1

“Siz, mening dadamsiz!”

Mutolaa 28.12.2015, 13:00
“Siz, mening dadamsiz!”

Bu galgi “Yuragimda saqlaganlarim” loyihasiga murojaat qilgan muxlisamizning kechinmalari avvalgilardan butkul farq qiladi. O`zini Xushnida deb tanishtirgan muxlisamiz qaerdan qo`ng`iroq qilganini aytmadi. Xushnidaning qalbida saqlab yurgan dilso`zlari barchaga ibrat bo`lgulik...

— Anchadan buyon o`zgalarning yuragida saqlab yurgan gaplarini, dardlarini o`qib boraman. Aksariyat berilgan kechinmalar og`riqli, ozorli. Shularni o`qib, o`zimcha o`yladim: “Nahot, biz yaxshi, mas`ud kunlarimizni qalbimizga muhrlamaymiz?”

Aslida baxtiyor kunlarimiz ham dilimizda bir umrga qolib ketadi. Faqat u onlar faraxbaxsh bo`lgani uchun ko`p yodga olmaymiz. Odamzotga odat — g`amgin kunlarini ko`proq yod etadi, battar o`zini ezishni yaxshi ko`radi.

Men bugun aksini qilmoqchiman!

Bu xonadonga aslida uch yoshimda kelgan ekanman. Juda yaxshi eslayman, deya olmayman. Ammo onamning aytishicha, bu haqda menga birinchi bo`lib xolam aytgan ekan.

— Xushnida, sening dadang uz-o-o-qdan kelibdi. Endi sizlarni olib ketar ekan. Borasanmi, dadangga?

Albatta, men buni xushnudlik bilan qarshilab, o`sha ondayoq padarim oldiga oshiqqan ekanman.

Doim mening ko`nglimga qarashgani, aytganimni muhayyo qilishgani uchun sira ovunmaganman.

— Nima bo`lsa, bo`ldi! Ishxonasiga olib boraman, — debdi xolam.

Keyin meni kiyintirib, dadamning ishxonasiga olib borishga majbur bo`libdi. Bularni albatta xotirlay olmayman.

— Borganingdan keyin ortimga bekinib olding, — deydi haliyam xolam kulib. — Pochchamning oldida rosa xijolat bo`ldim. Sal avval eru ko`kni buzib otasini so`ragan bolaga o`xshamasding. Go`yoki, men seni bahona qilib pochchamni ko`rishga kelgandek edim. Kelganimga pushaymon bo`ldim. Pochcham ham xijolat. Uzr so`rab ketishga chog`landim. Sen ortga qaytishni istamagandek, oyoqlarimga yopishib olding. Qo`lingdan sudradim. Shunda sal oldingi tortinchoqliging havoga uchgandek, pochchamga qarab yugurding: “Dadamga boraman!” Pochcham o`sha zahoti o`tira solib, quchoq ochdi. Sen o`zingni uning bag`riga otding!

Xolamning hikoyasi mana shu erga etganda mening ko`z oldimda chaplashgan, g`ira-shira manzara namoyon bo`lgandek bo`ladi: sevinchim ichigimga sig`may dadam tomon yugurganim, u kishining “qizalog`im” deya meni quchgani...

Ushbu hodisa ongimda to`liq aks etmasa-da, yuragimga shirin entikishni olib kiradi. Yillar davomida qalbimning qat-qatida qolib ketgan sog`inchni, o`kinchni qayta jonlantirgandek bo`ladi.

Shundan so`ng biz to`kis hayot kechira boshladik. Qolgan voqealar bolalikning oddiy taassurotlaridek edi.

Lekin endi o`ylasam, unday emas ekan!

Esimda, o`shanda endi maktabga borishga tayyorgarlik ko`rayotgandim. Dadam menga juda chiroyli forma-fartuk olib keldi. Kiyib chiqqanimda, u yoqdan-bu yoqqa aylantirib ko`rib, ko`zlari yoshlandi:

— Mening ham qizim maktabga boradigan bo`ldi. Odamlar “Vahobning qizi maktabga boryapti ekan”, deb gapirishadi, endi...

