1

Lutfulla Sa`dullaev: “Tuhmat balosidan asrasin”

Mutolaa 31.01.2016, 13:43
Lutfulla Sa`dullaev: “Tuhmat balosidan asrasin”

Ushbu sahifamiz gazetxonlarimizning hech kimga aytmay yurgan dardlari, kechinmalarini bayon etish maqsadmida tashkil etilganidan xabaringiz bor. Ammo. Ba`zi hollarda el ardog`idagi san`atkorlar, taniqli insonlar ham tahririyatmizda mehmn bo`lib, ushbu sahifadan joy ajratishimizni so`rashadi. Bu galgi mehmonimiz O`zbekiston Xalq artisti Lutfulla Sa`dullaev. Birgalikda o`qiymiz!

"O`sha paytlarda ancha yosh edik. Teatr gastrol safarlari hozirgidek o`n-o`n besh kun emas, kamida bir oy, gohida bir yarim, hatto kezi kelganda ikki oyga ham cho`zilib ketar edi. Odatdagidek teatrdan gastrol safariga, Farg`ona viloyatiga yo`l oldik. Kechga yaqin Toshkent vokzalidan poezdga o`tirib ertalab Marg`ilonga etib bordik.

O`sha paytning gastrol safarlarida teatrimizning qariyb barcha jamoasi qatnashar edi. Ustozlarimiz Karim Xonkeldiev, Badal Nurmuhamedov, Manzura Hamidova, Obid Tolipov, Muhabbat Yo`ldosheva, Vohid Qodirovlar biz yosh aktyorlarga ota-onalarcha mehribonlik qilishib, san`atda o`z o`rnimizni mustahkam topishimiz uchun o`z o`gitlari va maslahatlarini ayamas edilar. Har kuni Farg`ona viloyat teatri sahnasida to`rt marotabadan maktab o`quvchilariga, bolalarga atalgan sahna asarlarimizni o`ynab, kechqurun esa joylarga borib kattalar uchun «Otalar so`zi – aqlning ko`zi»ning tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lgan teatrlashtirilgan dramatik, musiqali tomoshamizni ko`rsatar edik. Farg`ona viloyat teatri binosida navbatdagi spektakl boshlanishi oldidan yonimga bir teatr aktrisasi kelib salom-alik qilib so`rashdi. Men bu ayolni darrov tanidim. Bu aktrisani Sirdaryoning 18-Farg`ona sovxozida to`yda ko`rgan edim. O`sha davrlarda Jizzax va Sirdaryo cho`llarida ishlash uchun Respublikamizning turli viloyatlaridan kelganlar cho`lni o`zlashtirib, u erlardan yuqori paxta hosilini olayotganlar juda ko`p edi.

Gastrol safarida yonimga kelgan ayol o`sha to`yda raqqosa sifatida ishtirok etgani esimga tushdi. Gulchehra tabiatan to`yma-to`y yuradigan raqqosa qizlarni yoqtirmas edi. O`sha ayol bilan salom-alik qilib turganimda yonimizga Gulchehra keldi. O`sha ayol Gulchehrani ko`rishi bilan ko`zlari chaqnab:

– Sizni ham ko`radigan kun bor ekan-ku, Gulchehra opa. Men sizning ashaddiy muxlisingizman. Ayniqsa, «Qismat» telespektaklidagi Uzukjamol rolingiz meni larzaga solgan. Ijroyingizga gap yo`q. «O`tgan kunlar»dagi Zaynab esa yuksak darajadagi aktrisaning ijrosi, – dedi.

Gulchehra avvaliga o`zida yo`q xursand bo`ldi. Ayol ikkimizni uyiga mehmonga taklif qildi. Gastrol safaridagi har kunimiz reja asosida reglamentli bo`lgani uchun mehmonga borishimizning hech iloji yo`qligini aytdim. Biz spektaklga kirib ketdik. Ayol esa juda xursand holda kulib joyida qoldi. Kechqurun sahnadagi barcha spektakllarni o`ynab mehmonxonaga qaytganimizda, Gulchehra:

– Haligi teatrda siz bilan gaplashib turgan xonimcha kim edi? – deb so`radi.

