Jahon banki O`zbekistonning taraqqiyot siyosatini qo`llab-quvvatlash operasiyasi doirasida 500 million dollar mablag` ajratishini ma`lum qildi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko`ra, operasiya doirasida O`zbekistondagi COVID-19 pandemiyasining salbiy ijtimoiy-iqtisodiy ta`sirini yumshatish va 2017—2021 yillarda Harakatlar strategiyasida belgilangan islohotlarni amalga oshirish ishlari qo`llab-quvvatlanadi.
«Jahon banki tomonidan ma`qullangan Taraqqiyot siyosatini qo`llab-quvvatlash operasiyasi 2017 yildan buyon O`zbekistonda amalga oshirilgan asosiy islohotlarning yutuqlarini mustahkamlashga yordam beradi, shuningdek, turli resurslar va uning iqtisodiyotdagi ishtiroki ustidan davlat nazoratini kamaytirishga qaratilgan yanada murakkab islohotlar uchun mustahkam zamin yaratadi», — deydi Jahon bankining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Ma`lumot uchun, Jahon banki hozirda O`zbekistonning 25 loyihasini qo`llab-quvvatlamoqda. Uning moliyaviy va texnik yordami makroiqtisodiy islohotlar, qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash, ta`lim, suv va kanalizasiya, energetika, transport, ijtimoiy himoya, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish kabi sohalarda qo`llanilib kelmoqda.






