AsosiyJamiyat

2016 yilda 1 kun ko`proq “yashaymiz”! yoxud 2016 yil haqida qiziqarli faktlar

Eshik qoqib turgan 2016 yil boshqa yillardan farqli ravishda 365 kundan emas, balki har to`rt yilda bir marta takrorlanadigan 366 kundan iborat Kabisa yili hisoblanadi. Ya`ni bu yil 29 fevralda tug`ilganlar o`z tavallud ayyomlarini ko`tarinki kayfiyatda nishonlash imkoniyatiga egalar.

Kabisa yili tarixiga nazar tashlaydigan bo`lsa, mazkur yil eramizgacha bo`lgan 45 yilning 1 yanvaridan qo`llanila boshlangan. Kunning bunday hisob-kitob usuli asoschisi Rim imperatori Yuliy Sezar hisoblanadi. Aynan o`zining Iskandariyadagi u Sozigen boshliq astronomlariga astronomik yil hisobi bo`yicha kun va soatni aniq belgilash uchun buyruq beradi. Hisob-kitoblar yakuniga ko`ra, yil 365 kun-u 6 soatdan iborat bo`lgan. Astronomlar esa yilning kunini tenglashtirish, ya`ni ortib qolgan 6 soatni yilga kiritish uchun Yuliy Sezarga to`rt yilda bir marta Kabisa yili bo`lishi kerakligini taklif qilishdi. Chunki to`rt yilda har yili olti soatdan qo`shilib, bir kecha-kunduz “ortib” qoladi. Ana shu sabab har to`rtinchi yilning fevrali 28 emas, balki 29-sana bilan yakunlanadi.

2016 yildan keyin 2020, 2024, 2028 yillar Kabisa yili hisoblanadi.

2016 yil 52 hafta-yu, 2 kunni o`z ichiga oladi.

2016 – Olovli maymun yili. Sharq taqvimi bo`yicha Olovli maymun yili 2016 yilning 8 fevralidan boshlanadi. Agar bashoratlarga tayanadigan bo`lsak, yil “homiysi” hayotning barcha jabhalariga sezilarli ta`sir ko`rsatadi: ba`zilarini “tinchlantirsa”, boshqasini faollashtiradi. Mazkur yil moliyaviy muvaffaqiyatlar va kaereraning o`sishi uchun omadlidir. Inson organizmi hatto kichik salbiy omillarga ham mazkur yilda o`ta ta`sirchan bo`lishini inobatga olgan holda salomatlik borasida alohida e`tibor talab etiladi.

Bu yilni shaxsiy hayotni o`zgartirish va uzoq yillardagi orzularni ro`yobga chiqarishda eng muhim davr sifatida e`tirof etish mumkin.

Qizil rang — 2016 yilda muvaffaqiyat kalitlaridan biri, deyish mumkin. Omadga erishishda aynan shu rangdagi libos, aksessuarlar muhim rol o`ynaydi.

Odamlar orasida Kabisa yilini shov-shuvlar, talato`plarga boy bo`ladi, deb o`ylaydiganlar ham uchraydi. Uzoq yillar davomida Kabisa yili g`ayrioddiy jarayonlarni qamrab olishi haqida tasavvurlar mavjud bo`lgan. Kabisa yilida har bitta xatti-harakat, har bir o`zgarish alohida e`tiborni talab qilishi e`tirof etib kelingan. Ammo bu kabi tasavvur va qarashlar Kabisa yili sharq taqvimi bo`yicha qaysi muchal ostida ekanligi bilan ham ahamiyatlidir. Shuningdek, mazkur yil ham boshqa yillar kabi odatdagidek o`tishini, alohida ahamiyatli jihati yo`qligini e`tirof etadiganlar ham etarlicha. Ammo Kabisa yili bo`yicha kimda qanday tasavvur va tushuncha bo`lishidan qat`iy nazar, aniq ma`lumot shuki, xayrli va savobli ishlarni amalga oshirishga mazkur yilda bir kunlik muddat, ya`ni 24 soatlik ortiqcha imkoniyat bo`ladi.

 

    Boshqa yangiliklar