Gulchehra inson sifatida sodda, mehribon, iffatli bo`lishiga qaramay, bunday paytlarda kuchli tergovchilardek jiddiy turardi. Men bo`lgan voqeani unga aytdim:

– Bu ayolni bor-yo`g`i ikkinchi marotaba ko`rishim, – dedim.

Uning to`yga raqqosa bo`lib borganini eshitgan Gulchehraning rangi-ro`yi o`sha zahoti o`zgardi. Lekin ortiqcha hech narsa demay damlab qo`yilgan choydan quyib, menga uzatib: «Choydan iching», – deya stol ustiga qo`ydi. Men shu tobda tomog`imdan choy tugul bir tomchi suv ham o`tmasligini bilib, o`zimni zo`rlab choydan bir-ikki qultum ichdim-da, piyolani stol ustiga qo`yib:

– Men bugun judayam charchadim. Uxlaganim ma`qul, – deb o`rnimga yotib uxlab qoldim.

Ertalab odat bo`yicha teatrga yo`l oldik. Kunduzgi ikkinchi spektaklni o`ynayotgan paytimizda o`sha ayol katta tog`orada issiq manti olib kelib, stol ustiga qo`ydi-da:

– Gulchehra opa, Lutfulla aka, sizlarning san`atlaringiz oldida ta`zimdaman. — Uyimga bormaganingizga manti qilib keldim, – dedi.

Shu orada spektakl ham nihoyasiga etdi. Jamoa a`zolari bilan hammamiz, hatto Gulchehra ham issiq mantilarni ustiga qatiq solib murchlar sepib paqqos tushirdik. Lekin bir aktyor ko`zi olazarak bir Gulchehraga, bir manti qilib kelgan ayolga, bir menga qarab:

– Zo`r, qoyilmaqom manti qilibsiz, rahmat, sizga, – deb qo`ydi.

Qariyalarimiz «mantichi ayol»ni maqtab, duo ham qilishdi. Ayol olib kelgan narsalarini tog`ora ichiga solib uni dasturxon ichiga o`rab xursand qaytib ketdi. Biz qo`llarimizni artib navbatdagi spektaklni o`ynash uchun sahnaga kirib ketdik.

O`sha kuni kechqurun Marg`ilonning istirohat bog`i, yozgi teatr binosida «Otalar so`zi – aqlning ko`zi» tarbiyaviy-satirik musiqali dasturimiz tomoshabinlarga havola etilishi ko`zda tutilgan edi. Biz kech soat 18:00larda teatr avtobusida manzilga etib bordik. Sahna ishchilari, rekvizitorlar, radistlar, chiroqchilar sahna tayyorgarligini boshlab yuborishdi. Biz aktyorlar reklama bo`lsin deb bog`ning har tomoniga tarqala boshladik: Shuning uchun biz hozirgi til bilan aytganda jonli ijroda «reklama roligi» vazifasini bajarar edik. Chamasi tomoshamiz boshlanishiga yarim soatcha qolganida bog`ni aylanib yozgi teatr binosiga etib kelganimizda kunduzi bizni katta tog`oradagi mantisi bilan siylagan ayol uch-to`rt yashar o`g`li bilan tomosha ko`rgani kelib bizlarni kutib turgan ekan. Gulchehra va men «egan og`iz uyalar» deb ularni iliq kutib oldik. So`ng ular bilan bir oz suhbatlashib turgan edikki, yonimizga elga yaxshi tanilib, o`z rollari bilan muxlislar orttirib olgan bir aktyorimiz kelib davraga qo`shildi. U avvalo Farg`ona teatri aktrisasi, so`ng uning o`g`li bilan salom-alik qildi.

(Shu erda men aziz o`quvchilarga ochig`ini aytishim kerakki, u chiroyli ayol va qizlar yonidan shunday o`tib ketadiganlar xilidan emasdi. Qolaversa, menga qanday qilib zarba berish yo`lini qidirib yurar edi.) Shunda aktyor o`ta jiddiy ravishda: «Lutfulla, bu bola xuddi senga o`xshaydi-ya. Quyib qo`ygan o`zing-a», – deb so`ng Gulchehraga qarab: «Qarang, xuddi eringizga o`xshar ekan», deya o`girilib teatrning yozgi binosiga kirib ketdi. Biz hammamiz xuddi suv quygandek jimib qoldik. Bir necha soniyadan keyin men va Gulchehra sahna tomon, ona bola esa tomosha zali tomon kirib ketishdi.

