O`zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Diyor Imomxo`jaev futbolchi va klub tomonidan imzolangan shartnomalarni ikki tomonlama bekor qilish muammosiga o`z munosabatini bildirib o`tdi, deya yozmoqda "Xalq so`zi"
«O`zPFLdagi ikki yilim davomida eng ko`p yomon ko`rganim narsa — shartnomalarni ikki tomonlama bekor qilish», deya yozadi u o`zining "Telegram" kanalida.
"Ha, aslida bunga klublarning haqi bor. Buni taqiqlashga esa O`zPFLning haqi yo`q. Ammo uchinchi masalani ham unutmaslik kerakki, o`rtada davlatning yoki xalqning puli turibdi. Shundan kelib chiqilsa, bu ishlarda nazorat bo`lishi kerak.
Holatni tushuntiraman. Sizda yaxshi futbolchi bor, aytaylik, u Toshkentning yoki xorijning biror klubiga yo`l olmoqchi. O`sha jamoa esa futbolchini ehtimoliy transferidan arzonroqqa qo`lga kiritmoqchi. Bunda futbol agentlari asosiy rolni o`ynab berishadi. Ya`ni, shundoq ham ketishni istayotgan futbolchi nomidan sizga «sovchi» bo`lib kelishadi.
Demak, kelishuv asosida siz futbolchi bilan shartnomani bekor qilib berasiz. Futbolchi rozi, u yaxshiroq klubga oson ketyapti. Siz rozi, agentlar orqali ulushingizni oldingiz. Olayotgan klub rozi, maqsadiga etishdi. Ammo futbolchini tarbiyalagan klubga hech narsa yo`q. Klublarda futbolchilarini koronavirus testidan o`tkazish uchun ham pul yo`q. Ko`p klublarimiz nogiron, ularga kimdir qarab turmasa, kimdir pul berib turmasa, ochidan o`ladi", deydi O`zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Diyor Imomxo`jaev .






