1

“Imtiyoz+imtiyoz” kreditlari kimlarga beriladi? Navoiy viloyatida kredit imtiyozlari qanday qo`llanilgan?

Iqtisodiyot 04.09.2020, 00:08
“Imtiyoz+imtiyoz” kreditlari kimlarga beriladi? Navoiy viloyatida kredit imtiyozlari qanday qo`llanilgan?

Tijorat banklari tomonidan turli dasturlar doirasida 15 foizli imtiyozli kreditlar ajratilayotganidan ko`pchilik xabardor. Ammo imtiyozlarga qo`shimcha ba`zi imtiyozlar ham borligidan xabardormisiz? 26-27 avgust kunlari Navoiy viloyatiga qilgan tashrifimiz davomida viloyat va tuman hokim o`rinbosarlari ishtirokida bo`lib o`tgan brifingda bu kabi qo`shimcha imtiyozlar hamda o`tgan davr mobaynida viloyatda qo`llanilgan kredit imtiyozlari haqida ma`lumotlar berildi.

Imtiyoz+imtiyoz qanday olinadi?

Alisher Suyunov, Markaziy bank Tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi direktori o`rinbosari:

— Aynan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida mahalliy hokimliklar huzuridagi jamg`armalardan 15 foizli imtiyozli kreditlar beriladi. Bundan tashqari Iqtisodiyot vazirligi qoshidaTadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi bor. Kredit oluvchilarga imtiyozlari asosli deb topilib, Hunarmandlar, Fermerlar kengashi yoki Bandlik markazlari xulosalariga ko`ra ushbu tashkilotlar tavsiyanomalari taqdim qilinganda mazkur jamg`arma hisobidan belgilangan miqdorda kompensasiyalar ajratiladi. Masalan, hunarmandlar uchun imtiyozli kredit miqdorining ¼ qismi (tahr. hozirda 3,75 %) miqdorida tavsiyanoma asosida kreditlar jamg`arma hisobidan to`lab berilishi mumkin. Barcha dasturlar bo`yicha imtiyozlar ajratish shartlari har xil.

Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj “temir daftar”ga kiritilgan oilalarga subsidiyali shartlarda issiqxonalar qurib berilib, issiqxona uchun kreditlarning 50 foizi bandlik markazlarining tavsiyanomalariga asosan to`lab berilayotganining ham guvohi bo`lyapmiz. Demak, tadbirkorlikni boshlayotganlar imtiyozlar masalasida tuman hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash bo`limlariga murojaat qilishlari mumkin.

Pandemiya sharoitida Navoiy viloyatida qancha miqdorda imtiyozlar ajratilgan? 

Navoiy viloyatida  2020 yilning o`tgan davri mobaynida fuqarolarga ajratilgan 728 mlrd. 485 mln. so`m kredit summasining 70 mlrd. 422 mln. so`mi Tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash davlat  jamg`armasi hisobidan kompensasiya sifatida to`lab berilgan. Tadbirkorlikning tashkil etilishi natijasida 3247 ta yangi ish o`rinlari yaratilgan.

Prognozlar ijrosini qaysi tumanlar uddaladi? 

Aholini tadbirkorlikka o`rgatish va biznesga keng jalb etish bo`yicha Navoiy viloyati hokimligi tomonidan mavjud imkoniyat va rezervlar hisobiga 2020 yilda 4,0 mingta yangi kichik biznes sub`ektlari tashkil etish belgilab olingan. Xususan, joriy yil yanvar-avgust oylari uchun belgilangan prognoz ijrosi 130 foiz ortig`i bilan bajarilgan. Ammo Zarafshon shahrida bu ko`rsatkich 86 foiz salbiy ko`ratkichni tashkil etgan. Ya`ni shaharda 235 tadan 201 ta kichik biznes sub`ekti tashkil etilgan. Agar Zarafshonning mavjud imkoniyatlari va salohiyatini hisobga oladigan bo`lsak, holatni qoniqarsiz deb baholasa bo`ladi. Shu bilan birga, Uchquduq (185 foiz), Tomdi (173 foiz), Konimex (160 foiz), Xatirchi (145 foiz) va Qiziltepa (137 foiz) tumanlarida prognoz ijrosi bir necha barobar ortig`i bilan bajarilgan.

Sardorbek Rahmonqulov 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1