Tepasida “Bosh shifokor Nodira G`ulomova” bitigi osilgan eshik sekin ochildi va kotibaning boshi ko`rindi.
— Nodira Asadovna, sizni so`rab kelishibdi.
— Kim? — so`radi Nodira ishdan bosh ko`tarmay.
— B-bilmadim, onasiman, deydi.
Nodira kotibaga hayron bo`lib tikildi.
— Tushunmadim, oyim?!
Kotiba bir so`z demay ostonada turgan ayolga yo`l bo`shatdi.
Did bilan kiyingan, sochi kalta qirqilgan, pardoz-andozi joyida, keksaygan bo`lsa-da, ko`rinishidan yoshi nechchidaligini bilib bo`lmaydigan xushro`y ayol viqor bilan xonaga qadam qo`ydi.
Nodira ayolga qarab qotib qoldi lekin o`rnidan qimirlamadi.
— Keling, — dedi u salom bergach.
Nodiraning munosabatidan ayolning yuzidagi kalondimog`lik niqobi bir zumga ko`tarilgandek bo`ldi, lablari titrab “Salom” dedi.
Keyin tezda o`zini qo`lga olib: — Keldim, — dedi va Nodira ko`rsatgan joyga o`tirdi.
— Meni eslayapsanmi? — dedi ayol oradagi sukunatni buzib. — Onang bo`laman...
Nodira umr bo`yi onasi bilan uchrashuvni xayolida ming marta tasavvur qilib ko`rgan. Lekin hozir ro`y berayotgan voqea uning tushiga ham kirmagandi.
— Kechirasiz-u, mening oyim uyda, — dedi u ayoldan ko`zini olib.
— Bilaman... Lekin ishonchim komilki sen meni to`g`ri tushunasan.
— Nega bunchalik ishonchingiz komil? — bu suhbat Nodiraning g`ashiga tega boshladi.
— Chunki, — dedi ayol Nodiraning shinam kabinetiga ko`z yugurtirib.— Menga o`xshab kareristkaliging ko`rinib turibdi. Xuddi shu sabab seni dadang bilan qoldirganman...
— Tashlab ketganman deng!
— Unday dema, men majbur bo`lganman.
— Qanday kuch ekan u onani o`z ixtiyori bilan boladan yuz o`girishga majbur qiladigan?
— Sen u zamonni tushunmaysan... Ilmiy ish qilish uchun faqat Moskvaga borish kerak edi, dadang menga yordam berishni istamagan! O`zi ilm bilan shug`ullanmaganga yarasha, menga ham yo`l bermagan.
— U zamonda dissertasiya yoqlagan ayol bir siz emassiz...
— Meni ko`rib xursand bo`lasan deb o`ylagandim, — alamdan ayolning ovozi titrab ketdi.
Nodira achchiq jilmaydi. “Menga kerak paytingizda qaerda edingiz? Nahotki, ko`nglimdagi jarohatlar shunchalik tez unutiladi deb o`ylasangiz?”.
Nodiraning o`ylanib qolganini ko`rgan ayol unga bosim o`tkazishda davom etdi.
— Men dadangni kechirdim, endi sen ham meni kechirishing kerak. Biz yosh bolalar emasmiz, bir-birimizni tushunib, madaniyatli odamlardek munosabatda bo`lishimiz lozim.
“Qanday madaniyat ekan u, — o`yladi Nodira ayolga tikilib. — Farzandini go`dakligida birovlarning qo`liga tashlab ketib, katta bo`lgandan keyin qaytib kelib “meni quchoq ochib kutib olinglar” deb iddao qilinsa?”
- Men majlisga borishim kerak, — o`rnidan turdi Nodira dilidagi tiliga chiqarmaslik uchun zo`rg`a o`zini bosib.
Bu kabi “andishasizlik”ni kutmagan ayol dovdirab qoldi.
- Men... men, shuncha yo`l bosib seni ko`rish uchun kelsamu, sen...
Nodira shoshib turganini bildirish uchun stolidagi narsalarini yig`ishtira boshladi.
Ish va tashvishlardan charchab uyiga kelgan Nodira o`zini kresloga tashladi. Ko`nglidagi dog` yana butun tanasini o`rtay boshladi.
Nodira uch-to`rt yashar qizaloq bo`lgan paytini g`ira-shira eslaydi. Onasi doim qog`ozlarga botib o`tirar, ishdan kech qaytgan dadasi onasi bilan janjallashardi. “Ro`zg`orga qaramaysan, bitta bolani eplolmaganing uchun har kuni kasal, kirni o`zim yuvsam, ovqatni o`zim qilsam, sening nima keraging bor menga?” deb baqirar, onasi ham jim o`tirmas “men ilmiy ish qilishim kerak, qozon-tovoqqa o`ralashib o`tiradigan ayol emasman!” deb javob berardi. Ular janjallashishar lekin kresloda g`ujanak bo`lib bosh barmog`ini so`rgancha uxlab qolgan Nodiraga ikkalasi ham e`tibor bermasdi. Nodira besh yoshga kirganda onasi ketdi. “Ilmiy rahbarimga vaziyatni tushuntirib, bir haftaga qolmay qaytaman” deb ketgancha qaytib kelmadi. Keyinchalik bilishsa, onasi butunlay ketish uchun tayyorgarlik ko`rgan ekan.
