Tibbiyot fanlari nomzodi, Sevara FAXRUTDINOVA ta`kidlashicha, qandli diabeti bo`lgan insonlar turli xil infeksiyalarga moyil bo`ladi va ularda infeksion jarayon og`irroq kechadi.
Sababi shakar mikroblar uchun ozuqa moddasi hisoblanadi. Inson tanasiga infeksiya tushganida qonda qand miqdorining oshishi kuzatilishi mumkin, shuning uchun kasallikni nazorat qilishga jiddiy e`tibor qilish lozim.

Agar diabeti bor bemor qonida glyukoza mikdori baland bo`lsa, COVID-19 kasalligi ushbu bemorlarda og`ir kechishi mumkin. Sababi kasallikda kuzatiladigan «sitokinlar bo`roni» uchun shakar quvvat manbaidir.
-- Ayniqsa, tana vazni ortiqcha bo`lgan insonlarda koronavirus og`ir kechadi. Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasi ham ushbu kasallikning kelib chiqishiga sabab bo`lishi mumkin degan taxminlar bor.
Ma`lumki, koronavirus kasalligini davolashda glyukokortikoidlar guruhiga kiruvchi "Deksametazon" dori vositasi keng qo`llaniladi. Bu dori qonda qand miqdorini ko`taruvchi preparatlar qatoriga kiradi, diabetning 2-turiga moyil bo`lgan insonlarda bu dori vositasini qo`llanishi diabetni rivojlanishiga olib kelishi mumkin, bu ko`pincha ortiqcha tana vazni bo`lgan insonlarda kuzatiladi.
Ushbu dori vositasini qabul qiluvchi insonlar qonda qand miqdorini muntazam o`lchab borishi va albatta, sog`lom turmush tarziga rioya qilishlari lozim, deydi mutaxassis.
Uning qayd etishicha, kasallikka chalingan bemorlarda koronavirusdan davolanish jarayonida qonda qand miqdorini pasaytiruvchi dori vositalari dozasiga bo`lgan ehtiyoj ortishi mumkin. Koronavirus jarayonida qand miqdori oshib ketsa, bu og`ir asoratlarga olib kelishi mumkin, shuning uchun, COVID-19ning o`rta va og`ir holatlarida qandli diabet bemorlariga insulin bilan davolash tavsiya qilinadi. Bu koronavirus infeksiyasidan tezroq tuzalishga yordam beradi, oldin tabletka bilan davolanganlar keyinchalik yana o`sha davolash rejimiga qaytishi mumkin.
-- Agar diabeti bo`lmagan, COVID-19 kasalligiga chalingan insonlarda "Deksametazon" va shunga o`xshash glyukokortikoid dori-vositalari ta`sirida qonda qand miqdori baland bo`lsa, kerak bo`lganda, ular ham insulin bilan davolanishlari shart. Bu dori vositalarida ehtiyoj qolmaganda qonda qand miqdori me`yorga kelib, insulinga bo`lgan ehtiyoj ham yo`qoladi, deydi shifokor.