Men spektaklni ijro etyapman-u, ishqilib, haligi ayol yonimizga kelmasin-da, deb iltijo qilaman. Xudoga shukr, kelmadi. Haligi g`alamisning gapidan keyin o`sha tobda rangi oqarib ketganini men sezgan edim. U ham, menimcha, bu noo`rin gapdan keyin voqea yanada chigallashmasin, deb bizga uchrashmagan bo`lsa kerak.Eng qizig`i Gulchehra menga bir og`iz ham gap aytmadi. Uning bu holatidan asablarim taranglashdi. Hamma narsa mehmonxonaga kirganimizdan keyin boshlandi.

Yarim tun. Gulchehra kresloga o`tirib men tomonga qaramay:

– Menga qarang, nima qilib siz anavi — o`yinchi ayolga ilashib yuribsiz? Nega u dabdurustdan bir tog`ora manti qilib keldi? U bilan uchrashib yurganingizga necha yil bo`ldi? Anavi teatrimiz aktyori ham uning o`g`lini sizga o`xshatdi. U bu gapni aytishdan avval siz va bolaga bir necha bor qarab, ishonch hosil qilgandan keyin aytdi. Ayolga ilashib yurganingiz etmagandek bola orttirib ham olgan ekansiz-da? – deb o`zini qo`yarga joy topa olmasdi.

Xalqimizning bir naqli bor: «o`t balosi, suv balosi, tuhmat balosidan asrasin». Shu tobda bir ichi qora insonni qalbiga kirib olgan shayton o`z kuchini ko`rsatib men tuhmat balchig`iga belanib bo`lgan edim.

Gulchehra:

– Bu ko`rgulik ham boshimda bormidi? – deb tinmay yig`lay boshladi.

Men nima deyishimni, nima qilishimni bilmay qotib qolgan edim. Bizning yonimizdagi xonada ustoz san`atkorlarimiz, «Otalar so`zi – aqlning ko`zi» ko`rsatuvining boshlovchisi Karim ota Xonkeldiev va Badal Nurmuhamedovlar joylashgan edi. Men ular yashaydigan xonaning devori yaqiniga borib asabiy holatda ularni chaqirib, devorni mushtlay boshladim. Devor ortidan qandaydir ovozlar eshitilayotgan edi. Shu daqiqada qo`shni xona suv quygandek jimib qoldi. Shu orada ayolim derazani ochib, o`zimni pastga tashlayman, deb restoran tomida yurib ketdi. Men vaqtni boy bermay tomga chiqib Gulchehrani mahkam ushlab oldim. U qo`limdan chiqishga harakat qildi. Men uni qattiq ushlab turganim uchun qo`limdan osonlikcha chiqa olmasligini bilib, yig`lab tomga o`tirib oldi. Men ana shundagina uni qo`yib yubordim. O`sha tobda nima degani, men nima deb javob qaytarganim esimda qolmadi. Anig`i shuki, uni bir oz tinchlantirib xonaga olib tushdim.

O`sha kunlardan salkam qirq yil o`tib ketdi. Biz Gulchehra bilan uzog`i bir haftadayoq yaxshi bo`lib ketdik.

2010 yilda  muhtaram Prezidentimizning «san`atkorlarimizning endigi kundagi asosiy vazifasi – sahnada davrimiz qahramonlari obrazini yaratish», degan da`vatlariga javoban men ham hayotda bo`lib o`tgan voqealar asosida pesa yozdim. Asar matnini qayta ishlab, bir qancha yaqinlarimga berib, o`qitib ko`rdim. Pesa hatto bir qancha mutaxassislarga ham manzur bo`ldi.

Oxir-oqibat mening «Farishta» asarim «Angel» nomi bilan Farg`ona viloyat rus drama teatrida sahnalashtiriladigan bo`ldi. Teatr rahbariyati bu asarga o`zim rejissyorlik qilishimni iltimos qilishdi. Men Farg`onaga boradigan bo`ldim. Vodiyga ketishimdan oldin asli buxorolik, hozirgi kunda Toshkentda istiqomat qilayotgan muxlisim va do`stim Ramazon:

– Ancha muddatga ketayotgan ekansiz. Kechroq Gulchehra opani olib Salamatinadagi restoranga kelsangiz, bir suhbatlashib dam olardik, – dedi.

