Rasmiy bayonot: bir nechta omillar sababli elektr ta`minoti tizimiga 0,8–1,0 % miqdorda cheklovlar kiritilmoqda. Bu haqda Milliy elektr tarmoqlari AJ ma`lum qilgan.
"Milliy elektr tarmoqlari" AJ axborot xizmati xabar berishicha, elektr energiyasiga bo`lgan talab sezilarli darajada oshayotgan so`nggi kunlarda, ya`ni joriy yil 21 iyul kunidan boshlab, energotizimda ishlab chiqarilayotgan va iste`mol etilayotgan elektr energiyasi orasida nomutanosiblik vujudga kelib, natijada energotizimdagi yirik avariyaviy holatlarning oldini olish va uning barqaror ishlashini ta`minlash (energotizim parametr ko`rsatkichlarini me`yor darajasida saqlash) maqsadida respublika iste`molchilariga cheklovlar kiritilmoqda. Respublika bo`yicha kiritilayotgan cheklov miqdori taxminan 1,5–2,0 mln.kVt•soatni tashkil etmoqda. Bu kunlik o`rtacha iste`molning (195,6 mln. kVt•soat) 0,8–1,0 % ini tashkil etadi.
Shu bilan birga, respublika bo`yicha vaqtinchalik elektr ta`minotidagi uzilishlariga qo`shni Tojikiston energotizimidan qabul qilinayotgan elektr energiyasi importi hajmining keskin qisqarishi ham sabab bo`lmoqda.
Ma`lumot uchun, Tojikistonda suv tanqisligi oqibatida joriy yil 16 iyul kuni soat 02:33da kuchlanishi 500 kV bo`lgan «Regar» va «Surxon» podstansiyalarini bog`lovchi L-508 havo elektr uzatish tarmog`i orqali import amaliyoti to`xtatilgan va import miqdori sutkalik o`rtacha 12,0 mln.kVt•soatdan 0,3 mln kVt•soatgacha kamaygan.
Bundan tashqari, respublikamizda joriy yilda kuzatilayotgan suv tanqisligi sababli O`zbekiston gidroelektrostansiyalarida shartnomaviy miqdorga nisbatan kunlik 6-7 mln. kVt•soat, o`tgan yilning mos davriga nisbatan 10–12 mln. kVt•soat kam elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda va bu ham, o`z navbatida, elektr energiyasi tanqisligini yuzaga keltirmoqda.
Mavjud holatni barqarorlatirish maqsadida «O`zbekiston MET» AJ o`z vakolatlari doirasida «Turmenenergo» kompaniyasi bilan elektr energiyasi importi bo`yicha shartnoma imzolangan bo`lib, ushbu amaliyotning boshlanishi 2020 yil 28 iyuldan kutilmoqda.