1

Byudjet ma`lumotlarini ulashishdagi xatoliklar: Bu uquvsizlikmi, e`tiborsizlikmi yoki bepisandlikmi? (nishonda Surxondaryo viloyati)

Jamiyat 14.08.2020, 15:17
Byudjet ma`lumotlarini ulashishdagi xatoliklar:  Bu uquvsizlikmi, e`tiborsizlikmi yoki bepisandlikmi? (nishonda Surxondaryo viloyati)

Hozirgi  kunda mablag` bilan, ayniqsa, davlat byudjeti bilan bog`liq xarajatlar haqida rasmiy tashkilotlar berayotgan ma`lumotlar xalq e`tiborida bo`lib, darhol elektron hisoblagichlarga urilmoqda. Natijada, ba`zan nomutanosibliklar yuzaga chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Bundan kimdir mas`ullarni oddiy hisob-kitoblarni ham bilmaslikda ayblasa, ba`zilar etmayotgan mablag`larni qaerga ketayotganligi bilan qiziqmoqda. Yana kimdir bunday ma`lumotlar xo`jako`rsinga tarqatilayotganini iddao qilib, buni xalqqa bepisandlik deya baholadi. Bayonot berayotgan rasmiylar uchun balki, ahamiyatsizdek ko`rinayotgan hisob-kitoblar aslida barcha kuzatuvchilarning diqqat markazida ekanligidan ular xabardormikin? Nishonimizni Surxondaryo viloyatiga qaratamiz va viloyat Matbuot xizmatlari tomonidan berilgan ma`lumotlar qanchalik to`liq va mutanosib ekanligini tekshiramiz. 

Ijtimoiy ko`makka muhtoj, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarni koronavirus pandemiyasi davrida qo`llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 30 iyuldagi PF-6038 sonli Farmonida a`zolari 1,7 million nafardan ortiq bo`lgan 400 mingdan ko`proq oilaga respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam ko`rsatilishi belgilangan edi. Umumiy miqdori 380 milliard so`mnitashkil etadigan mablag`lar 15 avgustgacha kambag`al oilalarning har bir a`zosiga bir martalik  220 000 so`mdan tarqatilishi nazarda tutiladi.Demak, bu malag`larning allaqachon tarqatilishi boshlanganini hisobga olib, berilgan ma`lumotlar mutanosibligini siz bilan birgalikda hisoblaymiz.

1. “Saxovat va ko`mak” jamg`armasi orqali respublika byudjetidan Jarqo`rg`on tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand yana 1137 ta oilaga ham bir martalik moddiy yordam ajratilgan. Moddiy yordamning umumiy miqdori 1milliard 98 million 240 ming so`mni tashkil etadi. Uyma-uy yurilib, bunday xonadonlarda istiqomat qiluvchi 645 nafar fuqaroning har biriga 220 ming so`mdan tarqatilgan.

 

645 * 220 000 so`m = 141 mln. 900 ming so`m ˂ 1 mlrd. 98 mln. 240 ming so`m. Mos kelmayapti. Tafovut katta.

2. Qumo`rg`on tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand yana 1051 ta oilaga ham bir martalik moddiy yordam ajratildi. Moddiy yordamning umumiy miqdori 1 milliard 57 million 765 ming so`mni tashkil etadi. Uyma-uy yurilib, bu kabi xonadonlarda istiqomat qiluvchi 4808 nafar fuqaroning har biriga 220 ming so`mdan tarqatilgan.
 

4808 * 220 000 so`m = 1 mlrd. 57 mln. 760 ming so`m.

To`g`ri taqsimlangan.

3. Termiz shahridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand yana 2638 ta oilaga ham bir martalik moddiy yordam ajratildi. Moddiy yordamning umumiy miqdori 2 milliard 304 million so`mni tashkil etadi. Uyma-uy yurilib, bunday xonadonlarda istiqomat qiluvchi 12098 nafar fuqaroning har biriga 220 ming so`mdan tarqatilgan.

12098 * 220 000 = 2 mlrd. 661 mln. 560 ming so`m ˃ 2 mlrd. 304 mln. so`m. Mos kelmayapti. Tafovut 357 mln so`m.

