AsosiyJamiyat

2016 yil O`zbekistonda "Sog`lom ona va bola yili" deb e`lon qilindi

 

“O`zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 5 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kunning 23 yilligiga bag`ishlangan tantanali yig`ilish bo`lib o`tdi.

Unda davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va san`at namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

Yig`ilishni Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ochdi.

O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tantanali yig`ilishda ma`ruza qildi.

Davlatimiz rahbari O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta`minlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati bo`lib kelayotganini ta`kidladi.

Ushbu tarixiy sanani bayram qilar ekanmiz, mustaqilligimizning mustahkamlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning izchil rivojlanishi, aholi turmush darajasining yuksalishi, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi ortishi – barcha yutuq va imkoniyatlarimizda Asosiy qonunimizning ahamiyati yuksak ekanligini yanada teran anglaymiz.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi bayramining yana bir muhim jihati, shu kuni xalqimizning ezgu intilishlarini ifoda etadigan,  jamiyatimiz rivojiga xizmat qiladigan eng ustuvor yo`nalishlar belgilab olinadi va kelgusi yilga shunga muvofiq nom beriladi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2015 yil Keksalarni e`zozlash yili deb e`lon qilingan edi.

“Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturi asosida yoshi ulug` insonlarning hayot darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan me`yoriy-huquqiy baza takomillashtirildi. Keksalarning ko`nglini ko`tarish, salomatligini mustahkamlash, moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash ko`lamini kengaytirish, tibbiy va ijtimoiy xizmat ko`rsatish sifatini oshirish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. Faxriylarning hayot faoliyati va dam olishini mazmunli tashkil etish, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashda ularning tajribasidan foydalanishga alohida e`tibor qaratildi.

Vatanimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish yo`lidagi bunday ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov kirib kelayotgan yangi – 2016 yilni mamlakatimizda Sog`lom ona va bola yili deb e`lon qilishni taklif etdi. Davlatimiz rahbarining bu taklifini yig`ilganlar gulduros qarsaklar bilan qo`llab-quvvatladi.

Tantanali marosim san`at ustalari va yosh ijrochilarning bayram  konserti bilan yakunlandi.

 

 

Boshqa yangiliklar