Kuni kecha, ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo-Ulug`bek tumani, "Oqqo`rg`on" mahallasida er xotinini masxara qilgani, unga tan jarohati etkazganligi va axlatni iste`mol qilishga majbur qilganligi to`g`risida ma`lumotlar e`lon qilindi. Shundan so`ng, Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan tezkor xabar taqdim etib, ushbu erkakka nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma`lum qildi.
Ayni paytda Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tuman hokimligi xabarlar va oila yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi:
"Ushbu voqea 2020 yil 1 oktyabr kuni tungi 23:00da «Oqqo`rg`on» mahallasi O`. Sultonov ko`chasi 49 uy 12 xonadonda sodir bo`lgan. Fuqaro I.R (1974 yilda tug`ilgan) ayoli I.D (1985 yilda tug`ilgan)ga spirtli ichimlik iste`mol qilgan holatda tazyiq o`tkazgan.
Bugunga qadar ushbu olada turli nizolar bo`lib turgan. Bu oila muntazam «Oqqo`rg`on» mahalla fuqarolar yig`ini nazoratida bo`lgan. 2015 yilda ham ushbu oilada oilaviy janjal oqibatida ajralish darajasigacha etib borgan. Mahalla va tegishli tashkilotlar tomonidan oilaga tushuntirish ishlari olib borilib, voyaga etmagan farzandlarining borligi inobatga olinib, yarashtiruv komissiyasi oilani saqlab qolgan.
Pandemiya davrida fuqaro R.I ning murojaatiga asosan mahalla tomonidan oilaviy ahvoli o`rganilib «Temir daftar»ga kiritilgan, tegishlicha mablag`lar berilgan.
Ushbu videoda aks etgan jarayonlardan so`ng shu kechaning o`zida 102 ga ayol eri 46 yoshli Rustam I. tomonidan kaltaklangani va unga nisbatan zo`ravonlik qilinganligi to`g`risida xabar qilgan. Ayolga etkazilgan jarohatlarning og`irligini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Shuningdek ayol himoya orderi bilan himoyalangan. Bugungi kunda ayollar reabilitasiya markaziga yotqizilgan. Tuman Mahalla va oilani qo`llab quvvatlash bo`limi tomonidan ayol muntazam nazoratga olinganligini ma`lum qilamiz", - deyiladi rasmiy munosabatda.
Eslatib o`tamiz, Mirzo Ulug`bek tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 1-qismi («Qiynash») bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi. I.R hibsga olingan.






