1

Sevgi hikoyalari: “Kutgan kabi saharni bemor”

Mutolaa 09.12.2015, 12:04
Sevgi hikoyalari: “Kutgan kabi saharni bemor”

Shahardagi bir   sport  zaliga universitetdan, kollejdan yigit va qizlar volleybol musobaqasiga keldilar. Tomoshabinlar bilan o`yinchilar orasida faqat bir chiziq tortilgan edi. Ular orasidagi masofa juda yaqin bo`lib tomoshaga kelgan yigit bunday go`zal, dunyodagi eng jozibali qizni jamoada ilk bor ko`rayotgandi.

o`ngliga ajib bir iliqlik yugurganini his qildi. Qiz o`yinda ishtirok etarkan, uning yonidan o`tib ketdi. Ko`zlari to`qnashgan lahzada qiz kulimsiradi. Yigit o`sha yillari juda mashhur edi. Qiz uni tanisa kerak. Kim bilsin, balki qiz ham uni yoqtirib qolgandir. Balki yigit shunday bo`lishini xohlagani uchun xayoliga shu o`y kelgandir?

Uning jamoasining joyi o`zgargach, yigit ham o`z o`rnini o`zgartirib qarshi tomonga o`tdi. Uchinchi bo`limda esa yana  avvalgi joyiga qaytdi. Qiz bu kelish ketishlarni sezdi. Yana bir marta jilmaydi. Ma`nodor qarab “tushundim” degan kabi jilmayib qo`ydi. Yigit bir hafta bo`yi jozibali bu qizni kuzatdi. Yakshanba kuni o`yinga borish va o`sha go`zal qizni ko`rish uchun barvaqt o`rnidan turdi. Yigit qizning hech bir o`yinini o`tkazib yubormas, yangi  kollej binosi tevaragida, dars vaqtida, maktab atrofida o`sha qizni yana ko`rish uchun aylanib yurardi. Uchrashib qolganlarida engil, juda engil bir jilmayish bilan bosh egib bir-birlari bilan salomlashishardi. Yigit kun bo`yi o`z-o`ziga kulib yurardi.

Bir kuni yana xuddi tasodifan bo`lganday qizning qarshisidan chiqdi va jilmayib salomlashdi. So`ngra orqa ko`chaga o`tib chaqmoq kabi ko`zdan g`oyib bo`ldi, keyingi yo`lakda yana ro`paradan  chiqdi. Qiz bu safar oldingidan ham o`zgacharoq tabassum hadya etdi. Yigitni ko`rgani zamon og`ir-og`ir nafas olardi.

Yigit voleybol jamoasining sardorini  yaxshi tanirdi. Ular do`st edilar, oxiri butun jasoratini to`plab, sardorga  dardini aytdi. Qizga oshiqu beqaror bo`lib qolgan edi. Qizning ko`nglida ham bunga mone`lik yo`qdek edi. “Biz bir-birimizga taqdir etilganmiz”, degan o`y yigitning xayolidan ketmasdi. Kapitan:

— Shu hafta oxirida chiroyli bir konsert bor. Biz u erga borishga kelishgandik, sen ham kel. Konsertni birgalikda tomosha qilamiz, ham tanishib olasizlar, — dedi.

“Bu baxt” – o`yladi yigit. Konsert kunigacha tunlari uxlayolmay chiqdi. Konsertdan keyin ham hech esidan chiqarolmadi, bu qanday hayajonli damlar  edi. Konsert beriladigan kinozalning eshigi oldida tanishdilar. Qo`l siqishdilar. Shunday latofatli qizning bejirim qo`llarini his qilganini ham hech unutmadi. Sardor  zalga kirgach, atay yigit va uning nazdidagi dunyoning bu go`zal malagi yonma-yon o`tirishlariga ustamonlik bilan imkon yaratib berib, o`zini chetga oldi. Yigit u bilan yonma-yon o`tirganiga hech ishongisi kelmas, uning taftini, nafaslarini his qilib turganiga ishonolmasdi.