4. Muzrabot tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand yana 1093 ta oilaga ham bir martalik moddiy yordam ajratildi. Moddiy yordamning umumiy miqdori 1 milliard 81 million 560 ming so`mni tashkil etadi. Uyma-uy yurilib, bunday xonadonlarda istiqomat qiluvchi 4852 nafar fuqaroning har biriga 220 ming so`mdan tarqatilgan.

4852 * 220 000 so`m = 1 mlrd. 67 mln. 440 ming so`m ˂ 1 mlrd. 81 mln. 560 ming so`m. Mos kelmayapti. Tafovut qariyb 14 mln. so`m. 

5. Angor tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand yana 876 ta oilaga ham bir martalik moddiy yordam ajratildi. Moddiy yordamning umumiy miqdori 860 million 860 ming so`mni tashkil etadi. Uyma-uy yurilib, bu xonadonlarda istiqomat qiluvchi 3913 nafar fuqaroning har biriga 220 ming so`mdan tarqatilgan.

3913 * 220 000 = 860 mln. 860 ming so`m. To`g`ri taqsimlangan.

6. Sherobod tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand yana 1330 ta oilaga ham bir martalik moddiy yordam ajratildi. Moddiy yordamning umumiy miqdori 1 milliard 314 million 940 ming so`mni tashkil etadi. Uyma-uy yurilib, bunday xonadonlarda istiqomat qiluvchi 5977 nafar fuqaroning har biriga 220 ming so`mdan tarqatilgan.

5977 * 220 000 so`m = 1 mlrd. 314 mln. 940 ming so`m. To`g`ri taqsimlangan.

7. Termiz tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand yana 523 ta oilaga ham bir martalik moddiy yordam ajratildi. Moddiy yordamning umumiy miqdori 471 million 900 ming so`mni tashkil etadi. Uyma-uy yurilib, bunday xonadonlarda istiqomat qiluvchi 2145 nafar fuqaroning har biriga 220 ming so`mdan tarqatildi.

2145 * 220 000 so`m = 471 mln. 900 ming so`m. To`g`ri taqsimlangan.

8. Sariosiyo tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand yana 1203 ta oilaga ham bir martalik moddiy yordam ajratildi. Moddiy yordamning umumiy miqdori 1 milliard 278 million 200 ming so`mni tashkil etadi. Uyma-uy yurilib, bunday xonadonlarda istiqomat qiluvchi 5810 nafar fuqaroning har biriga 220 ming so`mdan tarqatilgan.

5810 * 220 000 so`m = 1 mlrd. 278 mln. 200 ming so`m. To`g`ri taqsimlangan.

9. Sho`rchi tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand yana 1291 ta oilaga ham bir martalik moddiy yordam ajratildi. Moddiy yordamning umumiy miqdori 1 milliard 375 million 880 ming so`mni tashkil etadi. Uyma-uy yurilib, bunday xonadonlarda istiqomat qiluvchi 6254 nafar fuqaroning har biriga 220 ming so`mdan tarqatildi.

6254 * 220 000 = 1 mlrd. 375 mln. 880 ming so`m. To`g`ri taqsimlangan.

Xulosa o`rnida 

Taftishimizni birgina Surxondaryo viloyati misolida olib borib, ba`zi tumanlar matbuot xizmatlarining (Jarqo`rg`on tumani, Termiz shahri va Muzrabot tumani) rasmiy ma`lumotlar berishdagi xatoliklarining guvohi bo`ldik. Agar tumanlarning mazkur mablag`lar yuzasidan o`z asosli izohlari bo`lsa, nega o`z vaqtida ma`lumotlar bilan birga o`sha izohlarini keltirib o`tmaydilar? Axir ular bergan ma`lumotlarini qancha kishi hisoblab chiqishi va shu sabab qolgan mas`ullarga ham ishonchsizlik hisi uyg`otib qo`yayotganligini qachon his qilishar ekan? Biz byudjet ma`lumotlarini ulashishda mas`ullardan sinchkovlik so`raymiz va yo`l qo`ygan xatoliklari uchun izoh kutib qolamiz.

 

Sardorbek RAHMONQULOV   

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1