1

2021 yilga mo`ljallangan davlat byudjeti parametrlari muhokama qilindi

Siyosat 19.10.2020, 20:22
2021 yilga mo`ljallangan davlat byudjeti parametrlari muhokama qilindi

Bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2021 yilga mo`ljallangan davlat byudjeti parametrlari muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Koronavirus pandemiyasi ko`pgina rejalarga jiddiy ta`sir ko`rsatdi. Lekin qabul qilingan qarorlar va o`z vaqtida ko`rilgan choralar natijasida joriy yilgi byudjet parametlari ijrosi ta`minlanmoqda. Bu esa pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga 13,4 trillion so`m mablag` yo`naltirishga imkon berdi.

Davlatimiz rahbari kelgusi yilgi byudjetni rejalashtirishda pandemiyaning davom etishi, jahondagi iqtisodiy faollik pasayishini inobatga olish kerakligini ta`kidladi.

Yig`ilishda makroiqtisodiy barqarorlik va belgilangan byudjet tushumlarini to`liq ta`minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Buning uchun 2021 yili iqtisodiyotda kamida 5,1 foiz, jumladan, sanoatda 5,8 foiz, xizmatlar va qurilishda 6,5 foizdan o`sishga erishish kerak bo`ladi. Inflyasiya darajasi va byudjet defisitini prognoz ko`rsatkichlaridan oshirmaslik ham muhim.

Mutasaddilarga ushbu vazifalar bo`yicha topshiriqlar berildi. Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda 600 ming ish o`rnini legallashtirish, 53 ta idoraning ma`lumotlar bazasini integrasiya qilish, markirovka qo`llaniladigan mahsulotlar turini kengaytirish hisobiga byudjetga qo`shimcha mablag`lar tushirish mumkinligi aytib o`tildi.

Yirik korxonalarda ishlab chiqarishni ko`paytirish ham rejalashtirilmoqda. Misol uchun, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining tabiiy gazga bo`lgan ehtiyojini to`liq qoplash hamda hisob-kitobni to`g`ri yo`lga qo`yish orqali aksiz solig`idan qo`shimcha 500 milliard so`m mablag` tushirish imkoni mavjud. Shu bilan birga, elektr energiyasi bilan ichki bozordagi ehtiyojni uzluksiz ta`minlash hisobiga qo`shilgan qiymat solig`idan qo`shimcha 250 milliard so`m byudjetga daromad tushishi kutilmoqda.

Energetika vazirligiga shu bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Transport vazirligiga keyingi yili qatnovlarni tiklash, yangi marshrutlarni ochish hisobiga byudjetga tushumlarni 2019 yildagi ko`rsatkichlarga etkazish vazifasi qo`yildi.

Pandemiya sharoitida ijtimoiy sohaga ajratiladigan xarajatlar joriy yilga nisbatan kamida 15 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, keyingi yilda maktabgacha ta`lim qamrovi darajasini 70 foizga, bunda xususiy sektor ulushini 25 foizga etkazish maqsad qilingan. Xalq ta`lim vazirligiga byudjetdan ajratmalar 16 foizga oshiriladi. Maktablarni tezkor internetga ulash bo`yicha birinchi marta byudjetdan 100 milliard so`m, jihozlashga 200 milliard so`m yo`naltirish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida kelgusi yili innovasion rivojlantirish va novatorlik g`oyalarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasiga byudjetdan 2 baravar ko`p mablag` yoki 100 milliard so`m ajratiladi.

Sog`liqni saqlash sohasiga qariyb 20 trillion so`m, shundan koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun 3 trillion so`m hamda dori-darmon xaridiga 1,8 trillion so`m belgilanishi ko`zda tutilgan.

Ilk bora onkogematologiyaga qariyb 90 milliard so`m ajratilmoqda. Shuningdek, tamaki savdosidan olingan aksiz solig`ining 7 foizi Onkogematologik va davolash qiyin bo`lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog`lomlashtirishga ko`maklashish jamg`armasiga o`tkazib beriladi. Shu bilan birga, kelgusi yilda birinchi marta gemodializga muhtoj kasallarga tibbiy xizmatlar ko`rsatish qamrovini 100 foizga etkazish uchun 130 milliard so`m yo`naltiriladi.

Yig`ilishda kambag`allikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash hamda aholi bandligini ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Kambag`allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy nafaqa oluvchi muhtoj oilalar soni joriy yil boshiga nisbatan 2 baravarga oshirilishi belgilandi. Kelgusi yil 1 yanvardan yagona ijtimoiy reestrni barcha hududlarda ishga tushirib, ijtimomiy nafaqalar ajratish tizimini to`liq avtomatlashtirish zarurligi qayd etildi.

Tadbirkorlik dasturlari doirasida 3 trillion so`mdan ortiq subsidiyalar berilishi mo`ljallanmoqda. Bundan tashqari, Bandlikka ko`maklashish jamg`armasi hamda Jamoat ishlari jamg`armasiga 250 milliard so`mdan mablag` yo`naltirish rejalashtirilgan.

Yangi ish o`rinlari ochish va aholini tadbirkorlikka jalb qilish hisobiga kam ta`minlanganlar sonini qisqartirish zarurligi ta`kidlandi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1