Birozgina oldin tanisharkanlar, qizning qo`llaridan tutgan edi. Oralarida bir qarichgina masofa bor edi hozir. Sahnada qo`shiq kuylanarkan, “bu qo`shiq dunyodagi eng romantik qo`shiq, go`zal qo`shiq”, deya o`ylardi yigit. U mana shu latif qo`llarni yana tutmoqni ich-ichidan orzu qilardi. Ammo qo`lini uzata olmasdi. Hammasi yaxshi ketayotgan bir paytda yanglish bir harakat bilan hurkak ohuni cho`chitib yuborishdan qo`rqqan ovchidek bu hurliqoni ranjitib qo`yishdan qo`rqardi. Oxiri hayajonini bosolmadi, xuddi uvishib qolganday qo`lini uzatdi. Qo`lini qizning o`rindig`i orqasiga qo`ydi. Qiz o`rindiqqa yastangan mahal bir necha soch tolasi yigitning qo`llariga tegib ketdi. Qalbining tub-tubida yoshlikka xos bo`lgan bir his barq urardi, chunki shu lahzalarda bu dilbar qizning sochlari uning qo`llariga tegib turardi. Konsertdan chiqarkanlar, qiz hazillashdi:

— Sizni har bitta o`yinimizda ko`ramiz, deyarli komandamiz a`zosisiz. Samarqandda o`rtoqlik uchrashuvimiz bor, albatta boring, kutaman!

Yigit borishga shu zahotiyoq qaror qildi. Hozir cho`ntagida u Samarqandga avtobusda etib olish uchun, hatto kabob olib eyishga etadigan puli bor edi. Tun yarmiga borganda u avtobusga o`tirdi. Tongga yaqin shaharga kirib keldi. Match boshlangunga qadar boshqa yumushi bo`lmasa ham zalga kirib to`liq tomosha qilsa bo`ladigan eng yaqin joyga o`tirdi.

Jamoalar chiqib kelarkan, tomoshabinlarning hayajonli qiyqiriqlari eshitildi. Avvaliga qiz uning kelganini ko`rmadi, ular ikkinchi bo`limda boshqa tarafga o`tdilar. Aylanib o`tayotganlaridagina uchinchi bo`limda qiz yigitni ko`rdi. Yuzida biroz hayrat, biroz baxtiyorlik, biroz g`urur aks etgan edi. Bir yigitning o`zini deb poytaxtdan bu erga kelganini his qilishning g`ururi edi bu.

O`yin tugagach qiz kiyimini almashtirishga, yigit esa garajga ketdi. Bir so`z demadilar, ammo qiz gaplashishni istar, “Koshki, shu erda qolsayding”, derdi ichida. Qizgina nelarnidir aytishni istayotgandi aslida.

...Bir kuni yigit universitet oshxonasida gazeta varaqlay turib, ichki sahifada bir she`rga ko`zi tushdi. To`g`rirog`i, bir she`rdan olingan to`rtlik edi. Ko`ngliga tugib yurgan va suyuklisiga aytmoqchi bo`lgan har bir gapi aynan mana shu to`rtlikda yozilgandi.

Shu to`rt misra she`rni oppoq bir qog`ozga yozdi-da, kollejga ketish uchun shoshildi. Qiz yo`lning narigi tomonidan ketayotganini ko`rdi. Yoniga chopib borib “Bu senga” dedi qog`ozni qo`liga tutqazib va o`zi ko`zdan g`oyib bo`ldi. Qiz Najib Fozilning qalamiga mansub satrlarni o`qiy boshladi:

                                                   Kutgan kabi saharni  bemor,

Yo mayitni kutgandek lahad,

Ko`z tikkandek gunohga shayton,

Seni intiq kutaman faqat...

Ertasiga oshiq yigit ta`rifga sig`mas hayajonlar ichra kollejning yonida paydo bo`lgandi, qiz qarshisidan kelardi. Bu safar yonida do`stlari yo`q, yolg`iz edi. Yaqinlasharkan yigitga imo qildi, yigit ko`zlariga ishonmasdi. Uni chaqirayotganiga ishonolmasdi. Albatta, chaqirdi. Yaqinlasharkan yuragi urishdan to`xtab qolayotganday edi.

