Elektr tarmoqlaridagi uzilishida asosan 2 ta yirik omil mavjud. Birinchisi, bu elektr tarmog`iga turli texnik va iqlim sharoitlari bilan bog`liq ta`sirlar. Ikkinchisi, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste`mol o`rtasidagi tafovut tizimning yaxlitligiga, barqaror faoliyatiga salbiy ta`sir etganda ma`lum texnik shartlar asosida tarmoqdan jadvalli uzishlar sodir bo`ladi. Bu haqda bugun AOKAda bo`lib o`tgan brifingda "O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ axborot xizmati rahbari Ulug`bek O`rinov ma`lumot berdi.
Elektr uzilishiga iqlim sharoitlari, masalan, tarmoq simlariga daraxt shoxlarining tegishi (yoki sim arqonlari), qurilish ishlarida yo`l qo`yiladigan ehtiyotkorsizlik, kuchli shamol va yomg`irlar ta`sir qiladi.
Elektr uskuna va jihozlarining eskirishi tufayli nosoz holga kelishi yoki 200 ta xonadonga mo`ljallangan transformatorlarga 300–400 ta xonadonning ulanishi oqibatida ham nosozliklar kelib chiqadi. Bunday paytda iste`molchilar vaqtincha tarmoqdan uzilib turiladi.