1

Prezident ishlab chiqarishda qoloqlikka yo`l qo`ygan korxonalarni tanqid qildi

Siyosat 21.10.2020, 20:27
Prezident ishlab chiqarishda qoloqlikka yo`l qo`ygan korxonalarni tanqid qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida sanoat tarmoqlaridagi 9 oylik natijalar va yil yakunigacha bajarilishi lozim bo`lgan vazifalar muhokamasi bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Unda ta`kidlab o`tilganidek, pandemiya oqibatlari sanoat ishlab chiqarish sur`atlariga ham ta`sir o`tkazmay qolmadi. Shu bois davlatimiz tomonidan har bir tarmoqni qo`llab-quvvatlash bo`yicha tezkor choralar ko`rildi. Karantin davrida ham ishlab chiqarish davom etdi. Bularning natijasida sanoatda yuzaga kelishi mumkin bo`lgan jiddiy yo`qotishlarning oldi olindi.

E`tiborlisi, iqtisodiyotda yuqori qo`shilgan qiymatni ta`minlovchi qayta ishlash sanoatida 9 oyda qariyb 3 foiz o`sish qayd etildi. Xususan, elektr texnikasi ishlab chiqarish 25 foiz, to`qimachilik mahsulotlari 12 foiz, metall rudalari qazish 7 foiz va qurilish materiallari 6 foizga o`sdi.

Shuningdek, avtomobillar 1,5 baravar, elektr texnikasi mahsulotlari 1,3 barobar, to`qimachilik tovarlari 16 foiz, mis sim 15 foiz ko`p eksport qilindi.

Natijada yalpi ichki mahsulotning o`sish sur`ati 0,4 foiz ijobiy darajada saqlab qolindi va byudjet daromadi 1,9 trillion so`m ortig`i bilan bajarilishiga erishildi.

Shu bilan bir qatorda, ayrim tarmoq va hududlarda ishlab chiqarishda qoloqlikka yo`l qo`yilgani oqibatida sanoat mahsulotlari bo`yicha umumiy ko`rsatkich 2,7 foizga kamaygan.

Yig`ilishda bunga sabab bo`lgan omillar tanqidiy tahlil qilinib, yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmlarini ta`minlash chora-tadbirlari ko`rib chiqildi. Shu bilan birga, sanoat tarmoqlari va hududlarda yana qanday zaxiralar borligi, ularni ishga solish uchun nimalar qilish kerakligi batafsil muhokama qilindi. Pirovard maqsad – eksport, daromad, manfaat.

– Sanoat korxonalari boshqaruv tizimida muammolar bor. Mahsulotlar tannarxini tushirish kerak. Bu raqobat muhitini yaratishning muhim asosidir, – deya ta`kidladi Prezident.

Avval neft-gaz tarmog`idagi ishlar tahlil qilindi. Qoloqlikka yo`l qo`ygan korxonalar faoliyati tanqidiy baholanib, rahbarlarning lavozimlariga loyiqlik masalasi ko`rib chiqildi.

Yil yakuni bilan tabiiy gaz qazib olishni ko`paytirish, ichki bozorga qo`shimcha gaz etkazib berish bo`yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 740 ming tonna neft va kondensat qazib olish, 203 ming tonna suyultirilgan gaz va 125 ming tonna polietilen ishlab chiqarish vazifasi qo`yildi.

“O`zkimyosanoat” korxonalarida hali rezervlar mavjudligi, ishlab chiqarish hajmini oshirib, eksportga yo`naltirish zarurligi ta`kidlandi. Qo`qon superfosfat zavodining birinchi bosqichini modernizasiya qilish, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ammiak va karbamid kompleksini ishga tushirish choralari belgilandi.

“O`zavtosanoat” boshqaruviga o`tgan qishloq xo`jaligi mashinasozligi tarmog`ida traktor va seyalkalar ishlab chiqarish 2 barobar kamaygani ko`rsatib o`tildi. IV chorakda avtomobillar ishlab chiqarishni 62 mingtaga etkazib, 165 million dollarlik eksport qilish, butlovchi va ehtiyot qismlarni xorijiy bozorlarga sotishni yo`lga qo`yish zarurligi aytildi. Xalqaro ekspertlar bilan birga avtomobil sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1