1

Ibrat manzili:Mashinadagi surat

Mutolaa 01.02.2016, 22:00
Ibrat manzili:Mashinadagi surat

Bir joyga yig`ilishga juda shoshib ketayotgandim. Yo`l yuzida qo`l ko`tardim. Oppoq “Lasetti” to`xtadi. Pulini kelishmasdan xam o`tirib oldim. Yo`lda ketarkanmiz, fikru-xayolim majlisga kechikmaslik. Biroz yurgach radiodan eshitilayotgan sokin musiqa tinchlantira boshladi. Nasib qilgan vaqtda etib boraman-da!

Mashina ichiga razm sola boshladim. Did bilan bezatilganidan ko`rinib turibdiki,  haydovchi yigit mashinasiga  qattiq e`tibor beradi. Ko`zim old oynaning burchagiga biriktirilgan suratga tushdi. Oppoq ro`moldagi yuzlari nurli onaxon surati edi.

— Onangizmi? — so`radim qiziqishimni yashirolmay.

— Ha — dedi yigit yo`ldan ko`zini uzmasdan.

— Uzr-ku, onangiz hayotmilar?

— Xudoga shukr, — yigit negadir ko`zini yo`ldan uzib, menga tezgina  qarab oldi. — Nega so`rayapsiz?

— O`zim, shunchaki…

Biroz sukunatdan keyin yigitning o`zi gap boshladi:

— Bilasizmi, ko`pchilik qiziqadi nega bu  suratni yopishtirding deb. Buning ikki sababi bor. Biri — katta tezlikni yaxshi ko`raman. Mashina kam yo`lga tushib qolsam oyog`im beixtiyor gazni qattiqroq bosadi. Onamning suratlariga ko`zim tushgach, o`z-o`zidan tezlikni kamaytiraman. Bitta o`g`ilman, menga bir narsa bo`lsa onam g`amni ko`tara olmaydi deb qo`rqaman…

Uning gaplarida jon bor edi.

— To`g`ri,  dedim-u o`ylanib qoldim:  barcha tez yuradiganlar shunday qilsa bo`larkan.

Haydovchi yani sukutga tolgancha yo`lida davom etardi.

— Kechirasiz uka, ikkinchi sababini aytmadingiz? — deb so`radim.

— Ikkinchisi va asosiysi — onam doim ko`z oldimda. Ko`chadagi ishlar, tashvishlardan siqilib ketsam ularning yuzlarini ko`rib barchasini orqaga tashlayman. Onam suratini kuni bilan ko`rsam xam qattiq sog`inaman baribir. Uyga shoshilaman. Peshonamdan o`pib, kutib olishlarini tasavvur qilsam, ishlarimni yanayam tezroq bitirishga urinaman.

— Sog`insangiz,  tez-tez telefon ham qilib turasizmi?

— Albatta. Ikki soatdan ortiq ovozlarini eshitmasam o`zimni qo`yarga joy topolmayman.

— Yaxshi…

Ichimda esa “Maqtanchoq ekanmi, go`yoki boshqalar onasini yaxshi ko`rmaydigandek” degan o`y o`tdi.

Lekin beixtiyor uni o`zim bilan solishtirishga tushdim. Onamning rasmlari

yo`q yonimda. Telefonimda yoki papkalar ichida chang bosib yotganini aytmaganda. Uyga xam bu yigitdek shoshmayman. Telefonda esa…

Shu payt unga qo`ng`iroq bo`ldi. Mendan uzr so`rab mashinani chetga oldi. Uzoq gaplashgani yo`q, lekin shu qisqa vaqt ichida “Onajon”, “Labbay”, “Xo`p bo`ladi” kabi so`zlarni ishlatar, juda xushmuomala bo`lib gapirardi.

Unga razm sola boshladim. Telefonda gaplashyaptiku har safar “Xo`p bo`ladi” deganda egilib ketay deyapti, go`yoki onasi qarshisida turgandek. Ko`zlarida esa so`z bilan ta`riflash mushkul darajadagi  quvonchni ko`rsa bo`lardi. Xuddi yosh bolakayning  onasiga talpingandagi quvonchiga o`xshaydi. Farqi shunda ediki yonimda yosh bola emas, kap-katta yigit o`tirar edi.

U bolalikdagi o`sha mehrni saqlab qolgan edi. Unga havasim kelardi. Agar bu yigitni onamlar ko`rganlarida edi uning onasiga ularning xam havaslari kelishi aniq edi. Yoki mendan qattiq o`ksinarmidilar shu yigitchalik e`tiborli bo`lmaganim uchun?

 Negadir ichimdan bir achchiq narsa toshib kela boshladi. Ovozim bo`g`ilib, hiqildog`imga kelib taqaldi. Manzilga qanday etib borganimni bilmayman. Majlisga xam ignaning  ustida o`tirgandek bo`ldim. Tushlik payti esa uyga shoshdim, qo`limda onam sevgan gullardan tuzilgan  guldasta.

Uyga yaqinlashganim sayin kayfiyatim ko`tarila boshladi. Men juda xursand edim, onamni esa qanchalik sevinishlarini o`ylab yuzimda tabassum bilan eshik qo`ng`irog`ini chaldim.

— Assalomu alaykum onajon.

— Vaaleykum assalom. Tinchlikmi, bu paytda kelmasding-ku? — xavotir olib so`radilar.

Orqamda yashirib turgan guldastani uzatdim:

— Sizni juda sog`inib ketdim..!!!

 

Bahrom Muhammad

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1