1

Samarqanddagi tarixiy binoning buzilishi bo`yicha Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi

Madaniyat 21.09.2020, 13:51
Samarqanddagi tarixiy binoning buzilishi bo`yicha Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi

Samarqand shahrida buzilayotgan qadimiy bino bo`yicha ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr-mulohazalar tarqaldi. Bular yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi. Vazirlik izohini to`liq keltiramiz:

"Samarqand shahar, Amir Temur ko`chasi, 14-uyning buzilishi bo`yicha ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokama qilinayotgan fikrlar bo`yicha Madaniyat vazirligi quyidagicha munosabat bildiradi:

Madaniyat vazirligi Samarqand shahar hokimiyatidan Amir Temur ko`chasi, 14-uy buzilishi bo`yicha tushuntirish berishlarini talab qiladi. Madaniy meros departamenti ekspertlari tomonidan ushbu ob`ekt 2010 yilda madaniy meros ob`ekti ro`yxatidan chiqarilgan bo`lsa ham u tarixiy qurilish inshootinig bir qismi hisoblanar edi. Nega Madaniyat vazirligi Amir Temur ko`chasi, 14-uy ob`ektining buzilishi, shuningdek u erdagi buzilishlar haqidagi sud qaroridan xabardor qilinmadi?

Madaniyat vazirligi O`zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasiga 1990-2000-yillarda tarixiy ob`ektlarni qaysi sabablarga binoan ro`yxatdan chiqarilganligi bo`yicha quyidagi so`rovnoma asosida tekshiruv o`tkazilishi masalasi bo`yicha murojaat qiladi:

Ob`ektlar nega ro`yxatdan chiqarildi?

Ushbu xulosalar kim tomonidan qabul qilingan?

Xulosalar madaniyat vazirligi va viloyat hokimiyatining qaysi rahbari tomonidan tasdiqlangan?

Ro`yxatdan chiqarilgan boshqa ob`ektlarning taqdiri nima bo`lgan?

Ayni paytda O`zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi tomonidan Madaniy meros departamentining barcha viloyatdagi inspeksiyalar faoliyati, shu jumladan, Samarqand viloyat madaniy meros boshqarmasining faoliyati ham o`rganilib, madaniy meros saqlanilishiga nisbatan bir qancha qonunbuzarliklar aniqlandi. Madaniyat vazirligi ushbu qonunbuzarliklar uchun barcha aybdorlar va Samarqand viloyati madaniy meros bo`limidagi aloqador shaxslarning mazkur noqonuniy hatti-harakatlariga nisbatan javobgarlik chora-tadbirlari qo`llanishini bildiradi. Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi rahbari bino buzib bo`lingach, Departamentga xabar bergan.

Madaniyat vazirligi ta`kidlaydiki, agar tarixiy ob`ektning buzilishi Samarqand shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilgan hamda Madaniyat vazirligi bu jarayonni tasdiqlamagan bo`lsa, u holda buzilishga oid mas`uliyatni shahar hokimligi o`z zimmasiga olishi va bunga aloqador shaxslar amalga oshirgan noqonuniy hatti-harakatlari uchun qonunda belgilangan tartibda jazolanishi shart.

Madaniyat vazirligi shuni bildiradi: Samarqand viloyati Madaniy meros bo`limini boshqarish ekspert kengashining barcha qarorlari bekor qilinadi. Sabab, Samarqand viloyati Madaniy meros bo`limini boshqarish ekspert kengashining tarkibi haqidagi zarur hujjatlar taqdim qilinmagan va shu tufayli ular Madaniy meros departamenti, O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan tasdiqlanmagan; Madaniy meros departamenti huzuridagi Ilmiy-tadqiqot kengashida mutaxassislardan birining majburiy ishtirok etishi talablari bajarilmagan.

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Samarqand viloyati hokimiyati va Samarqand shahar hokimligidan YuNESKO hududlariga qo`yilgan barcha talab me`yorlariga qat`iy amal qilinishini talab qiladi.

Ayni paytda Madaniyat vazirligi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2019 yil oktyabr oyida tasdiqlangan madaniy meros ob`ektlari ro`yxatiga kirgan madaniy meros ob`ektlarini saqlab qolishni o`rganibgina qolmay tarixiy-madaniy ahamiyatga ega, ammo ro`yxatga kirmagan ob`ektlarni ham asrash masalasini o`rganib chiqmoqda", deyiladi vazirlik munosabatida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1