Taqdirdan kuygan ayolning kechinmalari

Mutolaa 19.01.2016, 14:58
Taqdirdan kuygan ayolning kechinmalari

Men bularni bir umr yuragimda saqlab yurishim ham mumkin edi. Ammo o`ylab qoldim, bundan ne naf? Qalbimni hufton, dilimni vayron qilib turganidan foyda ko`ryapmanmi? Albatta, yo`q. Undan ko`ra mening holimga tushganlar o`qib, xulosa chiqarsa, to`g`ri yo`l topsa yaxshi emasmi?

O`ylaymanki, mening kimligim, qaerda yashashim o`quvchi uchun muhim emas. Asosiysi, hayotdan topganlarim ularga nimadir berishida.

Men o`n to`qqiz yoshimda turmushga chiqqanman.

— Juda boy oila ekan, — dedi onam kelajagimni o`ylab. — Hech narsaga zoriqmaysan, uy-joy quray deb qayg`urmaysan. Shuning uchun hammasiga ko`z yum.

Men “ko`z yumishim” lozim bo`lgan — turmush o`rtog`imning ilgari ham uylangani edi.

— Butkul, ajrashib ketibdi-ku! Endi u ayolning ham, yigitning ham yo`llari sira tutashmasmish. Meni desang, teg. Rohat-farog`atda yashaysan! — dedi onam roziligimni olishga urinib.

Endigina o`n to`qqizga qadam qo`ygan qiz nima deb qarshilik ko`rsata olardiki, men rad eta olsam. Uzatishdi. Rostdan ham boy-badavlat oila. “Hech narsadan kami yo`q” deya ta`riflashgan bu xonadonda faqat mehr-oqibat etishmasligini borganim zahoti sezdim. Ikki yillik befarzandligim esa buni yanada isbotladi. Qaynonam ko`z ochirmasdi:

— Shuncha sharoit bilan ham bola tug`a olmasangiz, a? Nima balo, ikkinchi marta ham “og`zim kuydi”mi, deyman! Qarating, o`zingizni! Kundoshingiz kelishi bilan homilador bo`lgandi. Nahot, nevara qucha olmayman-a?

Bu gaplari dilimni og`ritadi deb o`ylashmas, yuzingda ko`zing bormi, demay gapiraverardi. Shukrki, ikki yil o`tib bo`yimda bo`ldi. O`g`lim tug`ildi. Shuncha sabrsizlikka yarasha Xudoyim ham “Ol, qulim!” dedimi, to`ng`ichim yarim yosh bo`lmasdan turib yana homilador bo`ldim. O`zini shunchalar bolaparvar qilib ko`rsatgan qaynonam bu xabardan gezarib ketdi:

— Nima? Sabrimni sinayapsizmi? Bitta chaqaloq etadi hozirchaga. Boring, onangiznikiga borib oldirib keling!

— Tug`ilgunicha, bu ham katta bo`lib qoladi-ku!

— Yo`q, boring!

Noiloj onamnikiga bordim.

— Noshukrlik qilma, bolam. Kechagina tirnoqqa zor bo`lib yig`lab yurganing esingdan chiqdimi? Bolani bergan — rizqini ham beradi. Bu tug`ilgunicha, kattang chopqillab qoladi. Bir ayting, qaytib og`zzingga olma, — ortimga qaytardi onam.

Men bu qaynonamning istagi ekanligini ayta olmadim.

— Onangiz pulini qizg`andimi? Bolani o`zi boqmaydi-da, a? Shuning uchun tug`aver, deydi! — qaynonamning jag`i-jag`iga tegmay qoldi.

Har kuni bir gapni takrorlar, kamiga atay ro`zg`ordagi og`ir ishlarni qildirardi: er chopdim, qop-qop sabzavot ko`tardim...

Oxir-oqibat bu sog`lig`imga va farzandimga ta`sir qildi. O`n sakkiz kun shifoxonada yotdim. Na qaynonam, na erim xabar oldi. Shundan og`rinib uyga borishni istamadim.

— Qizim, o`z uying — o`lan to`shaging. O`z uyingga bor. Seni quvib solishmaydi-ku, — deya onam uyga borishimga undadi.

— Itni ham haydasang, ketadi. Bu esa yana qornini qappaytirib kelyapti, — deya qarshi oldi qaynonam.

Bizga ajratilgan uyga kirsam hech narsamiz yo`q. Hayron bo`ldim.

— Endi alohida yashaymiz. Hamma narsani o`sha joyga ko`chirdim, — dedi erim.

Quvonishni ham, xafa bo`lishni ham bilmadim. So`ng erim o`sha aytgan ijara uyiga olib bordi. Eski choyxona ekan. Juda chet joyda.

— Narsalarni joylayver, kelaman, — dedya u o`g`lim ikkimizni tashlab ketdi.

Ochig`i, qaerga kelib qolganimni ham aniq bilmasdim. Ertalabgacha kutdim. Turmush o`rtog`imdan darak yo`q. O`g`lim och qolib yig`lay boshladi. Sal narida qurilayotgan imorat ustidagi ustalar yoniga bordim.

— Faqat bording bor edi. Bizga o`zimizga loyiq ovqat olib kelishadi-da, — deya ular o`g`limga bodring berishdi.