O`shanda hamma dadalar ham qizi maktabga chiqsa shunaqa quvonadi deb o`ylaganman. Lekin dadamning o`sha holati ko`nglimning bir burchagida shirin xotira bo`lib qolib ketgan.

Keyin esa o`qiy boshladim. Dadam oyimni juda avaylagani uchun ba`zan uy yumushlarini ham o`zi qilar, menga dars qildirishni esa kanda qilmasdi. Kechki payt zavqu shavqqa to`lib saboq olardim.

— Qara, uch soni qarg`aga — yonbosh uchayotgan qushga o`xshaydi! Shuning uchun chiroyli qilib yoz, — har bir harf va sonlarni jonli narsalarga mengzab o`rgatardi dadam. — Ikki soni esa, boshini ko`ratib turgan ilonga o`xshaydi.

— To`rt-chi? Hech nimaga o`xshamaydi-ku!

— Nega? Qara, bir oyog`i yo`q narvonga o`xshaydi, — kulardi dadam.

Men battar qiziqib bilim olishga sho`ng`irdim. Dadam esa mening yozishimni mehr va orziqish bilan tomosha qilib o`tirardi. U kishining o`sha lahzalardagi nigohlari hamon ko`z o`ngimda.

Kuzning salqin kunlari boshlangan tongda uyda yolg`iz uyg`ondim. Juda qo`rqib ketdim. Na oyim, na dadam bor!

— Oyi, — yig`lab yubordim birdan.

Bemalol hovliga chiqib izlaydigan, qo`shnilardan surishtiradigan yoshdagi kap-katta qiz bo`lsam-da,  o`rnimda o`tirgancha yig`layverdim. Chunki har kuni meni yo oyim, yo dadam uyg`otardi-da!

— Xushnida, qizalog`im... Mana, keldim! — eshikdan otilib kirdi dadam. Kela solib mening yoshli ko`zlarimn artarkan, jilmaydi. So`ng biroz uyalgandek dedi: — Qizim, men bugun ota bo`ldim! Ota! Sen esa opa bo`lding! Mening — o`g`lim, sening ukang bor endi!

Onamning farzand kutayotganini, otamning shuning uchun unga juda parvonaligini bolalik shuurim bilan anglardim. Biroq negadir buni oddiy qabul qilgan ekanman. Dadam esa...

— Endi mening ham o`g`lim bor! O`g`lim! — dadamning ko`zlariga yosh to`ldi. Keyin meni quchib, elkalari silkina-silkina yig`lay boshladi: — Bu kunni qanchalar kutdim, men! “Vahob ham shuncha yil deganda farzand ko`ribdi! O`g`ilmish, yana...” deyishadi, odamlar...

— U meni opa deydimi? — bolalarcha soddalik bilan so`radim.

— Ha! — dadam yuzimni kaftlari orasiga oldi: — Seni “opa”, meni “dada” deydi. Ko`cha boshidagi ammang sho`rva pishirib turibdi, ekan. Hozir ikkimiz chaqaloqni ko`rgani boramiz. Keyin maktabingga olib boraman.

Dadamning o`zi meni kiyintirdi. So`ng qo`llarimdan ushlab, g`urur bilan ko`chaga qadam bosdi.

— Yangilik bormi? — qo`shnimiz ko`zi tushishi bilan so`radi.

— Tabriklang, o`g`il bo`ldi! O`g`illi bo`ldim! — dadamning ovozi titrab ketdi.

— E-e-e, katta yigit bo`lsin! — qo`shnimiz qutladi.

Sevinchi ichiga sig`may ketgan dadam birdan meni ko`tarib, elkasiga o`tkazib oldi. Men qiyqirdim, yoshi qirqqa borib qolgan otam esa  xuddi yosh boladek irg`ishladi. Shu zayl ammamnikidan ovqatni olib, tug`ruqxonaga bordik. Uyimizga u qadar uzoq bo`lmagani bois, u erga etgunimizcha ham dadam meni elkasidan tushirmadi.

