keladi! Abduraim "Shum bola"ni o`ynab, yoshligidanoq o`ziga haykal qo`yib bo`lgandi!

Hurmat qiladigan yana bir jihatim shuki, u umri davomida birovni g`iybat qilmadi, birovga g`iybat ham qildirmadi! O`zini toza saqladi. Qalbini asradi. Odamlarga beminnat yordam berdi. Evaziga esa «Duo qilsangiz bo`ldi!» derdi rahmatli. Mana, ortidan ham duo qilib o`tiribmiz. Shunchalik shoshib yashadiki, o`limi bilan ham bizlarga dars, saboq berib ketdi!

Fathulla Ma`sudov: 

— Abduraim Abduvahobov - O`zbekistonda xizmatda ko`rsatgan artist, kino va teatr aktyori, oliyjanob inson, mehribon do`st, haqiqatgo`y, to`g`ri yashashni sevadigan, yolg`onni yomon ko`radigan, bolaligidan xalqqa tanilgan, san`atda halol xizmat qilgan do`stimiz bu dunyoni tark etdi. Bu nafaqat O`zbek Milliy akademik drama teatri, butun O`zbekiston uchun juda fojiali kun bo`ldi. Uning muxlislari juda ko`p! Abduraim Abduvahobov irodali, sabrli, kuchli inson edi.

Adashmasam, bundan uch yil avval do`stim «grija» kasaliga chalinib qoldi. Davolanishga harakat qilib, tekshiruvlardan o`tdi. MRT qildirmasdan, faqat beldagi og`rig`ini davolatish bilan shug`ullandi. Abduraim Abduvahobov quvnoq va xushchaqchaq odam ediki, u-bu eri og`rib qolsa ham, e`tibor bermasdi. U o`zini «grija» bo`lib qoldim, deb o`ylab yurdi. Lekin bir oy oldin sog`ligi yomonlashib, o`zini yomon his qilgach, uni MRT tekshiruvidan o`tkazishdi. Shunda uning o`pkasidan «rak» chiqqanini aniqlashibdi! Bu kasallikning og`ir ko`rinishi bo`lib, boshqa organlariga ham zarar etkazgan. Kasallik shu darajaga kelguncha chidab yurgan. Bir necha yil oldin tezlik bilan ozdi ham! Nega ozib ketding, deb so`raganimizda: «Non emayapman! Kechki payt ovqat emayapman», dedi. Xullas, aniqlashsa, rak bo`lib qolgan ekan! Avvalo o`ziga bildirishmadi. Keyin oila a`zolari bilan birga uning kasalligi bilan kurasha boshladik. Bu xabarga ishonmasdan boshqa shifoxonalarga borib yana va yana tekshiruvlardan o`tdik. 

Hammasida bir xil javob chiqdi! Onkologiya shifoxonasiga borgach, o`zi his qilgan. Ketma-ket quruq yo`talavergan, badanida og`riq paydo bo`ldi, ishtahasi ham yo`qolib qoldi. Birmuncha muddat davolanib yurdi, keyinchalik oshqozonida ham yarasi borligi aniqlandi! Do`stimni qandli diabetdan, koronavirusdan vafot etdi, degan xabarlar tarqalibdi. Yo`q, Abduraim Abduvahobovga onkologiya tashxisi qo`yilgan. U juda ajoyib inson edi! 57 yoshga kirdi! 8 mart kuni tug`ilgan! Biz har yili teatrimizning onaxonlari, opa-singillarini tabriklaganimizda, Abduraimning tug`ilgani kuni uchun alohida erkaklarga xos sovg`a olardik. Abduraim buni juda yaxshi qabul qilardi, “Men onalarni yaxshi ko`raman, shuning uchun ham onam meni bayramda tuqqanlar”, derdi. Otasidan erta ayrilgan. U teatr va kinoda juda ko`p rollar ijro qildi. Abduraim bolaligidan xalqimizning sevimli aktyoriga aylandi. U pazandalikda ham “qo`li shirin” edi. Doim osh pishirishni Abduraimdan iltimos qilardik! Ustozlarni hurmat qilardi, biz hech qachon Abduraim Abduvahobovni yodimizdan chiqarmaymiz! Oila a`zolariga chuqur ta`ziya izhor qilamiz!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1