1

“HECh KIM BOLAM DEB YIG`LAMASIN!”

Mutolaa 17.01.2016, 10:21
“HECh KIM BOLAM DEB YIG`LAMASIN!”

Tahririyatimizga kelgan xatlardan biri e`tiborimizni tortdi. Unda bir otanining qalb so`zlari o`z aksini topgan. Xorazmlik mushtariyning aytmoqchi bo`lganlari sizni ham befarq qoldirmasligi tabiiy.

— Mana dunyodagi eng sirli va hamma birdek yaxshi ko`ruvchi bayram-yangi yilni ham yaxshi niyatlar bilan qarshi oldik. Bu bayramni yoshu-qari birdek orziqib kutadi, sababi yangi yil o`zi bilan yangi orzu-umidlar, yangi rejalar va maqsadlar olib keladi. Kimdir aytgan ekan, yangi yil barchamizning tug`ilgan kunimiz deb.  Darhaqiqat, bu kunda hayotimizni oppoq sahifadan boshlaymiz. orzu-umidlar qilamiz va ularning ushalishiga yosh boladek ishonamiz. 2015 yil hayotimda sinovlarga to`la yil bo`ldi. Yangi yildan birgina tilak tiladim:  Meenga hech nima kerak emas, Ollohga shukur hamma narsam etarli. Hayotimni hech kim tark etmasa bo`lgani.

Gapni uzoqdan boshlab sizni zeriktirib qo`ygan bo`lsam uzr. Xayollarim chuvalashib ketdi. Bir boshidan boshlay qolay. Men asli Xorazmlikman. Yoshim 53 da. Ollohga shukur o`g`illarim, qizlarimni uyli-joyli qilganman. Ularning hammasi o`z-o`zidan tinchigan.

Ota-ona uchun bolalarining hammasi birdek sevimli. Ularning hech birini kam yaxshi ko`ramydi. Ammo o`g`lim Elyorbekni onasi ham, men ham boshqacha ko`rardik. Uni nifaqat biz, balki butun mahalla-ko`y, qo`ni-qo`shni, hamma yaxshi ko`rardi.  Kichkinaligidan matematikaga qiziqar, hisob-kitobga juda usta edi. Uning bu qobililiyatiga ko`pchilik hayron qolar edi. Elyorbek juda sho`x, gapga chechan bola edi. O`g`lim barcha bin tez til topishib ketardi.  Qishloqda kimnikida to`y-hasham bo`lsa, hashar bo`lsa birinchilardan bo`lib Elyorbek qatnashar, bel bog`lab xizmatda bo`lardi. 

Yillar bir-birini quvib o`taverarkan. Biz qarib ketaverarkanmiz, farzandlarimiz esa ulg`ayib boraverarkan.

Elyorbekni uylantirishim ham qiziq bo`lgan. Unga falon oilaga sovchilikka bormoqchimiz, sen nima deysan o`g`lim, desam:

— O`zingiz bilasiz. Mayli sizlar nima desangiz shu bo`ladi, — derdi.

Men esa:

—Bolam qiz bilan yashaydigan sen, o`zing ko`z ostingga olib qo`yganlaring bo`lsa ayt, — derdim.

Bu gaplarni bir necha marta eshitaverganidan keyin bir kuni unamaygina shunday dedi:

— Haligi qo`shni mahallada yoqtirgan qizim bor, agar rozi bo`lsalaringiz...

— Nega shuni oldinroq aytmaysan, bolam, — dedim men. — Biz onang bilan boshqa uyga sovchilikka borib qo`yganimizda nima bo`lardi?

— Otajon,onam ikkalangiz menga yomonlikni ravo ko`rarmidingiz? Shuncha yildan beri sizlarning aytganingizni qilib kam bo`layotganim yo`q, axir. Shuning uchun sizlar tanlagan kelin menga ham yoqqan bo`lardi, — degandi o`g`lim.

Uning gaplaridan ko`nglim tog`dek ko`tarilardi. Ota-onasining aytganini qilmay, o`zi bilganicha ish tutib, hayot yo`llarida qoqilayotganlar kammi?  O`g`lim Elyorbek har bir ishni qilishdan oldin biz bilan maslahatlashardi.

Shunday qilib uni o`zi ko`z ostiga olib qo`ygan qizga uylantirdik. Qizning oilasi bizga ham ma`qul bo`ldi. Oilamizga har tomonlama mos keldi. Kelinimiz ham shirinsuxan, mehnatkash chiqdi. Bizlarni hurmat qiladi, xizmatimizni qilib, charchamaydi. Ollohga shukur, vaqti-soati kelib, oilamizga shiringina qizaloq-yangi mehmon tashrif buyurdi. Qiziga ismni o`g`limning o`zi “Dilfuza” deb qo`ydi.

