1

«Farzandimni rahit deyishdi...»

Salomatlik 30.11.2015, 09:31
«Farzandimni rahit deyishdi...»

«Ikkinchi o`g`limni tibbiy ko`rikdan o`tkazish uchun olib borgandim. Bolalar jarroxi «farzandingizda raxit alomatlari bor», dedi. To`g`ri, bolam salgina nimjon, ammo raxit belgilarini sezmagandim. Endi nima qilsam bo`ladi? Davolasa, asorati bo`lmaydimi?»

Karima Olloyorova, Xorazm viloyati

Raxit – kichik yoshdagi bolalarda uchraydigan kasallik bo`lib, organizmda kalsiy va fosfor almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadi. Ushbu kasallikni D vitamini tanqisligi ham deyishadi. Kichkintoy hayotininng dastlabki yillari tez o`sadi. Rivojlanish jarayonida bola suyaklarining to`g`ri o`sishi uchun kalsiy va fosfor elementlari zarurdir. D vitamini organizmda kalsiy va fosforning ichakdan so`rilishi, mushak va boshqa a`zo to`qimalariga etib borishini boshqaradi. Agar organizmda D vitamini etishmovchiligi kuzatilsa, bolaninng kalsiy va fosfor elementlariga bo`lgan ehtiyoji qondirilmaydi. Bu esa yuqoridagi murojaatda tilga olingan raxit kasalligiga olib keladi. Xastalik asosan kichik yoshdagi bolalar orasida uchraydi deyapmiz, demak, u barcha kichkintoylarga xavf solishi mumkinmi? Davolash va oldini olish choralari qanday? Bu haqda shifokor pediatr Saltanat TO`LABOEVA ma`lumot beradi.

Vitamin etishmasligi nimalarga olib keladi?

Bola organizmida D vitamining etarli miqdorda bo`lmasligi,  suyaklar yumshashiga, mushak va bo`g`imlar bo`shashishi, immunitet sustlashishi, kamqonlikka olib kelishi mumkin. Buning natijasida esa bola boshi va gavdasini to`g`ri tutishga qiynaladi, liqildog`i yumshab ketib, juda sekin bitadi. Tishlar chiqishi ham kechikadi. Surunkali kasalliklarga moyillik ortishi mumkin. Muolaja vaqtida bajarilmasa, organizm rivojlanishda davom etadi-yu, ammo bola suyaklarining qiyshiq o`sish ehtimoli ortadi. O`tkazib yuborilgan raxitda umurtqa pog`onasining bukchayishi, ko`krak qafasining pastga qarab enkayib qolishi,  oyoqning «X» yoki «O» shaklida qiyshayishi kuzatilishi mumkin. Shu bilan birga bolada yassioyoqlik rivojlanadi.

Homiladorlik vaqti ona organizmida kalsiy - fosfor almashinuvining buzilishi, homiladorlikning og`ir kechishi, bolaning oyiga etmay tug`ilishi ham raxitga sabab bo`lishi mumkin.

Kasallik belgilarini qanday aniqlash mumkin?

«Farzandimda raxit bor-yo`qligini qanday bilaman» deyotgan bo`lsangiz, quyidagi belgilarga diqqat qiling. Avvalo kichkintoyni kuzating. Bo`y o`sishi, vazn ortishi va umumiy holatida o`zgarishlar yo`qmi? Odatda raxit alomatlari sifatida bola uyqusining buzilishi, emayotganida ko`p terlashi,  tovush va yorug`lik nuridan cho`chishi, teri toshmalari (issiqlik toshishi mumkin), boshning ensa qismida soch to`kilishi, injiqlik va bezovtaliklar e`tirof qilinadi. Bordiyu ushbu belgilardan birortasi dilbandingizda kuzatilayotgan bo`lsa, albatta, shifokorga murojaat eting.

Katta yoshdagi bolalarda ham bo`ladimi?

Raxit go`daklar orasida ko`proq kuzatilsada, 2-4 yoshli bolalarda ham uchrab turadi. Har bir inson organizmi individual ekanligini hisobga olsak, ayrimlarda kasallik ertaroq ayrimlarda esa kechroq ham yuzaga chiqishi mumkin. Qolaversa, kichkintoy qo`shimcha ovqatlarga o`tkazilganida ko`pincha egulikning foydali xususiyati unutilib, asosan  ta`miga ahamiyat beriladi. Bu ham kalsiy va fosfor almashinuvining buzilishiga sabab bo`lishi mumkin. Biroq kasallik bedavo emas. Vaqtida murojaat qilinsa, davolash samarali bo`ladi.

Qanday ko`rinishlari bor?

Tibbiyotda qabul qilingan tamoyilga asosan, raxitning kechishi boshlang`ich va rivojlanayotgan davrlarga bo`linadi. Darajasiga ko`ra engil, o`rta va og`ir ko`rinishlari farqlanadi. Kasallik qachon boshlangani va qanday belgilar namoyon bo`layotganiga qarab, o`tkir va avj olayotgan turlarga ajratilishi mumkin.

Rentgen qilinadimi?

Bolaning umumiy ahvoli hamda tashqi ko`rinishidagi o`zgarishlar kasallikka taxmin qilish uchun birinchi ko`rik vazifasini o`taydi. So`ng mutaxassis ko`rsatmasi bilan rentgent tekshiruvi o`tkazilishi mumkin. Umuman olganda, kasallikka tashxis qo`yishda boladagi rivojlanish holatining o`zi kifoya. Raxit tasdiqlanganida esa shifokor zarur muolaja usulini buyuradi. Har bir bemor uchun muolaja davomiyligi turlicha bo`lishi mumkin. Asosiy davo choralari qatorida D vitamini ham belgilanadi.

Profilaktikasi bormi?

Farzandingiz raxitga chalinmay sog`lom o`sishini istasangiz quyidagi tavsiyalarni  bilib qo`yish foydadan holi bo`lmaydi.

  • Avvalo homiladorlik davridan boshlab, o`zingizni avaylang. Shifokor ko`rsatmasi bilan kalsiy preparatlarini qabul qilishni unutmang. Ko`proq quyosh nurida sayr qiling. Bordiyu homiladorlik kuz-qish mavsumiga to`g`ri kelsa, vitaminga boy mahsulotlardan tanovul qilishingiz lozim;
  • Bolani olti oygacha faqat ona suti bilan parvarishlang. Emizish davrida o`zingiz ham vitaminli mahsulotlardan tanovul qiling;
  • Qo`shimcha ovqatlarga o`tilganida, bola taomnomasida go`sht, tuxum, baliq kabi mahsulotlar bo`lishiga ahamiyat bering;
  • Qishda ertalabki soat 9:00 dan 09:30 gacha, yozda esa soat 11:00 gacha sayr qilishga odatlaning. Bu raxitning tabiiy profilaktikasi;
  • Issiq kunlarda quyoshli yoki havo vannalarini qabul qilish mumkin. 

N.Ilyosova tayyorladi

 

 

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1