Biz kechga yaqin aytgan joyiga etib bordik. Uch soatdan ko`proq vaqt suhbatlashdik. Suhbat orasida Farg`onaga borishimni, u erdagi Rus drama teatrida o`zimning qalamimga mansub asarni sahnalashtirishimni aytdim. Bu yangilikdan xursand bo`lgan Ramazon:

– Haligi Rossiya xalq artisti Aleksandr Abdulov ishlagan teatrmi? – deb so`radi.

– Ha, uning otasi o`sha teatrda umrining oxirigacha ishlagan ekan, – dedim.

Shundan so`ng Gulchehra kulib:

– Men ham siz bilan boraman, – dedi. – Hech bo`lmasa ovqatingizdan xabar olib turaman.

Men bir oz o`ylanib:

– Teatr menga hali qanaqangi mehmonxonadan joy qilib berishini bilmayman. U teatrning mablag` masalasi sal-pal yaxshi emas ekan. Hali meni o`zimga durustroq joy qilib berishi ham amri mahol. Mehmonxonadagi joylar qimmat. Qolaversa, men u erga o`yin-kulgi uchun emas, ishlagani ketyapman. Bir o`zim bo`lsam, har qanday shart-sharoit bo`lsa ham chidayman, lekin senga yaxshiroq joy bo`lmasa, chiday olmaysan, – deya e`tiroz bildirdim.

Shunda Gulchehrani rangi oqarib:

– Meni Farg`onaga borishimni xohlamas ekanlar-da, – dedi asabiy holatda.

Bir oz jimlikdan so`ng dasturxonga duo o`qib, o`rnimizdan turdik. Mezbonlar bizni mashinagacha kuzatib qo`yishdi. Biz yo`lga tushdik. Ikkimiz ham anchagacha hech narsa demay sukutda bordik. Soat kechasi 11lardan oshgan bo`lsa-da, ko`chada mashinalar juda ko`p edi. Men yoshim o`tib borayotganligi uchun kechalari mashinani katta ko`chalarda boshqarishga ancha qiynaladigan bo`lib qolyapman. Shunday bo`lsa-da, ulovni o`rta tezlikda, ehtiyotkorona bosh­qarib borayotgan edim. Sukunatni Gulchehra buzdi. U asabiy holatda, ammo bosiqlik bilan:

– Anavi bundan chamasi o`ttiz-o`ttiz besh yil avval gastroldaligimizda katta tog`orada manti qilib kelib, hammani siylagan raqqosa ayol hali ham teatrda ishlayotganmikan?

Men avvaliga u kim haqida gapirayotganini eslolmadim.

– Qaysi raqqosa haqida gapiryapsan?

U bosiqlik bilan:

– Haligi o`g`li sizga o`xshaydigan Farg`ona teatrida raqqosa bo`lib ishlaydigan aktrisa bor edi-ku, – dedi.

Shu gaplardan so`ng Marg`ilon istirohat bog`idagi voqea esimga tushdi. O`zimni bosib:

– Men qaerdan bilay. O`sha voqeadan keyin u ayolni ham, o`g`lini ham ko`rganim yo`q, – dedim-da, muzlay boshladim.

Oradan shuncha yil o`tgandan keyin ham o`sha aktyorning qilgan xurmacha qilig`i Gulchehraning esidan chiqmabdi-da. O`zimni biroz bosib, Gulchehraning gaplarini eshitmaslikka harakat qildim. Bir necha kundan keyin hayotimiz yana o`z yo`liga tushib ketdi. Axir xalqimizda «Er-xotin urishi – doka ro`mol qurishi», degan gap bor-ku. Shunday bo`lsa-da, ayolim bu voqeaga qaytib qolishini bilaman. Negadir ba`zi bir insonlar hayotida juda ko`p yaxshi damlar bo`lsa-da, ularning xotirasida faqat yomon narsalar muhrlanib qoladi. Men har bir muxlisimni, har bir kitobxonni «O`t balosi, suv balosi, ayniqsa, tuhmat balosidan O`zi asrasin», deya duo qilaman. Yaratgan Egam yaxshilik degan dasturxonidan hech birimizni berizq qoldirmasin".

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1