1

Gulchambar taqqan farishta

Mutolaa 21.12.2015, 12:40
Gulchambar taqqan farishta

- Tavba, o`zi ko`zing basir bo`lsa, yana nega igna-ipga yopishasan?! — Malohat o`gay qizini siltab qo`lidan igna-ip saqlanadigan qutini tortib oldi. — Biror joyingga igna kirib ketsa, o`lasan-ku!.

Shohida qo`lidagi latta parchasini yashirdi. Keyin o`gay onasining ortidan nigohini zo`riqtirib tikildi. Bir metrdan narini ko`ra olmagani uchun ayol qutini qaerga bekitganini bilolmadi.

“Baribir tikaman!” o`yladi u alam bilan o`gay onasi ketgan tomondan ko`z uzmay. Birozdan keyin tuman orasidan paydo bo`lgandek ayol paydo bo`ldi va qarg`angancha boshqa xonaga o`tib ketdi. Shohida qo`liga tayanib o`rnidan turdi-da, uy to`ridagi “stenka” tomon yo`l oldi.  Keyin shkaflarning har bir eshigini ochib, qo`li bilan paypaslay boshladi. Qo`li tanish dumaloq qutiga tekkach xursand bo`lib oldi va yana deraza yoniga qaytdi.

Keyin deraza raxiga cho`ntagidagi oq matoni yoydi. “Farishtamni oxiriga etkazaman”, o`yladi Shohida va timirskilanib yashil rangli ipni topdi va mato parchasini ko`ziga yaqinlashtirib tika boshladi.

Ishdan qaytgan qo`shni qiz Nodira har kungidek Shohidani ko`rgani chiqdi.

-Qani, bugun nimalar qilding? — so`radi u Shohidadan.

-Bugun farishtaning boshidagi gulchambarni tikib tugatdim, — maqtandi Shohida.

-Yasha! — maqtab qo`ydi uni Nodira. Lekin oq matodagi har bir katakni topib, igna sanchish uchun matoni ko`ziga yaqinlashtirgancha ikki bukchayib ishlayotgan Shohidaga rahmi  keldi. — Lekin o`zingni charchatma, dam olib-dam olib tikkin, — deb tayinlab qo`ydi.

U Shohidaga oson bo`lsin uchun oq matodagi suratning ustidan yana bir marta qalam yugurtirib chiqdi. Shu mahal Malohat kirib keldi.

— Nodiraxon, bunga ermak topib berganingiz yaxshi, — dedi u Shohidaga boshi bilan imo qilib. — Lekin bizni ham o`ylang-da.

Nodira tushunmay uning og`ziga tikildi.

- Nega hayron bo`lasiz, Shohida sizga o`xshab soppa-sog` emas. U hadeb ignaning teshigiga  termulib, bor ko`z nurini ham yo`qotsa-yu, butkul ko`r bo`lib qolsa, nima qilamiz? Kimga jabr, menga jabr bo`ladi!

Ayol Shohidaning oldida uning nuqsoni haqida gapirgani Nodiraga g`alati tuyuldi.

-M-men, bu yog`ini o`ylamapman, — dedi u xijolat bo`lib.

-Albatta, o`ylamaysiz-da. — piching qildi Malohat. — Sizga nima, ertaga egangiz chiqsa, erga tegib ketadigan odamsiz...

Nodira qizarib ketdi. Malohat yigirma to`rtga kirsa ham turmushga chiqmay yurgan qizga ataylab pisanda qilgandi.

-Opamdan men iltimos qildim, — gapga aralashdi Shohida.  — Bekor o`tirgandan ko`ra, biror hunar o`rganganim yaxshi-ku!

-Hunar yomon demayapman. Ko`zing yaxshi ko`rmasa, ignani yo`qotib qo`ysangu, ukalaringning biriga kirib ketsa nima bo`ladi? Igna odam tanasiga kirgandan keyin qon bilan birga yugurishini bilasanmi?

-Opam menga magnit obkelib bergan, — Nodirani oqlashda davom etdi Shohida. — Mabodo igna qo`lingdan tushib ketsa, o`rningdan qimirlama, atrofingda magnit aylantirsang, yo`qotgan ignang topiladi, degan.

