AsosiySport

O`zPFLning barcha bahslari qoldirildi

'O`zPFLning barcha bahslari qoldirildi'ning rasmi

Karantin talablari kuchaytirilayotganidan kelib chiqib, O`zPFL o`z musobaqalarini tartibga solib keldi. Bunda tashkilot birinchi galda klublar duch kelishi mumkin bo`lgan muammolar hamda futbolchilar salomatligi masalasini birinchi o`ringa qo`ydi.

Birinchi galda Birinchi liga va Ayollar chempionati musobaqasi, keyinroq esa futzal chempionati noma`lum muddatga qoldirildi. Coca Cola Superliga hamda Pro liga musobaqasi esa davom ettirildi. Orada virus yuqtirib olgan futbolchilar aniqlangach, O`zPFL har ikki musobaqani avgustga qadar to`xtatishga qaror qildi.

Bugun — 27 iyul kuni O`zbekiston futbol assosiasiyasi respublikada karantin talablari 15 avgustga qadar uzaytirilganidan kelib chiqib, mana shu muddat davomida futbol uchrashuvlarini o`tkazmaslik bo`yicha tavsiya xatini taqdim etdi. Ya`ni, terma jamoalar uchun mas`ul tashkilot ham futbolchilar salomatligi masalasini birinchi planga olib chiqdi.

O`z navbatida O`zPFL ham mavjud holat, qolaversa, futbolchi va murabbiylar bilan bog`liq sharoitlar, mamlakatimizda hukm surayotgan karantin davri hamda undagi murakkabliklarni inobatga olib, barcha futbol musobaqalarini 15 avgustga qadar qoldirdi. Barchamiz uchun sog`ligimiz birinchi o`rinda.

Musobaqaning qay tariqa tiklanishi, taqvim va format qay ko`rinishda bo`lishi masalasiga keyinroq oydinlik kiritiladi, deyiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar