1

O`zbekiston Respublikasining Mustaqilligi kuni munosabati bilan bir qator xorijiy davlatlar rahbarlari va taniqli arboblaridan qutlovlar kelmoqda

Siyosat 31.08.2020, 20:33
O`zbekiston Respublikasining Mustaqilligi kuni munosabati bilan bir qator xorijiy davlatlar rahbarlari va taniqli arboblaridan qutlovlar kelmoqda

O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat, jamoat va din arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. 

Ularda O`zbekistonning davlat va jamiyat qurilishida erishgan muvaffaqiyatlari, mamlakatning barqaror taraqqiyotini ta`minlash va aholi turmush darajasini oshirish, respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga qaratilgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalari e`tirof etilgan.

Maktublarda davlatimiz rahbari va O`zbekistonning ko`p millatli xalqiga farovonlik, tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklari izhor etilib, xalqaro hamjamiyat oldida turgan umumiy global xatarlar tez fursatda engib o`tilishiga ishonch bildirilgan. 

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Mustaqillik kuni munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi xalqiga samimiy tabriklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining har bir a`zosi o`zining betakror madaniyati va tarixiga ega, ularning xilma-xilligi BMT va dunyoni boyitmoqda. Mamlakatingiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatida xalqaro kun tartibidagi barcha masalalar borasida ishtirok etishi juda ham muhim.

Joriy yilda, Barqaror taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish bo`yicha harakatlarning birinchi o`n yilligida, barchaning manfaatiga xizmat qiladigan adolatli globallashuvni barpo etishda umumiy maqsadlarimizni kuchaytirishimiz lozim.

Dunyoni barcha uchun yanada tinch, adolatli va barqaror qilishga intilar ekanmiz, bu boradagi barcha sa`y-harakatlarda O`zbekiston Respublikasining hissasi va ko`magidan umidvorman.

Janobi Oliylari, Sizga bo`lgan eng yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Antoniu Guterrish
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Miromonovich Mirziyoev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

O`zbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz. 

O`zbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari barchaga ma`lum. Mamlakatingiz jahon maydonida e`tirof etilgan obro`-e`tibor qozongan, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishda muhim o`rin tutadi. 

Rossiya-O`zbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida rivojlanib bormoqda. Ishonchim komil, birgalikdagi sa`y-harakatlar bilan ko`p qirrali ikki tomonlama munosabalarni do`st xalqlarimiz farovonligi yo`lida yanada rivojlantiramiz. 

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, sihat-salomatlik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda ulkan zafarlar, O`zbekistonning barcha fuqarolariga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Vladimir Putin
Rossiya Federasiyasi Prezidenti

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident Janoblari!

Xitoy Xalq Respublikasi hukumati va xalqi nomidan, shaxsan o`z nomimdan Sizni va Siz orqali birodar O`zbekiston xalqini davlat mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.

Keyingi yillar O`zbekistonda Sizning zabardast rahbarligingizda turli yo`nalishlarda islohotlar amalga oshirildi, davlat qurilishi sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Xitoy bundan chin yurakdan mamnun. Koronavirus infeksiyasi tarqalganidan so`ng O`zbekiston ushbu epidemiyaga qarshi kurashishda jipslashdi. O`zbekiston xalqi bunda albatta g`alaba qozonishiga qat`iy ishonaman.

Joriy yilning may oyida telefon orqali do`stona ruhda muloqot qildik, koronavirusga qarshi umumiy kurashimiz va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo`yicha muhim kelishuvlarga erishdik.

Xitoy-O`zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e`tibor qaratmoqdaman hamda o`rtamizdagi namunali ishchan munosabatlarimiz va shaxsiy do`stlikni yuksak qadrlayman.

Siz bilan birgalikda Xitoy-O`zbekiston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo`lida rivojlantirishda yangi natijalarga erishish uchun harakat qilishga tayyorman.

Do`st O`zbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Si Szinpin
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janoblari!

Amerika xalqi nomidan Ciz va O`zbekiston xalqini mamlakatingiz mustaqilligining 29 yilligi bilan tabriklayman. Amerika Qo`shma Shtatlari davlatingiz suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo`llab-quvvatlashda sizga elkadoshdir. 

