11 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo`lib turgan Afg`oniston Islom Respublikasi Milliy yarashuv oliy kengashi Raisi Abdulla Abdullani qabul qildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik hamda Afg`onistondagi mojaroni tinch yo`l bilan hal etishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O`zbekiston-Afg`oniston munosabatlarini rivojlantirishda erishilgan sur`atni katta mamnuniyat bilan ta`kidladi. Amaliy hamkorlikni kengaytirish, savdo, iqtisodiyot, investisiyalar, transport va logistika, energetika, ta`lim va boshqa muhim yo`nalishlarda ustuvor loyihalarni ilgari surish borasidagi sa`y-harakatlar alohida qayd etildi.
O`zbekiston Afg`onistonda mintaqaviy ahamiyatdagi infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekani ta`kidlandi.
Abdulla Abdulla samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekistonning afg`onlararo tinchlik muzokaralarini boshlashga hamda xalqaro hamjamiyatning Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo`yicha faoliyatini birlashtirishga xizmat qilgan sa`y-harakatlarini yuksak baholadi.

Mehmon O`zbekiston tomonidan ko`rsatilayotgan doimiy ko`mak uchun minnatdorlik bildirdi hamda mamlakatimizning Afg`onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy jarayonlarga jalb etishga qo`shayotgan hissasini alohida qayd etdi.
Muzokaralar chog`ida mintaqaviy va xalqaro siyosatning tomonlarni qiziqtirgan masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.