Dilfuza dadasining quyib-qo`ygandek o`zginasi. Katta-katta qora ko`zlari, qirra burni xuddi Elyorbegimni eslatadi. Nabiramizning shirin-shirin qiliqlarini tomosha qilib, bir yarim yil vaqt o`tkazibmiz. Mana olti oylik bo`ldi, mana emakladi, mana gapirdi, endi yuradi, deb umrimizning daryodek oqib ketayoganini ham bilmay qolibmiz.

Esimda o`tgan yili yangi yil bayramida o`g`lim Elyorbek bayram bir umr yodimizda xotirlanib qolishi uchun astoydil harakat qilgandi. Soat sakkizlar chamasi. Ayolim kelin bilan pishir-kuydir qilyapti. Men nabiramni   olib televizor ko`rib o`tirgandim. Bir payt Elyorbek “Dada, men sinfdoshlarim bilan bir joyga o`tib kelaman, sizlar yaxshi o`tirib turinglar,” deb qoldi. Bayramni birga kutaylik, tezroq kela qolinglar bo`lmasa, dedim unga.

Shunday qilib soat o`n birlar bo`ldi.  Bir payt darvoza taqilladi. Chiqsam eshik oldida kattakon qop ko`targan qorbobo turibdi. Hayron bo`ldim. Axir hozirgi zamonda oldindan buyurtma qilinmasa, hech kimning uyiga shunchaki qorbobo kelmaydida.

— Assalomu alaykum, otaginam! Kirib kelayotgan bayramlaringiz bilan. Uzoq-uzoq o`lkalardan sizni va oila a`zoaringizni tabriklash uchun keldim. Qani, uyingizga boshlangchi, — dedi u viqorli ovoz bilan.

— Rahmat, qorbobojon, — dedim kulib. — Ammo biz sizni hech ham kutmagandik. Biroz hayajondaman, qanday bo`larkin?

— Ey otaginam, hammasi yaxshi bo`ladi, qani ichkariga kiraylik, — dedi kutilmagan mehmon.

Shunday qilib, qorbobo bayramimiz fayziga fayz kiritdi. Jajjiginamiz Dilfuzaxon o`zi yodlagan ilk she`rini aytib berdi va qorbobodan sovg`a oldi. Qorbobo juda e`tiborli chiqib qoldi. Menga, ayolimga, hatto kelinimga ham sovg`a berdi. U endi ketishga chog`lanayotgan edi, duo qildim:

— Iloho omiyn, o`g`lim bizni shuncha xursand qilding, umringdan baraka topgin, farzandlaringni rohatini ko`r, hayotingda yaxshi kunlaring ko`p bo`lsin, boshing to`ydan chiqmasin!

Qorbobo rahmat aytdida, ustidagi kiyimlarini echa boshladi. Bosh kiyimi va “soqol”ini olganida hammamiz kulib yubordik. Hammamizni xursand qilgan qorbobo, — o`g`lim Elyorbek ekan.

— Nahotki, meni tanimagan bo`lsangiz, ota? — dedi o`g`lim kulgudan to`xtamay.

— Yo`q, umuman tanimadim. Aktyor bo`lsang bo`larkan o`zi. Shunday qobiliyating bor ekan, bilmay yurgan ekanmiz, — dedim unga hayratimni yashirolmay.

 Elyorbek qorbobo rolini shunday mahorat bian ijro etgan ediki, o`zi aytmaganida tanimagan bo`lar edik. U ana shunday hayotimizni quvonchga to`ldirib yashardi...

Shu so`zlarni yozayapman-u, ko`zlarim beixtiyor yoshlanadi. Ota uchun bolasining dard chekayotganini ko`rish o`ta og`ir ekan.

Erta bahor edi. Yoshligida bir marta ham kasal bo`lmagan o`g`lim Elyorbek og`rib qoldi. Birdan issig`i ko`tarilib ketdi. Avvaliga biz buni shamollash deb o`yladik. O`zimizcha muolajalar qildik. Ammo o`g`limning issig`i tushay demasdi. Uni viloyat markazidagi shifoxonaga olib bordik. Kerakli tahlillarni topshirdik. Shifokor o`g`limning ikkala buyragi ham ishlamayotganini aytdi. Gemodializ muolajasi o`tkazilmasa, peshob chiqarolmagani tufayli o`g`limning organizmi zaharlanishini tushuntirdi.