O`tgan yil ichida, hatto global xatarlarga qaramay, yanada chuqurlashgan keng miqyosli hamkorligimizni yuqori baholayman. Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda Afg`oniston bilan hamkorlik va rishtalarni yaxshilash bo`yicha tashabbusingizni olqishlayman. Shuningdek, men katta maqsadlarni ko`zlovchi islohotlar dasturingizni yuqori qadrlayman, u to`liq amalga oshgach, O`zbekiston xalqi va umuman mintaqaning yanada ochiq va farovon kelajagini ta`minlaydi. 

Amerika Qo`shma Shtatlari ushbu tashabbuslarda va COVID-19 ga qarshi kurashda sherigingiz ekanidan faxrlanadi. Kelgusi yilda hamkorligimizning yanada samarali natijalariga umid qilib qolaman. 

Hurmat bilan, 

Donald Tramp
Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

O`zbekiston Respublikasining milliy bayrami - Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Tarixan qisqa davrda mamlakatingiz katta yutuqlarga erishdi - u nafaqat Markaziy Osiyoda, balki xalqaro maydonda ham faol ishtirokchiga aylandi.

Qardosh O`zbekistonga farovonlik va jadal taraqqiyot, o`zbek xalqi Siz rahbarligingizda porloq kelajakka erishishini chin yurakdan tilayman.

Sizning mintaqamiz davlatlari o`rtasida sheriklik va hamkorlikni, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari doirasida mustahkamlashdagi sa`y-harakatlaringizni alohida ta`kidlamoqchiman.

Men mamlakatlarimiz o`rtasidagi ko`p asrlik an`anaviy hamkorlik asosida shakllangan strategik sheriklik bundan buyon ham rivojlanib borishiga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog`lik va ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh O`zbekiston xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilaymiz.

Samimiyat ila,

Nursulton Nazarboev
Qozog`iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Elboshi

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

O`zbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Sizning kuchli va ehtiromga sazovor rahbarligingizda O`zbekiston barqaror rivojlanishni ta`minlashga, xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilayotgan keng miqyosli, uzoq istiqbolga mo`ljallangan islohotlarni ishonch bilan amalga oshirmoqda.

Qozog`iston O`zbekiston erishgan yutuqlardan chin dildan xursand hamda mamlakatlarimiz o`rtasidagi birodarlik rishtalari va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga katta ahamiyat beradi.

Ishonchim komil, ikki davlat o`rtasidagi o`zaro munosabatlarning barcha masalalari bo`yicha o`zaro ishonchga asoslangan faol muloqotimiz bundan buyon ham Qozog`iston-O`zbekiston do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish uchun mustahkam asos bo`lib xizmat qiladi.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh O`zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman!

Hurmat bilan,

Qasim-Jomart Toqaev
Qozog`iston Respublikasi Prezidenti

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Qadrli birodarim!

Turkmaniston xalqi va Hukumati nomidan va shaxsan o`z nomimdan Sizni va Siz orqali butun O`zbekiston Respublikasi xalqini mamlakatingiz Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy qutlash va eng yaxshi tilaklarimni izhor etish sharafiga muyassarman.

Mustaqillik yillarida qardosh O`zbekiston o`z davlatchiligini mustahkamlash, xalq farovonligini yaxshilash va xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda sezilarli yutuqlarga erishdi.

Mamlakatingizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tanlangan yo`l naqadar samaradorli ekanining yaqqol tasdig`idir.

Shuni alohida ta`kidlashni istardimki, Turkmaniston O`zbekiston Respublikasi bilan yildan yilga yangi mazmun bilan boyib borayotgan munosabatlarni samimiy qadrlaydi. Muloqotimizga xos bo`lgan iliqlik va o`zaro ishonch bundan buyon ham ikki qardosh xalq manfaati yo`lida strategik sheriklikni mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman.

Ushbu yoqimli fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, sihat-salomatlik va baxt-saodat, O`zbekiston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Gurbanguli Berdimuhamedov
Turkmaniston Prezidenti

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Sizni va barcha yurtdoshlaringizni milliy bayram - Mustaqillik kuni bilan chin yurakdan qutlayman.

Shunday muhim kunda Sizga mustahkam sog`lik, baxt-saodat, ishlaringizda yangi zafarlar, qardosh o`zbek xalqiga esa abadiy tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Mustaqillik yillarida O`zbekiston davlatchilikni barpo etishning katta yo`lini bosib o`tdi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda, xalq farovonligi o`sishini ta`minlashda va o`zining xalqaro obro`sini oshirishda salmoqli yutuqlarga erishdi. Ayniqsa, Sizning, muhtaram Shavkat Miromonovich, rahbarligingizda bugun mamlakatning ichki va tashqi siyosatida amalga oshirilayotgan o`zgarishlar tahsinga sazovor.