O`zim emasam ham o`g`limga ilindim. Uzoqroqqa ekilgan makkajo`xori dumbulini egasidan so`rab olib, qaynatib o`g`limga berdim. Hamon dadasi bizdan xabar olay demasdi. Ketay desam, qo`limda pul yo`q. Yana, ketganim zahoti kelib qolsa, gap eshitmay degan hadik bilan kutib bir haftani o`tkazibman. Bu orada bir do`konga borib, ahvolimni tushuntirib o`g`lim uchun pechene va eguliklar olib turdim. Oxiri o`sha do`kon egasidan pul olib, qaytdim. Turmush o`rtog`im bilan yana kelganimizda choyxona egasi kelib qoldi.

— Bo`sh yotgan er bor. Shunga ul-bul ekasizmi? — dedi u bizga qarab.

Erimdan avval men rozi bo`ldim. U aytgan erga pomidor ekib, chelaklab suv quyib parvarishladim. Birdaniga hech kim yo`qlamaydigan, hatto erim ham kam keladigan bu makonimizga qaynonam ham, qarindoshlari ham kela boshladi. Chunki ekinim havas qilgulik darajada bo`lgandi. Afsuski, ikkinchi o`g`lim tug`ilib, ularni terib, sota olmadim. Barchasini turmush o`rtog`im va qaynonam saranjomladi. Juda katta daromad qildik. Ammo u pullardan menga bir chaqa ham tekkan emas.

Yana eski hammom, eski tos. Avvalgidek, o`g`illarim bilan xor-zorlikda yashay boshladim. Erim bizni butkul tashlab qo`ygandi. Ilojsizlikdan bolalarimni onamga tashlab, ishladim. Bu orada qaynonam yiqilib, ko`zi ko`rmay qolibdi,  to`shakka mixlanibdi. Ishlab yurgan chog`imda bu haqda eshitib qoldim.

— Qaynonang og`ir yotganmish. Xabar ol, — yana nasihat qildi onam.

Ishonasizmi, borsam shifokor yonimga yugurib kelsa, deng:

— Siz uning  kimi bo`lasiz? Biz bu bemorga uyga ketishga ruxsat bergandik, shundan buyon hech kim yo`q.

Qotib qoldim. Nahot, shuncha boyvachcha o`g`illar birgina onaning holidan xabar olishga, uyga olib ketishga yaramadi?

— Oyi, men keldim, — dedim qaynonamning boshiga borib.

Javob o`rniga qaynonamning ko`zlarida duv-duv yosh ko`rdim. Yuragim allanechuk bo`lib, yig`lab yubordim.

— Yig`lamang, oyi. Sizni olib ketaman. O`g`lingizga hoziroq borib aytaman.

Yig`lay-yig`lay shifoxonadan chiqib, erimni izladim. Topgach, barcha dilimdagilarni to`kib soldim:

— Meni o`ylamadingiz, mayli. Bolalaringizni tashlab qo`ydingiz, xo`p. Lekin onangizdan nega xabar olmadingiz? Boring, olib keling. Mayli, mening yonimga olib keling, o`zim qarayman!

Afsuski, qaynonam erim borishi bilan vafot etibdi. Shundan so`ng umr yo`ldoshim bizni butkul unutdi.

— O`z uyimizga faqat o`zim sig`aman. Ukam seni va bolalaringni kiritmaydi, — dedi hatto yuzimga.

Undan biror yorug`lik chiqmasligiga ko`zim etgach, o`zim tuman hokimligiga borib, arzimni aytdim. Shukrki, quloq tutadiganlar bor ekan. Er berishdi. Endi topganimni to`plashga, o`zimizga boshpana qurishga harakat qildim. Chaylada yashab, uy ko`tara boshladim. Bundan xabar topgan erim yana paydo bo`ldi. Nomardni qarangki, bolalarim rizqidan qirqib olgan qurilish mollarimni sotishga tushibdi. Ortiq chiday olmadim. Ajrashishga qaror qildim:

— Siz na oilani, na bolani, na onani bildingiz! Sizdan hech qanday umid yo`q! Keting, hayotimni yana do`zaxga aylantirmang!

Bunga chiday olmagan erim menga tuhmat qildi. Ko`chaga chiqib, men haqimda “suyuqoyoq” deb gap tarqatdi. Undan butkul sovidim. Endi oramizga hech narsa qolmagandi. Yaqinda  u uchinchi bor uylandi. Eng dahshati, atay men uy qurgan mahalladagi restoranda to`y qildi. Mashinada chunonam shovqin solib o`tdiki, uyimiz yonidan.  Men-ku, mayli... Uning zulmlariga, nodonliklariga ko`nikib qolganman. Ammo farzandlarim-chi? Ular endi go`dak emas. Katta bo`lib qolishdi. Ularga qarab ezilib ketdim...

Aytmoqchi bo`lganim, qizini turmushga berayotganlarga men yaqqol misolman! Aslo boylikka uchmang! Mana, men boy xonadonga tushdim, ammo nonimni ham o`zim topdim, uyimni ham yolg`iz boshim bilan qurdim. Baxt — boylikda emas, shuni aslo unutmang, aziz onalar! Qizlaringizning hayotini sarobga almashmang!

N.Usanboeva oqqa ko`chirdi

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1