1

Kislorod konsentratorlarining narxi nega har xil?

Hi-tech 12.08.2020, 21:52
Kislorod konsentratorlarining narxi nega har xil?

Koronavirus epidemiyasi tufayli hozirda kislorod konsentratorlari mavzusi diqqat markaziga chiqib oldi. Ular hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinmoqda. O`zA ushbu tibbiy yordam moslamalari haqida ayrim ma`lumotlarni e`lon qildi.

Kislorod konsentratorlari o`zi nima?

Internet makonida turli narxdagi qurilmalarni etkazib berish taklif etilayotgan reklamalar juda ko`p. Bunda ko`plab ishlab chiqaruvchilarning turli modellarining texnik parametrlari va imkoniyatlarini aniqlashda hatto mutaxassislar ham qiynaladi.

Kislorodli konsentratorning ishlash prinsipi quyidagicha: u ikki silindrdan iborat bo`lib, xona havosi seolit sharchalaridan tashkil topgan to`r - "molekulyar g`alvir"dan o`tib, azot molekulalarini ushlab qoladi, kislorod molekulalarini esa o`tkazadi. Natijada kislorod konsentratori 95% kislorod aralashmasini ishlab chiqaradi.

Eng ommabop modellarda kislorod etkazib berish tezligi o`rtacha daqiqasiga 3 litrdan 5 litrgacha tashkil etadi.

Ijro shakli bo`yicha uskunalar stasionar va ko`chma bo`ladi. Turli modellarning narxi bir necha yuz dollardan bir necha ming dollargacha bo`lishi mumkin.

Tibbiy kislorodli konsentratorlar kasalxonalarda, sanatoriy-kurort muassasalarida, reanimobillarda ishlatiladi. Bunda apparatlar maqsadiga ko`ra turlicha bo`ladi: masalan, o`pka va yurak xastaliklarida shoshilinch yordam ko`rsatish yoki davomli kislorod terapiyasi.

Uyda foydalaniladigan kislorod konsentratorlarining samaradorligi past bo`ladi (1 daqiqada 1-3 litr). Bu ixcham, foydalanishga qulay, zamonaviy dizaynga ega uskuna.

O`pkani sun`iy shamollatish 

Koronavirus pandemiyasi tufayli og`ir va o`ta og`ir holatdagi bemorlar uchun davolash amaliyotida o`pkani sun`iy shamollatish yoki SIPAP-terapiya qo`llanilishi haqidagi xabarlar tez-tez qulog`imizga chalinmoqda.

Constant Positive Airway Pressure, CPAP – doimiy ijobiy bosim bilan o`pkani sun`iy shamollatish rejimi. SIPAP-terapiya klinik amaliyotga 1981 yilda avstraliyalik vrach professor Kolin Sallivan tomonidan qo`llanilgan.

SIPAP-apparat kichikroq o`lchamli kompressor bo`lib, u qayishoq trubka va germetik burun niqobi orqali ma`lum bosim ostida nafas yo`llariga doimiy havo oqimini uzatib turadi. Shu tarzda u nafas yo`llarining bitib qolishi va havoni (va organizm uchun zarur bo`lgan kislorodning) to`sib qo`yilishining oldini oladi. Natijada kislorod etishmasligi tufayli to`satdan o`lim holati sodir bo`lishi ististo qilinadi va normal uyqu ta`minlanadi.

Hozirgi kunda bozorda ko`p sonli ishlab chiqaruvchi firmalarning kislorodli konsentratorlari va SIPAPlarning turli tuman modelari mavjud (BIPAPlar, AvtoSIPAPlar va boshqa modifikasiyalar). Texnik xarakteristikalar va maqsadidan kelib chiqib ularning narxlari ham ancha farqlanadi.

Narxlari qanday belgilanadi?

Bugungi kunda uy sharoitida foydalaniladigan kislorodli konsentratorlarning 200 dan 1000 AQSh dollarigacha bo`lgan modellari keng sotilmoqda.

Kislorodli konsentrator narxiga bir necha omillar ta`sir ko`rsatadi.

Ularning eng asosiysi – moslamaning samaradorligi. Masalan, 1 daqiqada 3 litrgacha kislorod ishlab chiqaradigan kislorodli konsentrator 10 litrli kuchli agregatdan ancha arzon turadi.

Shuningdek oqimning kislorodga to`yinganligi kabi ko`rsatkich ham muhim ahamiyatga ega. Samaradorligi bir xil bo`lsada, to`yinganlik darajasi 85 dan 95% gacha farq qilishi mumkin. Ishlab chiqariladigan gaz aralashmasida kislorod darajasi qanchalik yuqori bo`lsa, moslama shunchalik qimmat turadi.

Narxni belgilovchi yana bir shart – bu moslama ishlab chiqarilgan mamlakat bilan bog`liq. Eng qimmat uskunalar Germaniya va AQShda ishlab chiqariladi. Xitoyda ishlab chiqarilgan maishiy kislorodli konsentratorlar ko`pincha sifati bo`yicha ulardan orqada qolmaydi, ammo narxi ancha arzon.

Narxni shakllantiruvchi yana bir omil – bu uning funksionalligi. Tibbiy texnika bozorida uy uchun mo`ljallangan kislorodli konsentratorlarining turli tuman modellari: eng oddiysidan yuqori texnologiyali turlarigacha mavjud. Eng funksional uskunalar nafaqat uyda, balki klinik sharoitlarda ham qo`llanilishi mumkin. Ularda IVL apparati, narkoz apparatlari, neonatal stoliklarini bevosita ulash imkoniyati ko`zda tutilgan.

Ko`rinib turibdiki, shaxsiy foydalanish uchun uyga uskuna sotib olish bilan tibbiy muassasalar uchun uskunalar sotib olish jarayoni tubdan farq qiladi va bu tibbiyot xodimlarining qat`iy nazorati ostida amalga oshiriladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1