Tojikiston-O`zbekiston do`stlik va ko`p qirrali hamkorlik munosabatlarini izchil mustahkamlash va kengaytirish har doim Tojikiston tashqi siyosatining eng muhim yo`nalishi bo`lgan va shunday bo`lib qolmoqda.

Keyingi yillarda tomonlarning birgalikdagi sa`y-harakatlari bilan Tojikiston va O`zbekiston o`rtasidagi samarali davlatlararo hamkorlik umumiy manfaatlarning barcha sohalarida izchil rivojlanib borayotganini ta`kidlashdan mamnunman.

Ishonchim komil, ko`p asrlik do`stlik, yaxshi qo`shnichilik, o`zaro hurmat va ishonch an`analariga asoslanib, biz qardosh xalqlarimiz manfaatlari, mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish yo`lida ikki mamlakat o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashda davom etamiz.

Chuqur hurmat bilan,

Emomali Rahmon
Tojikiston Respublikasi Prezidenti

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Qirg`iz Respublikasi xalqi nomidan va shaxsan o`z nomimdan Sizni va butun O`zbekiston Respublikasi xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Sizning rahbarligingizda O`zbekistonning mintaqada va butun dunyodagi mavqei sezilarli darajada mustahkamlanganini, mamlakatda amalga oshirilgan keng ko`lamli islohotlar ijobiy natijalar berayotganini ta`kidlamoqchiman.

Ishonchim komilki, sizning ko`magingiz bilan o`zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan do`stlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlari bundan buyon ham ikki xalqning yorqin kelajagi yo`lida izchil rivojlanib boradi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga va oilangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, ishlaringizda muvaffaqiyatlar, qardosh O`zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman!

Hurmat bilan,

Sooronbay Jeenbekov
Qirg`iz Respublikasi Prezident

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident, hurmatli qardoshim!

O`zbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini va Siz orqali butun o`zbek xalqini xalqim va shaxsan o`z nomimdan eng samimiy tuyg`ularim ila muborakbod etaman.

29 yilligini qutlayotgan do`st va qardosh o`lka – O`zbekiston Respublikasining mustaqilligi biz uchun buyuk quvonch va baxtiyorlik manbaidir.

Turkiya Respublikasi O`zbekistonning va o`zbek qardoshlarining yonida bo`lishda davom etadi.

Bu yil fevral oyida Strategik hamkorlik Oliy kengashi  birinchi yig`ilishi va Prezident Devoni qoshidagi kutubxonaning ochilish marosimiga ishtirok etish uchun yurtimizga amalga oshirgan tashrifingizning go`zal taassurotlari hamon yodimizda.

Strategik sheriklik darajasiga etgan munosabatlarimizda kuzatilayotgan o`zgarishlarni e`tiborga olganda, erishilgan jadallik sur`atlari saqlanishi va davom ettirilishi katta ahamiyatga ega.

Bu borada Qurbon hayiti munosabati bilan yuborgan tabrik maktubingizda Strategik hamkorlik Oliy kengashining keyingi yig`ilishini o`tkazish uchun O`zbekistonga taklifingizni mamnuniyat bilan oldim. Kelgusida diplomatik kanallar orqali belgilanadigan maqbul sanada O`zbekistonga tashrif buyurishdan g`oyat baxtiyor bo`laman.

Fursatdan foydalanib Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, do`st va qardosh o`zbek xalqiga omonlik tilaklarimni yo`llayman.

Rejep Tayyip Erdog`an
Turkiya Respublikasi Prezidenti

******

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich,

Sizga va butun O`zbekiston xalqiga O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yillik bayrami munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

O`tgan yili O`zbekistonga tashrifim davomida alohida strategik sheriklik darajasiga ko`tarilgan mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlar yanada faol rivojlanib borishiga umid qilaman.

Ayni paytda butun dunyo COVID-19 pandemiyasi bilan bog`liq murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Umid qilamanki, mamlakatlarimiz yaqin hamkorlik orqali koronavirusni aql-zakovat bilan engib, ikki tomonlama aloqalarni yangi, yuqori darajaga ko`taradi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog`lik va muvaffaqiyatlar, shuningdek, O`zbekiston Respublikasiga cheksiz farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Mun Chje In
Koreya Respublikasi Prezidenti

***

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Prezident Janoblari!