— Sizga ba`zi narsalarni aytishni xohlardim, — dedi qiz. U ham hayajonlanayotgan edi. — Yaxshilab eshiting, chiroyli she`r uchun katta rahmat. Sizga befarq emasligimni bilasiz, ammo mening boshqa bir  tanishim bor. Uni ham yoqtiraman va hanuzgacha qay biringiz ko`nglimga ko`proq yoqishingiz haqida biror qarorga kelolmadim. Uni tark etishim uchun ham biron sabab yo`q.

— Bir vaqtlar kelib men haqimda bir qarorga kelganingda,  hayotingda boshqa kimsa bo`lmasa meni izla, —  dedi-da yigit shart burilib, volleybol o`yiniga ketmasdan, maktab yo`lagiga kirmasdan xuddi uni hech qachon ko`rmaganday qizning yonidan o`tib ketdi.

Yillar o`tgandan so`ngra bu qo`shiqlar nurli bir xayolga aylanib qolishini yigitning yuragi sezayotgandi. Ishqqa shunday sharaf lozim edi. Kunlar, haftalar, oylar kutdi. Turli holatlarda – qizga yozib bergan to`rtlikdagi kabi kutdi. Xasta tongni, qabr mayyitni, shayton gunohni kutgani kabi kutdi. Hayajon ila kutdi, ehtirosli orzular og`ushida kutdi. Umid-la, umidsizlik-la kutdi. Ba`zan o`pkalanib kutdi.

Shunday kunlarning birida she`riy antologiyada o`sha she`rning davomini o`qib qoldi. Ikki to`rtlikdan iborat she`r. Bu erda ikkinchi to`rtligi ham bor edi. U to`rtlikni bir qog`ozning orqasiga diqqat bilan yozib cho`ntagiga solib qo`ydi. Kutish davom etardi, davomiy edi. Maktablar yopildi, ochildi. Oylar…oylar o`taverdi. Bir kuni yigit qizni to`satdan qarshisida ko`rdi.

— Necha kunki sizni izlayman, — dedi.  — Qachondan beri sizni izlayman. Hayotimda ortiq hech kim yo`q!.

— Ie, — dedi yigit. “Ie, ie” derdi faqat. Yuragi hayajondan o`ldiradigan darajada tepardi. Oylarki ortiq yasholmaydigan darajada kutgani endi kelib turganidan og`zidan faqat shu sas chiqardi: “Ie..”.

Bir necha soniyalar ichida xuddi chaqmoq chaqqandek yigitning rangi o`zgardi, qo`llari titrab cho`ntagidan ko`pdan beri yotgani uchun eskirib ketgan qog`ozni olib qizga uzatdi.

— Sizga  bir paytlar she`rning birinchi to`rtligini bergan edim, — dedi. — Bu esa uning oxiri.

So`ngra ketdi, orqasiga qayrilib qaramadi. Qiz ikkinchi to`rtlikni ochib o`qidi Kelishingni istamay qo`ydim,

Seni topdim sen-da yo`q joydan.

Men firoqni iqbolga yo`ydim,

Kelganingdan endi ne foyda?

...Oradan yillar o`tdi. Yigit bugungacha tushunolmaydi. Uning sevgisini  o`ldirgan ne edi? Cheksiz va umidsiz intizorlik damlari emasmidi?!

Yoki kuta-kuta xayolida bir suyuklisini yaratgan ediki, hayotdagi hech bir go`zal bu xayoliy sevgiga mos kelmasdi. Uning seviklisi o`zi bilan edi. Xayolidagini hayotdan topish uchunmi, hayotidagi sevgini o`chirdi. Yoki…yoki bir romantik she`r nihoyasiga etganmidi?

Bir imo-ishora orqasidan, baxt maskanidan faqat yurib o`tdi, ajabo ?!

Yigit bu savollarning javobini hanuzgacha bilmasdi.  

                                              Dilbar RAJABOVA

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1