Shundan keyin Nodiraning kirmagan eshigi qolmadi, goh ammasinikida, goh xolasinikida, goh bir buvisinikida, goh ikkinchisinikida... Ba`zida begonalarnikida ham qolib ketgan. Bir gal ammasi uni xolasinikiga olib borgan. Lekin xolasi uyda yo`qligi uchun qo`shninikiga tashlab ketgan. O`shanda xolasi boshqa shaharda yashaydigan qaynonasinikidan qaytib kelguncha Nodira uning qo`shnisinikida yashab turgan. Mehmondan qaytib kelgan xolasi qo`shni bolalar bilan o`ynab yurgan jiyanini ko`rib anqayib qolgandi.
Shu voqeadan keyin qarindoshlar dadasini o`rtaga olib, “uylanmasang bo`lmaydi”, deb shart qo`yishgandi.
Birinchi o`gay onasi uni ovqat bermay qiynaganlarini eslasa hali xo`rligi keladi. Kundan kunga ozib-to`zib ketayotgan qizining tanasidagi kaltak izlarini ko`rgan dadasi xotinidan shubhalanib uni kuzatmasa va sovuq suvga to`ldirilgan vannada cho`miltirayotgan paytda ushlab olmasa, Nodira bolaligidayoq o`lib ketishi hech gap emasdi.
Nodira etti yoshga kirganda dadasi uyga yana bir ayolni etaklab kelganda Nodira qo`rqqanidan karavotning tagiga kirib yashirinib olgandi.
— Kimsiz? Men sizni tanimayman! — siltab tashladi uni Nodira.
— Endi men sening oying bo`laman, ishon, seni hech kimga xafa qildirib qo`ymayman, — sochlari patila, egni-boshi kir qizaloqni bag`riga bosgan ayol anchagacha ko`z yoshlarini tiya olmadi
— Hech kim yig`latmaydimi meni? — ayolning gapiga ishongisi kelmay ko`zlarini pirpiratdi Nodira.
— Hech kim va hech qachon! — va`da berdi ayol.
Nodira ishonqiramay ayolning bo`ynidan quchoqladi.
Lekin qo`ldan qo`lga o`taverib yovvoyiga aylanayozgan qizaloqni songa solish oson bo`lmadi.
Maktabga tengdoshlaridan kech borgan Nodira o`qishni oltin medal bilan bitirishida, musiqa maktabini imtiyozli tugatishida, tibbiyot institutiga o`z bilimi bilan kirishida oyisining hissasi beqiyos bo`ldi. Lekin o`tgan yili dadasining vafot etgach, oyisi betoblanib qoldi. Xayoli tez-tez parishon bo`lib turadigan mushtipar oyisini o`ylab Nodiraning ko`zi yoshlandi.
Eshik qo`ng`irog`ining qattiq jiringlagani xayollarini tumandek tarqatib yubordi.Ostonada turgan ayolni ko`rib esa kalovlanib qoldi.
- Uyimni qanday topdingiz? — tushunmadi u ayolni uyga taklif qilish-qilmaslikni bilmay.
- Istagan odam topadi.
- Shuni bolaligimda istaganingizda edi.
- Meni hamma narsam bor, faqat bolam yo`q, — shoshib gapira boshladi ayol. Ertalabki dimog`dorligidan asar ham qolmagandi. — Keksayganda yolg`iz yashash qiyin ekan. Istasang, bola-chaqang bilan menikiga ko`chib o`tishing mumkin. Hovlim katta, hamma narsam seniki bo`ladi...
Nodira unga qarab xo`rsindi.
Shu mahal orqadan shiqirlagan tovush eshitildi.
— Oyijon, — Nodira nogironlar aravachasida o`tirgan sochlari oppoq, nuroniy ayol tomon shoshildi.
- Kimsan? Men seni tanimayman? — siltab tashladi uni ayol.
- Men qizingizman, oyijon.
- Meni hech kimga xafa qildirib qo`ymaysanmi? — ayol ostonada turgan olifta mehmonga xavotirlanib qarab qo`ydi.
- Hech qachon, — ovutdi uni Nodira va mehr bilan bag`riga bosdi. Keyin aravachani haydab boshqa xonaga qo`yib qaytib chiqdi.
- Kechirasiz, — dedi u hali ham ostonada turgan ayolga. — Har zamonda oyimning xotirasi faromush bo`lib turadi... Ko`rib turganingizdek oyimga hech qachon xafa qilmayman deb va`da berib qo`yganman, — dedi u. Uning gap ohangidan qat`iy qarorga kelgani bilib turardi.
Mehmonning qoshlari chimirildi, bu muomalani o`zi uchun haqorat deb bilganidan keskin o`girilib ketvordi.
“Bir og`iz mensiz qiynalmadingmi, qizim” deb so`ramadi-ya, o`yladi Nodira va onasining ortidan eshikni yopdi.
Dilfuza SOBIROVA