1

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yurist Habibulla Abdualiev vafot etdi

Siyosat 02.10.2020, 08:49
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yurist Habibulla Abdualiev vafot etdi

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yurist Abdualiev Habibulla Mullaberdiyorovich shu yil 17 sentyabirida 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda yuz.uz xabar bermoqda. 

Abdualiev Habibulla Mullaberdiyorovich 1932 yil 26 oktyabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug`ildi. H. Abdualievning padari buzrukvorlari Alimov Mullaberdiyorxon Toshkent shahri “Darxon” masjidining imomi, Dodalari Abdullo muftiy unvonida faoliyat ko`rsatganlar.

Ustoz Habibulla Abdualiev to`g`riso`z, fidoiy, o`z kasbiga jonkuyar va o`ta mas`uliyatli inson edilar.

1955 – 1960 yillarda O`rta Osiyo davlat universitetining yuridik fakultetida tahsil olgan va ayni bir vaqtning o`zida shu fakultetning uslubchisi vazifasida o`z mehnat faoliyatini boshlagan.

1959 – 2002 yillar davomida Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetida Ma`muriy va moliya huquqi kafedrasi laboranti, o`qituvchisi, katta o`qituvchisi, “Davlat huquqi va boshqaruvi” kafedrasi dosenti, yuridik fakulteti dekan o`rinbosari lavozimlarida faoliyat ko`rsatdi.

1983 yilda unga O`zbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumi Farmoni bilan “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yurist” unvoni berildi.

H. Abdualiev tomonidan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, Davlat huquqi masalalariga bag`ishlangan 40 dan ortiq maqolalar, kitoblar va metodik qo`llanmalar yozilgan. Ularda davlat organlari, deputatlarning huquq va burchlari, davlatlarning suveren huquqlari, Konstitusiya va qonunning ustuvorligi, mustaqil davlatning bosh qonuni, saylov tizimlari, saylov huquqi, xalq deputatlari, davlat organlari tushunchasi va tizimi, Konstitusiyaviy huquq va uning dasturi kabi mavzular yoritilgan.

H. Abdualiev tahsil olgan va hayotda o`z o`rnini topgan bir qancha shogirdlari respublikamiz turli yo`nalishlarida va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarida faol mehnat qilishmoqda.

H. Abdualiev hayotining so`nggi kunlarigacha, jamoat ishida faol ishtirok etib keldi. Toshkent shahar Uchtepa tumani “Sharq yulduzi” MFY raisi lavozimida, shuning bilan birga, o`zining adliya masalalariga oid maslahatlari bilan mahalla ahlining hurmat-e`tiborini qozondi.

O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi jamoasi va rahbariyati H. Abdualievning oila a`zolariga, yaqinlari, hamkasblari va shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Mehribon ustoz, kamtarin inson Habibulla Abdualievning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1