O`sha kuni dadam ikkimizdan baxtiyor odam bo`lmadi dunyoda. Istaganimizcha qiyqirdik, xohlaganimizcha sakradik, to`ygunimizcha o`ynadik. Bu voqea ham yuragimda bir umrga saqlanib qoldi.

Keyin yana ketma-ket yana ikki ukam tug`ildi va men erka, arzanda opaligimcha qolaverdim. Oyimning tergashini aytmasa, dadamning tantiq qizi edim.

Asta-sekin voyaga etdim. O`qishga ham kirdim.

Har hafta dadam mendan xabar olar, pulim bor-yo`qligini surishtirar, uyga kelganimda tansiq taom tayyorlatardi.

So`ng yuragimga muhabbat mehmon bo`ldi. Nihoyat u sovchi yuboradigan bo`ldi.

— Maslahatlashaylik, kengashaylik, — debdi sovchilarga dadam.

Bu dadamning ilk bor istagimni muhokamaga qo`yishi edi. Ungacha og`zimdan chiqqanini muhayyo qilishga, bajarishga uringan.

“Taqdir ishi osonmas, qarindoshlarga baribir maslahat solishadi-ku!” dedim o`zimcha.

Bir hafta o`tib, o`qishdan uyga kelsam, uyda mehmon bor ekan. Oyim esa qanaqadir boshqacha bo`lib yurgandi...

— Mehmonxonaga kir, dadang chaqiryapti, — dedi oyim.

— Erkak kishi ekan-ku! Nima qilaman? Nega chaqiradi? — dedim to`ng`illab.

— Kir degandan keyin kir! — koyidi oyim.

Eshikdan kirib salom berishim bilan mehion menga tikilib qoldi. Negadir bu qarashini yoqtirmadim.

— O`tir, Xushnida! — dedi dadam jilmayishga harakat qilib.

Xontaxtaning bir chetiga cho`kdim.

— Xushnida, bu kishi Rahmat aka... Qo`shni tumandan. U... sening otang bo`ladi... — dadam bu gaplarni erga kirgudek bo`lib aytdi.

Men qotib qoldim.

Haligi odam esa ko`zlarini olib qochdi.

— Qizim, taqdir ekan... Sen chaqaloq vaqtingda oying bilan ajrashib ketganmiz, — dedi u kishi. — Vahob aka “To`y ustidamiz, Xushnida endi haqiqatni bilishi kerak, “ota — rozi, Xudo — rozi” deyishgan, keling, rozilik bering”, deganiga...

Tush ko`rayotgan o`xshardim. Qancha o`tirdim, ular nima deyishdi, bilmayman. Faqat mehmon ketganidan so`ng dadamga qarab yig`lab yuborganim, baqirganim esimda:

— Mening dadam — sizsiz! Sizsiz-ku, dadam! Endi nega bunaqa qilyapsiz? Turmushga beryapman, endi keragi yo`q, deyapsizmi? Men baribir sizni dada deyveraman! Dada-a-a! Dadamsiz, mening!

Dadamning ham ko`zlariga yosh to`ldi:

— Men seni qizim emassan, demadim-ku! Dadangman, bolam, dadangman!

Ha, o`sha kuni, yoshim yigirmadan oshgandagina men dadamning o`gay ekanligini bildim. Ungacha men buni zarracha sezmaganman ham. U meni o`z farzandidan-da, ziyoda katta qildi. Shuncha shodon kunlarni, baxtiyor onlarni, unutilmas lahzalarni xotiramga muhrladi. U in`om etgan baxtli bolalikni yuragimda avaylab-asrayman.

Men buning uchun dadamdan bir umr minnatdorman! Sizni juda yaxshi ko`raman, dadajon!

  Nargiza USANBOEVA  

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1