AsosiyIqtisodiyot

2021 yil 1 yanvardan 100 dan ortiq lisenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi

'2021 yil 1 yanvardan 100 dan ortiq lisenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

•    37 ta lisenziya va 10 ta ruxsatnoma bekor qilinadi;
•    16 ta lisenziya va 11 ta ruxsatnoma birlashtirish yo`li bilan bekor qilinadi;
•    17 ta lisenziya va 14 ta ruxsatnomalar xabardor qilish tartibi joriy etilishi yo`li bilan bekor qilinadi;
•    14 ta turdagi lisenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish muddatlari qariyb 2 baravarga qisqartiriladi;
•    115 ta lisenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillari yanada soddalashtiriladi.

Farmonga ko`ra, xabardor qilish tartibi joriy etilgan faoliyat (harakat) uchun rasmiylashtirilgan lisenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilishi o`z kuchida qoladi va ushbu faoliyat (harakat)ni amalga oshirish uchun vakolatli organni xabardor qilish talab etilmaydi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab:

turizm faoliyatini lisenziyalashda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlash ixtiyoriy etib belgilanadi. 

quyidagilar bekor qilinadi:

•    kredit byurolari faoliyatini lisenziyalashda kamida 10 ta tijorat banki bilan kredit almashinuvini amalga oshirishga roziligini tasdiqlovchi hujjat mavjudligi talabi;

•    dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizasiya qilish faoliyatini lisenziyalashda ushbu faoliyat uchun lisenziyaga ega bo`lgan yuridik shaxslar tomonidan ularning xuddi shunday faoliyat bilan shug`ullanuvchi filiallari tashkil etilganda har bir filial manzilini asosiy lisenziyada ko`rsatish amaliyotini joriy qilish orqali filiallarga alohida lisenziya rasmiylashtirish amaliyoti;

•    er qa`ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun lisenziya olishda talabgordan mahalliy davlat hokimiyati organlarining kafolat xatlarini olishni talab qilish tartibi.

    Boshqa yangiliklar