Malohat nima deyishni bilmay qoldi. Keyin “hamma baloni biladi bular” deb to`ng`illagancha chiqib ketdi.

Ko`ngli g`ash bo`lgan Nodira biroz gaplashib o`tirgach, uyiga ketdi. Oftob qaytguncha tikish-bichish  qilgan Shohida, dadasi ukalarini olib bog`chadan qaytgach, igna-ipini  yig`ishtirib qo`ydi.

-O`zimning chevar qizim, — boshini siladi dadasi uning kashtasini qo`liga olarkan.

-Nodira opam chizib berdilar. Agar bir oy ichida tikib bo`lsam, Navro`z bayramiga bag`ishlab o`tkaziladigan ko`rgazmaga qo`yar ekanlar, — quvonchidan ichiga sig`may maqtandi Shohida.

-Ulgurasan, agar ulgurmasang mana oying yordam beradi. Shundaymi oyisi?

Malohat ichidan zil ketsa-da, o`lganini kunidan jilmaydi. Shohida dadasining qo`lidan kashtani olib joyiga qo`yish uchun ketarkan besh yoshli singlisi unga ergashdi. Qizaloq xuddi Shohidaga o`xshab boshini quyi solib, qo`llarini ikki tomonga yoyib yurayotganini ko`rib, Malohat qizining elkasiga musht tushirdi:

-Senga necha marta aytaman bukchaymay yur, deb.

Qizaloq elkasini ushlab yig`lab yubordi.

-Nima qipti opamga o`xshab yursam?.. Opam pingvinga o`xshab yurishlarini yaxshi ko`raman...

-Opasi pingvinga o`xshab yurarmish! — jahldan bo`g`riqdi Malohat. — Opangni ko`zi ko`rmagani uchun oyog`ining tagiga qarab yuradi! Shunisiga havas qilyapsanmi? Ko`r bo`lmoqchimisan?

Shohida tok urgandek seskanib ketdi.

-Malohat! — baqirdi eri jahl bilan.

-Nima Malohat? Erkatoyingizni ko`ngliga tegadi deb o`z qizimga ham gapira olmaymanmi endi?! Ro`zg`or ishlariga qarashgin desam, ko`zini bahona qiladi. Lekain allaqayoqdagi keraksiz ishlarga qolganda ko`zlari ko`rib qolarmish! Anovi qariqizning gapi gap bo`lib qolgan buningiz uchun!

Malohat jahl bilan eshikni qarsillatib chiqib ketdi. Oraga o`ng`aysiz sukunat cho`kdi.

     Shohida o`gay onasining tixirlik qilishiga qaramay, tikishdan bosh ko`tarmadi.

“Eplayman! Mening ham qo`limdan nimadir kelishi kerak-ku!”, o`ylardi u. — “Nogiron odammasmi? Agar o`z onam tirik bo`lganida, ko`zimga nur, yuragimga quvvat bo`lardi.  Onam uchun ham men harakat qilishim kerak! Bundan keyin hech kimning e`tiroziga, kamsitishiga e`tibor bermayman!” Bir qarorga kelgan Shohida ertasi kuni nafaqa pulini Nodiraning qo`liga tutqazdi va turli rangdagi eng sifatli iplar va boshqa ish qurollari olib kelishni tayinladi.

Bir oylik nafaqa pulidan quruq qolgani Malohatga qattiq alam qildi. U erini o`gay qiziga qarshi qayrab ko`rdi lekin ish bermagach, “bir kun sen shapko`rni boplayman, shoshmay tur” deb yuragiga tugib qo`ydi va shundan keyin Nodiraning ishlariga aralashmadi.

Navro`z bayramiga bag`ishlangan hunarmandlar ko`rgazmasiga Nodira o`z o`quvchilari bilan qatnashishi kerak edi. U maktabdan, to`garakdan ortib Shohidaga ham ko`maklashar, ko`rgazmaga hech bo`lmasa ikkita kashtasi tayyor bo`lishi uchun jon kuydirardi.

-Bo`ldi, kech bo`lib qoldi, ko`zingni zo`riqtirma, — dedi Nodira Shohidaning qo`lidan ishni olib. — Ikkinchi kashtani bitkaza olmadik. Bittasi bilan qatnashsang ham bo`ladi.

