Mamlakatimizda sog`lom turmush tarzini qaror toptirish uchun sportni har tomonlama rivojlantirishga katta e`tibor qaratilmoqda. Shu jihatdan vazirliklar, idoralar, xo`jalik birlashmalari hamda yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari o`rtasida ommaviy sport turi — futbol bo`yicha “Bosh vazir kubogi” musobaqalarning tashkil etilganligi ayni muddao bo`ldi.

Ushbu turnirning bu yilgi final o`yini 12 oktyabr kuni mamlakatimizning bosh arenasi – “Milliy” stadionda tashkil etilgani haqida avval xabar bergandik. Hal qiluvchi bahsda amaldagi chempion – Oliy sud hamda bu yilgi musobaqa kashfiyotiga aylangan Tashqi ishlar vazirligi jamoalari to`qnash kelishdi. Uchrashuvni esa O`zbekiston professional futbol ligasining malakali hakamlari boshqarib borishdi.
O`yin final nomiga xos, keskin kurashlarga boy hamda murosasiz kechdi. Jamoalar maydonning har qarichi uchun jiddiy kurashdi, biroq raqib darvozasiga yo`l topish na u, na bu jamoaga nasib etdi. Natijada g`olibni aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilindi.

“Omad lotoreyasi”da omad Oliy sud jamoasiga nasib etdi. Aslida Tashqi ishlar vazirligi jamoasi so`nggi, beshinchi zarbani aniq bajarganda hammasi tamom edi. Lekin hal qiluvchi zarbada musobaqa debyutantlari adashdi va oxir-oqibat kubokni Oliy sud jamoasi qo`lga kiritdi.

Shu munosabat bilan bugun Oliy sudda futbolchilarni taqdirlashga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti Akrom ARIPOV saytimizga xabar berdi.

Oliy sud raisi o`rinbosari Ikrom Muslimov ularni qutlar ekan, bu ommaviy sport turini tizimda bundan keyin ham rivojlantirish, jamoaning mashg`ulot olib borishlari uchun munosib sharoitlar yaratish zarurligi haqida gapirdi.

Sardor ALIMARDONOV, Oliy sud boshqarma boshlig`i: — Musobaqada ko`plab jamoa vakillari ishtirok etishdi. Shular orasida birinchi o`ringa erishishning o`zi oson kechmadi. Ikkinchi marta finalda g`alabaga erishdik va "Bosh vazir kubogi"ni qo`lga kiritdik. O`ylaymanki, sport bilan muntazam shug`ullanish, ish faoliyatimiz samaradorligining oshishiga, sog`lom turmush tarzini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbirda g`oliblarga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg`alar topshirildi.






