O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kannabis o`simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog`liq bo`lmagan sanoat maqsadlarida etishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 770-son qarori qabul qilindi.
Hujjat “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to`g`risida”gi va “Faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash to`g`risida”gi qonunlarga muvofiq qabul qilindi. Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
• Kannabis o`simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog`liq bo`lmagan sanoat maqsadlarida etishtirish va foydalanish faoliyatini lisenziyalash tartibi to`g`risidagi nizom;
• Kannabis o`simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog`liq bo`lmagan sanoat maqsadlarida etishtirish, saqlash, realizasiya qilish, tashish, yo`q qilish va hisobga olish bo`yicha talablar.
Qishloq xo`jaligi vazirligi lisenziyalashni amalga oshiruvchi organ hisoblanadi, ushbu Vazirlik tomonidan:
• tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha bo`lgan kannabis o`simligini (keyingi o`rinlarda – kannabis o`simligi) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog`liq bo`lmagan sanoat maqsadlarida etishtirish va foydalanish faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziya beriladi;
• kannabis o`simligini etishtirish uchun qishloq xo`jaligida foydalanishdan chiqarilgan erlar ajratib beriladi;
• ishlab chiqarish maqsadlarida etishtirish uchun ekin navining uchinchi va undan keyingi reproduksiyadagi urug`liklarini ekishga yo`l qo`yilmaydi;
• 2 oy muddatda giyohvand vositalar va psixotrop moddalar tayyorlanishining oldini olish hamda mintaqaviy kimyo laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo`yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi ishlab chiqiladi va h.k.
Nizomga muvofiq lisenziyalarni berish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish va xulosalar tayyorlash lisenziyalovchi organ huzuridagi ekspert komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Lisenziya faqat kannabis o`simligi (tola va urug`) bilan bog`liq faoliyatning quyidagi turlarini amalga oshiradigan yuridik shaxslarga beriladi:
• etishtirish;
• olib kirish, olib chiqish;
• qayta ishlash;
• saqlash;
• realizasiya qilish;
• olish;
• tashish.
Faoliyatning bir nechta turlarini amalga oshirish huquqini olishda har bir turiga alohida lisenziya beriladi. Lisenziyaning amal qilish muddati – 5 yil.
Lisenziya talablari va shartlari quyidagilardan iborat:
• giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
• yuridik shaxsning shtatida tegishli malakaga ega bo`lgan kamida uch nafar mutaxassis mavjud bo`lishi;
• moddiy-texnik baza, uskunalar, boshqa texnik vositalardan foydalanishni qamrab olgan holda lisenziyalashtirilgan aniq faoliyat turini bo`yicha belgilangan talablarga rioya etish;
• er uchastkasi, binolar, inshootlar, muhandislik kommunikasiyalari va texnologik uskunalarga egalik yoki boshqa ashyoviy huquqlarning bo`lishi;
• ishlab chiqarish xavfsizligi, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, yong`in xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi bo`yicha talablar va normalarga rioya qilinishini ta`minlash;
• foydalaniladigan er maydonlarida uzluksiz ishlovchi videokuzatuv tizimining mavjudligi;
• laboratoriyada qiyosiy tahlillarni amalga uchun giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan foydalanish bo`yicha lisenziyaga ega bo`lish;
• ishlab chiqarilgan mahsulotning kamida 50 foizini eksportga yo`naltirish;
• irrigasiya infratuzilmasini modernizasiyalash va resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish.
Shuningdek Nizomda quyidagilar keltirilgan:
• lisenziya olish uchun zarur bo`lgan hujjatlar ro`yxati;
• arizani ko`rib chiqish hamda lisenziya berish yoki lisenziya berishni rad etish to`g`risida qaror qabul qilish tartibi;
• lisenziyalash talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish usullari;
• lisenziyaning amal qilishini to`xtatish, tugatish va bekor qilish;
• lisenziyalar reestrini yuritish tartibi.
Arizani ko`rib chiqish uchun BHMning 50%i miqdorida yig`im undiriladi. Lisenziya uchun to`lanadigan har yillik davlat boji miqdorlari qonun hujjatlarida belgilangan.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda tibbiy maqsadlarda kannabis etishtirishga ruxsat beruvchi lisenziyani olish uchun qariyb 700 mln so`m davlat boji to`lash kerak bo`ladi.