AsosiyJamiyat

O`qituvchi hisobot bermasin, o`qituvchining ishiga baho beradigan tizim bo`lsin -- deputat

'O`qituvchi hisobot bermasin, o`qituvchining ishiga baho beradigan tizim bo`lsin -- deputat'ning rasmi

O`zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov  shaklan emas, mazmunan zamonaviy maktabga ega bo`lish uchun xalq ta`limi tizimida qanday islohotlar o`tkazish kerakligi haqida o`z fikrlarini bildirdi. 

" -- O`qituvchi o`z ishini zavq bilan amalga oshirishi kerak. O`tadigan mavzusi bo`yicha dunyoda bir soat avval qanday yangilik bo`lgan bo`lsa, shuni ham biladigan darajada faol bo`lishi zarur.

Maktab boshqaruvi o`qituvchidan samarali foydalanish uchun unga zamonaviy vositalar va shinam muhit yaratib berish haqida o`ylashi kerak. O`qituvchi darsini berib bo`ldimi, xohlasa kutubxonaga, xohlasa uyiga ketsin. Qaer uning uchun qulay bo`lsa, o`sha erda ertaga bo`ladigan darsi haqida o`ylasin, o`tgan darslarini hisobotini to`ldirish xaqida emas! O`qituvchi raqobatbardosh bo`lish uchun vaqtini behudaga sarflamaydi, xavotir olmang.

Har bir maktab, shtatiga zarur sonda kuzatuvchi ekspertlar (20 ta sinf bo`lsa 20 nafar, 30 ta sinf bo`lsa 30 nafar) ishga olinishi kerak. Har bir darsga bitta ekspert. Ular tajribali, nafaqadagi pedagoglar yoki pedagogikani yaxshi biladigan mutaxassislardan iborat bo`lishi mumkin. Ekspertlar o`qituvchilik qila olmaydi. Muhim jihati, ekspertlar kundalik rotasiya tizimi asosida ishlashi, shtat bo`yicha bir maktabdan oylik olib, kuzatuvni boshqa maktabda olib borishi ham mumkin bo`ladi. Bu xolislikni ta`minlaydi, qolaversa, 200-300 mingta yangi ish o`rinlari ham yaratiladi.  

Darsni kuzatish uchun har bir sinfga kamera o`rnatiladi. Har bir maktabda kuzatuv-tahlil xonalarida ekspertlar ishlaydilar. Har bir darsni bitta ekspert kuzatadi va avvaldan belgilangan mezonlarga muvofiq, maxsus dasturga o`qituvchining mahorati va o`quvchining faolligi xaqida ma`lumotlar kiritadi. Har bir o`qituvchi va o`quvchi dasturda o`z kodiga ega bo`ladi, shu kodning reyting bazasi o`qituvchi uchun maosh hisoblashda, o`quvchi uchun esa oylik va choraklik reyting bahosini hisoblashda asos bo`ladi. Ma`lumotlar uch oy saqlanadi va e`tirozlarni tahlil qilish uchun foydalanilishi mumkin. O`qituvchi reyting natijalariga ko`ra maosh oladi. Har bir darsda yuqori ko`rsatkichga ega bo`lgan o`qituvchi ko`p maosh olsin, kamrog`i kamroq, o`qituvchilik qo`lidan kelmayotgan o`qituvchi raqobatdan chiqib ketaversin.

Shunda o`qituvchini eng ko`p vaqtini olayotgan - bolani bilimini baholash va jurnal to`ldirish mashaqqatidan ozod qilgan bo`lamiz. O`qituvchi darsini beradi, ekspert o`qituvchini ham, o`quvchini ham baholaydi. Dars berish alohida, o`quvchini bilimini baholash, muntazam qayd etib borish, chorakliklar chiqarish, kamiga ota-onalar bilan tortishish alohida mashaqqat. O`qituvchining eng og`ir yuki aslida shu. Haftasiga bir marta olinadigan yozma vazifalarni o`qituvchi tekshirib baholab berishi mumkin.  

O`qituvchining ishi mavzuni bolalarga qiziq va aniq tushuntirib berishdir. O`qituvchining ishi va o`quvchining o`zlashtirish darajasi bir-biriga bog`lanmasligi kerak. O`zlashtirishi qiyin, uquvi yo`q o`quvchilar uchun o`qituvchi javob bermasin. Reyting ballari past bo`lgan o`quvchilar keyingi sinfda qaytadan o`qiydi. Bu o`quvchilar uchun ham motivasion ham jazolovchi omil bo`ladi.  

O`zlashtirish darajasi past bo`lgan bolalarning ota-onalari bilan sinf rahbarlari alohida ish olib boradi. Sinf rahbarlari faqat “Tarbiya” fani o`qituvchilaridan iborat bo`lishi juda muhim. Qolgan o`qituvchilar tarbiyachilik qilmasligi kerak. Muhim jihati, maktabdagi bir sinfga (A, B, V hammasi) bitta sinf rahbari bo`lishi kerak. U ham “Tarbiya” darsini o`tadi, ham sinflarga rahbarlik qiladi. Tarbiyachi oddiy o`qituvchilardan ko`ra 50-70 foiz ko`p oylik olishi kerak.

Bunday tizim 5-6 sinflardan boshlab o`quvchilarni kategoriyalarga ajratish uchun ham sharoit yaratadi. Ilmga qobiliyati borlarni alohida, hunar yoki tadbirkorlikka qobiliyati borlarni alohida dasturlar asosida tayyorlash imkoniyati yuzaga keladi.  

Maktabda zamonaviy texnologiyadan keng foydalanadigan o`qituvchi, zamonaviy sharoitlarda bolalar bilan ishlashi kerak. Shunda biz shaklan emas, mazmunan zamonaviy maktabga ega bo`lamiz," deb post qoldirgan partiya raisi.

 

    Boshqa yangiliklar