Sizga va mamlakatingiz fuqarolariga O`zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabriklarimni yo`llayman.

O`tgan yilgi o`zaro tashriflarimizdan buyon O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib borayotgani juda quvonarlidir.

Barchamiz uchun jiddiy muammoga aylangan COVID-19 pandemiyasi inqiroz sharoitida ishonch va sheriklik naqadar muhimligini namoyish etmoqda.

Ayni shu paytda Siz boshlagan islohotlar va modernizasiya jarayonlari ko`rinarli natijalarni bermoqda. Sizga ushbu yo`lni muvaffaqiyatli davom ettirishingizni tilayman va Germaniya bu borada O`zbekistonni qo`llab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildiraman.

Sizga eng ezgu tilaklar, O`zbekiston xalqiga esa erkinlik, xavfsizlik va farovonlik sharoitida tinch kelajakni tilayman.

Frank-Valter Shtaynmayer
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti

Shuningdek, quyidagilar o`z tabriklarini yo`llagan:

NARUXITO    -    Yaponiya Imperatori

Ram Nath KOVIND    -    Hindiston Prezidenti

Ashraf G`ANI    -    Afg`oniston Prezidenti

Ilhom ALIEV    -    Ozarbayjon Prezidenti

Aleksandr LUKAShENKO     -    Belarus Prezidenti

Igor DODON     -    Moldova Prezidenti

Vladimir ZELENSKIY    -    Ukraina Prezidenti

ELIZAVETA II    -    Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolichasi

FILIPP    -    Belgiyaliklar Qiroli

FELIPE VI    -    Ispaniya Qiroli

VILLEM-ALEKSANDR    -    Niderlandiya Qiroli

KARL XVI GUSTAV    -    Shvesiya Qiroli

Aleksandr Van der BELLEN    -    Avstriya Prezidenti

Rumen RADEV    -    Bolgariya Prezidenti

Yanosh ADER    -    Vengriya Prezidenti

Serjo MATTARELLA    -    Italiya Prezidenti

Egils LEVITS    -    Latviya Prezidenti

Andjey DUDA    -    Polshi Prezidenti

Zuzana ChAPUTOVA    -    Slovakiya Prezidenti

Milosh ZEMAN    -    Chexiya Prezidenti

Simonetta SOMMARUGA    -    Shveysariya Prezidenti

FRANSISK    -    Rim-katolik cherkovi rahbari

Xalifa bin Zoid OL NAHAYoN    -    BAA Prezidenti

Abdulfattoh AS-SISI    -    Misr Prezidenti

Hasan RUHONIY    -    Eron Prezidenti

Imron XON    -    Pokiston Bosh vaziri

Haysam bin TORIQ    -    O`mon Sultoni

Joko VIDODO    -    Indoneziya Prezidenti

Sulton Abdulloh Ri`yatuddin Al-Mustafo BILLOH     -    Malayziya Podshohi

Halima YaQUB    -    Singapur Prezidenti

Rodrigo DUTERTE    -    Filippin Prezidenti

Mahmud ABBOS    -    Falastin Prezidenti

Abdul HAMID    -    Bangladesh Prezidenti

Shayxa HASINA    -    Bangladesh Bosh vaziri

Abdulmajid TABBUN    -    Jazoir Prezidenti

Bunnyang VORAChIT    -    Laos Prezidenti

Xose Daniel ORTEGA SAAVEDRA    -    Nikaragua Prezidenti

Muhammad bin Zoid OL NAHAYoN    -    BAA Qurolli kuchlari Oliy bosh qo`mondoni o`rinbosari, Abu-Dabi Amirligi valiahdi

Muhammad bin Roshid OL MAKTUM    -    BAA Vise-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi

Syuy DUN`YuY    -    Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori 

Zurab POLOLIKAShVILI    -    Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi

Kunio MIKURIYa    -    Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi  

Salim AL-MALIK    -    Ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha Islom tashkiloti (AYSESKO) bosh direktori 

Jilber UNGBO    -    Qishloq xo`jaligini rivojlantirish xalqaro jamg`armasi prezidenti

Bag`dat AMREEV    -    Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi

Sergey LEBEDEV    -    Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Ijroiya qo`mitasi raisi – Ijrochi kotibi

Xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli siyosatchilar va jamoat arboblarining qutlovlari kelishi davom etmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1