-Ulgursam yaxshi bo`lardi, — dedi afsus bilan Shohida.

-Ertalab tayyor bo`lib turgin, seni o`zim bilan olib ketaman, — Nodira shunday deya qiz bilan xayrlashib chiqib ketdi.

Ko`chaga kam chiqadigan, chiqqanda ham dadasining etovida yuradigan Shohida ertaga odam gavjum ko`rgazmaga borishini, o`z qo`llari bilan tikkan ishi boshqalarniki qatorida ko`rgazmaga qo`yilishini o`ylab hayajonlanganidan tuni bilan uxlolmay chiqdi. Tongga yaqin ko`zi ilingan ekan Malohatning ovozidan uyg`ondi.

-Shohida, turmaysanmi? Bugun ko`rgazmaga borishing kerak-ku!

Shoshib vannaxonaga o`tgan Shohida oyog`i tagida turgan nam sovunni ko`rmadi...

Gursillagan tovushni eshitib dadasi yugurib kelganda Shohida vannaxonada hushsiz yotardi.

“Tez yordam” xodimlari boshi yorilib, qo`li singan Shohidani olib ketishayotganda ularga duch kelgan Nodira hayratdan qotib qoldi.

-Nasib qilmagan ekan, opa... — shivirladi Shohida ko`z yoshlarini yashirib.

Nodira “Tez yordam”ni kuzatib bo`lgach, Malohatga yuzlandi. Malohat unga tantana qilgandek qarab turardi. Nodiraning yuragiga shubha o`raladi.

-Shohida doim ehtiyot bo`lib yurardi, shu bugun yiqilgani g`alati, — dedi u Malohatning ko`ziga tik qarab

-Ha, juda g`alati, — dedi cho`zib Malohat. — Xudoyim har kim o`zi o`rnini bilsin degandir-da.

-Shohidaning kashtalarini bering, o`zi bormasa ham ko`rgazmaga qo`yaman, — dedi alamini ichiga yutib Nodira.

-Voy, boshimizga tashvish tushib turganda qayog`dagi kashtalarni so`raysiz-a. Kashtalari qaerda turishiniyam bilmayman, — dedi ayol va eshikni qarsillatib yopdi.

Nima qilishni bilmay hafsalasi pir bo`lgancha zinadan tushayotgan Nodira kimdir otini aytib chaqirayotganini eshitib ortiga o`girildi.

Ostonada besh-olti yoshlardagi qizaloq turardi.

-Mana buni oling, opamning kashtalari, — dedi qizaloq shoshib Nodiraning qo`liga g`ijimlangan mato parchalarini tutqazarkan. — Ertalab oyim taxmonning orasiga yashirganlarini ko`rib qoluvdim... Men ketdim, oyim bilsalar, o`ldiradilar... — qizaloq shunday degancha eshik ortiga o`tib ko`zdan yo`qoldi.

Nodira qo`lidagi kashtalarga bir muddat tikilib turdi-da keyin miyasiga kelgan fikrdan xursand bo`lib shoshildi.

Navro`zga bag`ishlangan ko`rgazmada qo`li gul bolalar yaratgan buyumlar orasida Shohidaning boshiga gulchambar taqqan farishta tikilgan hamda bir juft kabutar tasvirlangan, tugallanmagan kashtalarga alohida joy ajratilgan bo`lib, ularning tepasida “Bu kashtalarni ko`zi ojiz qiz Shohida tikkan. O`zi kasalxonada bo`lgani sabab ko`rgazmaga qatnasha olmadi” deb katta-katta harflar bilan yozib qo`yilgandi. Bayramda qatnashganlarning hech biri bu kashtalarning yonidan befarq o`tmadi.

Ertasi kuni esa Shohida yotgan palata gullarga va maktublarga  to`lib ketdi. Shahardagi barcha maktab o`quvchilari, o`qituvchilari hatto hokimiyat vakillari ham bir ko`zi butkul ojiz ikkinchisi xira ko`radigan bu qizning san`ati va irodasi qoyil qolishar, qo`llaridan kelgancha yordamlashishga va`da berishardi...

Dilfuza SOBIROVA

 

 

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1