Aktrisa Keyt Uinslet o`zi, hayoti va ijodi haqidagi savollarga qisqa, aniq va lo`nda qilib javob berdi.
- “Muvi 43” filmi negadir o`zini oqlamadi. “Nega jiddiy aktrisa bunday ahmoqona komediyada o`ynashga rozilik bildirdi?” degan tanqidlar “yomg`ir”i ostida qoldim. Lekin men komediyadagi ishtirokimdan zarracha afsuslanmayman. Xyu Jekman bilan yangi qiyofada chiqdik, bu — ajoyib tajriba!
- Hamkorlikda ishlagan barcha rejissyorlardan minnatdorman. Ulardan 3 tasini alohida ta`kidlamasam bo`lmaydi. Piter Jekson 17 yoshimda filmiga taklif etgan. Sabr bilan to`g`ri yo`lga yo`naltirardi. Jeyms Kemeron “Titanik”dek katta film olishiga qaramay, har bir detalga sinchkov edi. Eng Li esa so`zini havoga sovurmaydigan rejissyor. Qisqa va lo`nda gapiruvchi o`z ishining ustasi!
- Go`zallik haqida gap ketganida onam doim “Qoshingni terma, keyin avvalgi “forma”siga qaytarolmaysan”, derdi. Shuning uchun s`yomka jarayonida vizajistlarning qoshimga tegishiga yo`l qo`ymayman.
- Leonardo Di Kaprio bilan “Titanik”da tanishganmiz. U vaqtlari juda yosh edik. Biz qalin do`stmiz, deyarli har kuni qo`ng`iroqlashamiz. Bir-birimizga ko`nglimizdagi dard-u quvonchlarni tortinmay to`ka olamiz. Leo Jeymsning qat`iy talablari va s`yomka jarayoni qiyinchiliklariga dosh berolmay, har kuni elkamga bosh qo`yib yig`lardi.
- Ota-onam 40 yildan ortiq baxtli hayot kechirishgan. Taqdirim ularnikidek bo`lmasligi etti uxlab tushimga ham kirmagan... Nega omadsiz turmushim omma e`tiborini tortishiga tushunmayman. Axir yolg`iz mening taqdirim shunday emas-ku!
- Uch farzandim meni sira asabiy ko`rishmagan. Ona sifatidagi ruhiy holatim ularga salbiy ta`sir etishini doim yodda tutaman. Qanchalik tushkun kayfiyatda bo`lmaylik, farzandlarimizga buni ko`rsatishga haqqimiz yo`q!
- Och qolmasligimiz uchun otam nima ishlar qilmadi... U kishini ko`rgim kelsa, juda erta uyg`onishimga to`g`ri kelardi. Avtohalokatda bir oyog`idan ayrilgach, 11 yoshimda reklama orqali pul topishni boshladim. 16 yoshimda maktabni tashlab, oilani boqishimga to`g`ri keldi. Xayriyatki, sevimli kasbim orqali og`ir kunlarni engish nasib etdi. Aslida juda nochor oila edik, ota-onamiz yonimizda ekani bois o`zimizni boydek his etardik...
- Kasbim uchun farzandlarimni qurbon qilolmayman. To`xtovsiz filmlarda ishtirok etib, farzandlarimni bir suratga olish maydonchasidan ikkinchisiga etaklab, ularni qiynashni istamayman! Farzandlarimni voyaga etkazish uchun hatto teatrda ishlashdan bosh tortdim. Rosti, enaga yollashga hushim yo`q.





