O`zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovning “Rostov”dan A Seriya vakili “Jenoa”ga ko`chib o`tishi Rossiya premer-ligasining eng shov-shuvli transferi sifatida e`tirof etilmoqda., deyiladi sports.uz saytida.
Unda Eldorni qo`lga kiritish uchun “Jenoa”, “Verona” va “Fiorentina” kabi klublari o`zaro raqobatlashgani, umuman olganda, hamyurtimizning Italiyadan taklif olgani kutilmagan holat bo`lgani aytilgan.
Chunki, o`tgan yilgi mavsumda Shomurodovga asosan La Ligadan “Selta”, Bundesligadan “Shtutgart” va “Shalke” kabi jamoalardan qiziqish va murojaatlar bo`lgan. Shuning uchun ko`pchilik Eldorni Germaniyaga ketishini kutgan.
Birdan “Jenoa” varianti paydo bo`ldi. Genuyaliklarning rasmiy chorlovi ovoza bo`lganidan keyin “Verona” va “Fiorentina” raqobatga kirishgan. “Jenoa” taklif shartlarini yaxshilab, “Rostov” roziligini olishga erishgan.
O`zbek futboli tarbiyalanuvchilari Italiya futboli uchun notanish emas. Bundan qariyb yigirma yillar muqaddam Ilyos Zeytullaev “Yuventus” akademiyasida tahsil olib, katta jamoa tarkibida ham muayyan uchrashuvlarda maydonga tushgan va keyinchalik bu yurtning o`nga yaqin jamoalarida to`p tepgan edi. Farqi shundaki, Ilyos Italiyaga juda yosh borib qolgan. Eldor Shomurodov esa, mahoratli hujumchi sifatida taklif oldi, deyiladi sharhda.
“Jenoa” klubida kutilmaganda koronavirus tarqagani bois, Eldor Shomurodovni jamoada kutib olish marosimini an`anaga muvofiq va ko`ngildagidek tashkil etish imkoni bo`lmagan. Asosiy tarkibning 20 nafarga yaqin futbolchisi virus yuqtirgani uchun karantinda va shifokorlar nazoratida ekanligi aytilmoqda.
Eldorning o`zi to`rt yillik shartnomaga imzo chekkan va “Jenoa” futbolchisi sifatida tanishtirilgani haqidagi videolavhalar ham tarqaldi.
Ayni paytda “Jenoa”dagi ilk mashg`ulotini kutayotgan hamyurtimiz jurnalistlarga intervyu berib, ilk taassurotlari bilan o`rtoqlashgan:
- Hammasi juda tez sodir bo`ldi. Hozir shu erga kelganimdan juda xursandman. Dunyoning eng kuchli ligalaridan birida o`ynash azaliy orzularimdan biri edi. Meni to`g`ri tushunib, ketishimga ruxsat bergani uchun “Rostov” rahbariyatidan minnatdorman. Orzularim ro`yobga chiqmoqda.
- O`z oldingizga qanday maqsad qo`ygansiz? Bu mavsumda Krishtianu Ronaldudan ko`p gol urishni istaysizmi?
- Katta gapirmayman. Oddiy qilib aytganda, qo`limdan kelgan barcha narsani amalga oshirishga harakat qilaman!

Ma`lum qilinishicha, Eldor Shomurodov “Jenoa”da 9-raqamda to`p suradi. Hamyurtimiz A Seriyadagi debyutini 19 oktyabr kuni “Verona” jamoasiga qarshi o`tkazadi. A Seriyaning to`rtinchi turidan o`rin olgan uchrashuvga Verona shahridagi 45 ming kishilik "Stadio Mark-Antonio Bentegodi" stadioni mezbonlik qiladi.