Shu bilan yaxshi bo`lib ketsa, mayli o`tkazinglar o`sha muolajani dedim. Muolaja o`tkazildi, o`g`lim tuzalgandek edi. Shunday bo`lsa ham ko`nglim g`ash, chiroq yoqsa yorishmaydigandek qop-qorong`u edi. Elyorbekni tajribali shifokorlarga ko`rsatsak, zora tuzalib ketar degan umidda poytaxtdagi shifoxonaga olib bordik. Baraka topgur shifokorlar bolamga o`z bolalariga qaragandek qarashdi. Ularning:

— Rajab aka, o`g`lingiz Elyorbek judayam ko`ngilchan, xazilkash bola ekan. Uning kasalligiga ham ishonging kelmaydi, degan so`zlari haligacha esimdan chiqmaydi. Darhaqiqat o`g`lim dardga o`ta chidamli edi. Hech qachon men kasal ekanman deb kayfiyatini tushirgan emas. Yoki bizni meni, onasi va kelinni siqilishdan asradimikan shu yo`l bilan? Tegishli muolajalarni olganidan so`ng uni uyga olib keldik.

Yozning jaziramali kunlari edi. Erta tongda hovli tashqarisiga sepilayotgan suvning ovozidan uyg`onib ketdim. Darvozamiz oldidan katta ariq o`tgan. Tashqariga chiqib qarasam, Elyorbek qo`lidagi chelak bilan ariqdan suv olib, ko`chaga sepayotgan ekan.

— Elyorbek, bolam, qo`y o`zimiz sepamiz, charchab qolasan, — dedim.

— Yo`q, bugun ancha yaxshiman, xudoga shukur. Xavotirlanmang, charchamayman, — dedi u kulib

Uning ko`rinishidan ko`nglim yorishdi. Ollohga shukurlar qildim, bolamga shifo bergani uchun. O`g`lim suvni sepib bo`lib, ariqni suvida salqinlash uchun cho`milib ham oldi. Buni ko`rgan qo`ni-qo`shnilarim “Ana, o`g`lingiz Elyorbek tuzalib ketdi. Endi xudo yo`liga is chiqarib yuboring, sadaqa qiling, yaxshi bo`ladi” deyishdi.

Biz ham o`zimizda yo`q shod edik. O`shanda o`g`lim umrining eng so`nggi onlarini yashayotganini qaerdan ham bilibmiz? Ikki kundan keyin Elyorbek yotib qoldi. Hammamizni xayrlashish uchun yoniga chaqirdi. Avval qizi Dilfuzaning quloqlariga unga atab olgan tilla zirakni taqib qo`ydi. . Keyin men, onasi, akalari va opalari-hammamizga yaqinroq o`tirishimizni tayinladi. Menga qarab:

— Aka (Xorazmda otani aka deyishadi - tahr) men ketyapman, mendan rozi bo`ling, — dedi. Jigarbandimning so`zlari yuragimni tilkalardi. Chidolmadim, ko`zim yoshlandi:

— Unday dema, jon bolam, hali ko`p yashaysan, — dedim bo`g`zimga tiqilayotgan achchiq nolani yashirishga urinib.

— Og`a, apka, (opa) sizlardan bitta iltimosim bor. Qaysi biringiz o`g`il farzand ko`rsangiz, ismini Elyorbek deb qo`ying, shunda men hamisha sizning yodingizda bo`laman, — dedi opa va akalariga yuzlanib.

Uning aytgan so`nggi so`zlari shu bo`ldi. U ko`zimizni yoshga to`ldirib, bag`rimizni qon qilib bizni tashlab ketdi. Taqdirning izmidan hech kim qochib qutulolmas, Ollohning irodasi oldida bandasi ojiz ekan. Qancha urinmaylik, o`g`limizni asrab qololmadik. U ayni o`ynab-kulib, hayotdan zavqlanib yashaydigan yoshida hayotdan bevaqt ko`z yumdi. Uning ortida otasi, onasi, opa-akalari, rafiqasi va yakka-yu yagona farzandi qizalog`i-hammamiz bo`zlab qolaverdik. 

Janozaga juda ko`p odam keldi. Ularning ko`pchiligini tanimadim ham. Keyin bilsam ular o`g`limning tanish-bilishlari,do`stlari, ustozlari ekan. 

O`g`lim vafot etganiga yarim yil bo`ldi. Qo`ni-qo`shnilar haligacha “Rajab aka, ko`chamiz Elyorbek bilan fayzli ekan. Uning xazil-xuzullari, ko`nglimizni ko`tarishlarini qo`msayapmiz”, deyishadi. Bu so`zlarni eshitib, g`am-anduhim ortadi. Elyorbekning kelmas bo`lib ketganiga ishonish, ko`nish juda og`ir. Bu dunyodan hech kim farzandidan ayrilmasin ekan. Oilada farzand dunyoga kelganida “Umri bilan bergan bo`lsin” degan tilak eng yaxshi tilak ekanligini anglab etdim va dunyoda hech kim bolam deb yig`lamasin!” degim keladi...

Sevara tayyorladi.  

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1